Farg‘ona viloyatida joriy yilda uy mehnatiga asoslangan 3000 yangi ish o‘rni tashkil etildi

28/04/2008 - 07:35 3668

Davlatimiz rahbari Islom Karimovning 2006 yil 5 yanvarda qabul qilingan “Yirik sanoat korxonalari bilan kasanachilikni rivojlantirish asosidagi ishlab chiqarish va xizmatlar o‘rtasida kooperatsiyani kengaytirishni rag‘batlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni asosida Farg‘ona viloyatida ham sezilarli ishlar amalga oshirilmoqda.

Joriy yilning o‘tgan davrida uy mehnatiga asoslangan 3000 ga yaqin yangi ish o‘rni tashkil etildi. Bu esa korxonalarga hamda kasanachilarga birdek foyda keltirmoqda.

Bag‘dod tumanida ham bu boradagi ishlar yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Shu kunga qadar 300 kishi uy mehnati asosida ishli bo‘ldi. “Bag‘doddonmahsulotlari”, “Bag‘dodpaxtatozalash” aksiyadorlik jamiyatlari, shuningdek, 20 dan ortiq tadbirkorlik va kichik biznes subyektlarida kasanachilar bilan shartnomalar tuzilib, buyurtmalar bo‘yicha turli mahsulotlar tayyorlanmoqda.

“Nazokat nafis” xususiy korxonasi ana shulardan biri. Bu yerda o‘tgan yili 60 nafar kasanachi ishga qabul qilingan edi. Joriy yilda ham 25 xotin-qiz shu asosda ish bilan ta’minlandi. Ular kashtachilik bilan shug‘ullanmoqda. Kasanachilar tayyorlagan mahsulotlar esa asosan xorijiy mamlakatlarga eksport qilinayotir. Korxona tomonidan kasanachilarning manfaatlarini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.

– Kasanachilar 20 turdan ortiq mahsulot ishlab chiqarmoqda, – deydi tuman Bandlikka ko‘maklashish markazi direktori Yo‘lchi Boyyigitov. – Bu ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatishning turli tarmoqlari rivojiga ijobiy ta’sir ko‘rsatayotir.

Manba: www.uza.uz