Muddati o‘tgan mahsulotlarning yo‘li to‘sildi

25/04/2008 - 07:32 2457

Davlatimiz rahbari Islom Karimov tomonidan joriy yil 9 aprelda imzolangan “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun asosida joriy etilgan yangi me’yorlar muddati o‘tgan mahsulotlarning yo‘lini to‘sish uchun mustahkam zamin yaratdi.

Mazkur qonun tovarlarni ishlab chiqarilgan sanasi, yaroqlilik muddati va saqlash sharoiti ko‘rsatilmagan holda ishlab chiqarish va sotish hollarini keskin kamaytirishga, ishlab chiqaruvchilarning (ijrochilarning, sotuvchilarning) realizatsiya qilinayotgan tovarlar (ishlar, xizmatlar) sifati uchun javobgarligini yanada oshirishga, shuningdek, ko‘rsatilmagan xizmatlar uchun iste’molchilardan asossiz ravishda haq undirilishiga yo‘l qo‘ymaslikka xizmat qiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyadan chiqarish, raqobat va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash davlat qo‘mitasida mazkur qonunning ijrosini ta’minlash masalalariga bag‘ishlab o‘tkazilgan seminarda shu haqda gap bordi.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, Davlat soliq qo‘mitasi, O‘zbekiston Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi, Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha idoralararo kengash a’zolari, “O‘zbekenergo”, “O‘ztransgaz”, “Suvsoz” korxonalari, mobil aloqasi kompaniyalari kabi tashkilotlar mutaxassislari ishtirok etgan tadbirda qabul qilingan yangi qonun iste’molchilar huquqlarini yanada samarali himoya qilish sari keng yo‘l ochib, mahsulot va xizmatlarning belgilangan me’yorlar va sifatga mos bo‘lishini ta’minlashga xizmat qilishi alohida ta’kidlandi.

Zero, ko‘p hollarda tayyorlovchilar tovarlarning yaroqlilik muddatini (ya’ni “yaroqlilik muddati falon oy” deb) ko‘rsatgani holda uning qachon ishlab chiqarilganini qayd etmaydilar. Bunday tovarlarni sotish uchun qabul qilgan va sotgan shaxslar uchun javobgarlikning belgilanmagani ayrim hollarda peshtaxtalarda iste’molga yaroqsiz mahsulot paydo bo‘lishiga sabab bo‘layotgan edi.

Endi nomi qayd etilgan qonun asosida sotuvchilarga ishlab chiqarilgan sanasi ko‘rsatilmagan tovarlarni sotish uchun qabul qilish va realizatsiya qilish man etiladi. Bunday qonunbuzarlikka yo‘l qo‘yganlarga javobgarlik belgilandi. Bu iste’molchilarga tovarning yaroqlilik muddati haqida ma’lumotni to‘liq olishida yordam beradi va muddati o‘tgan mahsulotlar sotilishiga butunlay chek qo‘yadi. Shuningdek, mazkur qonun asosida ko‘rsatilmagan xizmatlar uchun haq olishni taqiqlovchi norma ham kiritilgani xizmat ko‘rsatuvchilarni avvvalo sifatli xizmat ko‘rsatishga undaydi.

Seminarda yangi qonun ijrosini ta’minlash borasida amalga oshiriladigan ishlar, jumladan, uning mazmun-mohiyatini keng targ‘ib qilish va tushuntirishga oid vazifalar belgilab olindi.

Manba: www.uza.uz