Toshkent aviasozlik zavodi tashkil etgan yarmarka ochildi

24/04/2008 - 07:31 2353

Toshkentda “V.P.Chkalov nomidagi Toshkent aviatsiya ishlab chiqarish birlashmasi” davlat aksionerlik jamiyati tomonidan tashkil etilgan yarmarka ochildi. Yarmarkada mazkur birlashma tomonidan ishlab chiqarilgan turli mahsulotlar – samolyotlar ehtiyot qismlari va xalq iste’moli buyumlari namoyish etilmoqda.

“Aviasozlar” madaniyat saroyida o‘tkazilayotgan yarmarkaga tashrif buyurganlar zamonaviy metallar va qotishmalardan tayyorlangan keng turdagi buyumlar, asboblar, kompozitsiya materiallari bilan qoplangan planyor panellari, sohani mahalliylashtirish doirasida ishlab chiqarilayotgan samolyot ehtiyot qismlari bilan tanishishi mumkin. Birlashmada shuningdek, yengil avtomobillar uchun ham ehtiyot va butlovchi qismlar ishlab chiqarilmoqda.

Bu yerda namoyish etilayotgan xalq iste’mol tovarlari ham ko‘rgazmaga tashrif buyurganlarda katta qiziqish uyg‘otmoqda. Stendlarda bolalar aravachalari, bolalar uchun konstruktorlar, idishlar, sport va tibbiyot asbob-uskunalarini ko‘rish mumkin.

Yarmarka mamlakatimiz ishlab chiqaruvchilariga o‘z mahsulotlari uchun yangi xaridorlar topish, sheriklar bilan o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash imkonini beradi. Ayni chog‘da iste’molchilarga o‘zimizda ishlab chiqarilgan mahsulotlar sifat jihatidan jahon standartlariga javob bera olishini namoyish etishga xizmat qiladi.

Manba: www.uza.uz