O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qaroriga sharh

22/04/2008 - 07:30 2978

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2008 yil 21 aprelda qabul qilingan “Shaxsiy yordamchi, dehqon va fermer xo‘jaliklarida chorva mollar ko‘paytirishni rag‘batlantirishni kuchaytirish hamda chorvachilik mahsulotlari ishlab chiqarishni kengaytirish borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-842- qaroriga sharh.

O‘zbekistonda shaxsiy yordamchi, dehqon va fermer xo‘jaliklarini aholi, ayniqsa qishloq aholisi bandligining o‘sishi, uning daromadi va umuman turmush darajasini oshirish, ichki bozorni hayotiy muhim oziq-ovqat mahsulotlari – go‘sht, sut, meva-sabzavot, kartoshka va boshqa mahsulotlar bilan barqaror to‘ldirishning muhim omili sifatida rivojlantirishga katta e’tibor qaratilmoqda.

Bu masalada ushbu xo‘jaliklarda qoramollar sonini ko‘paytirishni rag‘batlantirishga alohida ahamiyat berilmoqda. Qonunchilikda shaxsiy yordamchi va dehqon xo‘jaliklarida qoramol parvarishlash bilan band shaxslar ish bilan band aholi toifasiga kiritilishi, ularga mehnat daftarchasi berilishi va ish staji hisobga olinishi, ular pensiya yoshiga yetganda pensiya olish huquqiga ega bo‘lishi belgilangan.

2006 yilning martida qabul qilingan shaxsiy yordamchi, dehqon va fermer xo‘jaliklarida chorva mollari sonini ko‘paytirishni rag‘batlantirish dasturining amalga oshirilishi bugun o‘zining sezilarli natijalarini bermoqda.

Masalan, 2006 yildan to hozirgacha bo‘lgan davrda respublikada qoramollar soni bir million boshdan ko‘proqqa oshdi va qariyb 7,4 milliondan tashkil etadi. Shuning 6,9 millondan ortig‘i shaxsiy yordamchi va dehqon xo‘jaliklari ulushiga to‘g‘ri keladi.

Chorva mollarini sotib olish uchun tijorat banklari hamda Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi huzuridagi Bandlikka ko‘maklashish jamg‘armasi tomonidan keyingi ikki yilda va joriy yilning birinchi choragida 108 mingta oilaga 93 milliard so‘m imtiyozli kredit ajratildi.

Bu borada kam ta’minlangan oilalarni bepul sigir berish yo‘li bilan qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. 2006 yildan to hozirgi paytgacha bunday oilalarga 91 ming boshdan ortiq qoramol tarqatildi.

Chorvachilik sohasiga xizmat ko‘rsatadigan infratuzilma tarmoqlari ham jadal rivojlanmoqda. Misol uchun, 2006 yildan buyon respublikada qo‘shimcha ravishda 417 ta zooveterinariya punktlari tashkil etildi, bugungi kunda ularning soni qariyb 2,2 mingtaga yetdi. Mollarni sun’iy urchitish bo‘yicha 429 ta punkt ochilib, ularning soni taxminan mingtaga yetkazildi. Asosan qishloq joylarda omuxta yem, shrot va sheluxa sotish bo‘yicha 700 dan ortiq ixtisoslashtirilgan punkt ishlab turibdi. Ularning soni bugun 1150 tadan ortdi.

Aholi va fermer xo‘jaliklarida chorva mollar sonini ko‘paytirishga doir chora-tadbirlarning avvalo, qishloq aholisi uchun katta iqtisodiy, ayniqsa ijtimoiy ahamiyatini nazarda tutgan holda, 2008 yil 21 aprelda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Shaxsiy yordamchi, dehqon va fermer xo‘jaliklarida chorva mollar ko‘paytirishni rag‘batlantirishni kuchaytirish hamda chorvachilik mahsulotlari ishlab chiqarishni kengaytirish borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-842-qarori qabul qilindi.

Mazkur qaror, avvalambor, shaxsiy yordamchi, dehqon va fermer xo‘jaliklarida chorva mollarni yanada ko‘paytirishni rag‘batlantirishga, shu asosda qishloq aholisining bandlik darajasi va daromadlarini oshirishga, go‘sht-sut mahsulotlari ishlab chiqarishning o‘sishini hamda ichki iste’mol bozorining to‘ldirilishini ta’minlashga qaratilgan.

Ushbu maqsadga erishish uchun shaxsiy yordamchi, dehqon va fermer xo‘jaliklarida chorva mollarni ko‘paytirish hamda chorvachilik mahsulotlari ishlab chiqarish uchun naslchilik ishini takomillashtirish, omuxta yem ishlab chiqarishni rivojlantirish, veterinariya xizmatlari ko‘rsatishni yaxshilash va boshqalar bo‘yicha aniq chora-tadbirlarni ko‘zda tutuvchi qulay shart-sharoitlar yaratishga oid kompleks chora-tadbirlar ishlab chiqildi va tasdiqlandi.

Naslchilik ishini tubdan yaxshilash sohasida Respublika “O‘znaslchilik” korxonasining ishlab chiqarish quvvatlarini modernizatsiya qilish, servis punktlari keng tarmoqlarini tashkil etish yo‘li bilan chorva mollarni sun’iy urchitish bo‘yicha o‘z bazasini yaratish, urchituvchi texniklar va veterinar mutaxassislarni tayyorlash hamda malakasini oshirish bo‘yicha muntazam kurslar tashkil etish ko‘zda tutilgan.

Ozuqa bazasini yanada mustahkamlash, chorva mollarni parvarishlash bilan shug‘ullanadigan aholi va fermerlarning yuqori mahsuldor ozuqa – omuxta yem, shrot va sheluxadan keng foydalanishini ta’minlash – chorvachilikni barqaror va jadal rivojlantirish borasida muhim ahamiyat kasb etadi.

Buning uchun 2007 yilda ozuqa ekinlari uchun mo‘ljallangan 290 ming gektar maydonni 2010 yilda 330 ming gektargacha kengaytirish ko‘zda tutilmoqda. Bunda chorvachilikka ixtisoslashtirilgan fermer va boshqa xo‘jaliklarga, shuningdek, parrandachilik korxonalariga ajratilgan sug‘oriladigan yerlar faqat yem-xashak ekinlari uchun mo‘ljallangan bo‘lib, ulardan davlat ehtiyojlari uchun paxta hamda donli ekinlar ekishda foydalanilmaydi. Omuxta yem ishlab chiqarish hajmini 2007 yildagi 600 ming tonnadan 2010 yilda 900 ming tonnagacha ko‘paytirish yoki 1,5 baravarga oshirish nazarda tutilgan.

Bugungi kunda qoramollarning 94 foizidan ortig‘i shaxsiy yordamchi va dehqon xo‘jaliklari egalari tasarrufida ekanini hisobga olsak, ularni sifatli ozuqa bilan ishonchli ta’minlash nechog‘li muhim ahamiyatga ega ekani yanada oydinlashadi.

Shu maqsadda ozuqa sotish bo‘yicha mavjud ixtisoslashtirilgan punktlar tarmog‘ini, bunda ularning viloyatlar, tumanlar va aholi punktlari bo‘yicha oqilona joylashtirilishini sinchiklab inventarizatsiyadan o‘tkazish va buning natijasida ushbu punktlar tarmog‘ini sezilarli darajada kengaytirish, yem-xashak iste’molchilari – fermerlar, shaxsiy yordamchi va dehqon xo‘jaliklari egalarining ulardan keng foydalanishini ta’minlash bo‘yicha aniq choralar ko‘rish topshirildi. Bunda omuxta yem, shrot, sheluxa, kepak va boshqa ozuqa turlarini xarid qilish mumkin bo‘lgan ozuqa sotish bo‘yicha yagona ixtisoslashtirilgan punktlarni tashkil etish nazarda tutilgan.

Ushbu punktlarni zarur ozuqa resurslari bilan ta’minlash uchun ularning negizida tuman va viloyat birlashmalari tashkil etish ko‘zda tutilgan. Ular zimmasiga O‘zbekiston Respublika tovar-xomashyo birjasida ochiq birja savdolari orqali ozuqa sotib olish, ularning yetkazib berilishi, fermerlar va aholiga sotilishi yuzasidan mas’uliyat yuklandi. Viloyat va tumanlar hokimliklari, “O‘zdonmahsulot” aksiyadorlik kompaniyasi, Yog‘-moy va oziq-ovqat sanoati uyushmasi rahbarlari ozuqa sotish bo‘yicha yagona ixtisoslashtirilgan punktlarni tashkil etish va ularning faoliyati uchun bevosita javobgardirlar.

Shu munosabat bilan chigitni qayta ishlashdan olinadigan shrot va sheluxa kabi g‘oyat muhim ozuqani sotish tartibi tubdan o‘zgarmoqda. Qarorga muvofiq shrot va sheluxa resurslari faqat O‘zbekiston Respublika tovar-xomashyo birjasida ochiq birja savdolari orqali ichki bozor va eksportga sotiladi.

Bunday tartibni joriy etish natijasida eski, o‘zini oqlamagan taqsimlash tizimiga to‘la barham beriladi, haqiqiy bozor mexanizmlari va tamoyillariga o‘tish ta’minlanadi. Bu, o‘z navbatida:

birinchidan, barcha iste’molchilarning muhim ozuqa resurslaridan keng ravishda, tenglik asosida, ochiq va oshkora foydalanishini ta’minlash;

ikkinchidan, ozuqa uchun narx belgilashning ularni sotishda insofsizlik va suiiste’mol qilishni, narxlarni sun’iy oshirishni istisno qiluvchi bozor mexanizmini joriy etish;

uchinchidan, ozuqa ishlab chiqarish, yetkazib berish va sotishda ishtirok etadigan bo‘g‘inlar sonini qisqartirish hisobidan jami sarf-xarajatlarni kamaytirish, binobarin, ozuqa narxlarini asossiz va chayqovchilik maqsadida oshirishga yo‘l qo‘ymaslik;

to‘rtinchidan, ozuqa ishlab chiqarish va sotish tizimida ko‘p yillar mobaynida shakllangan poraxo‘rlik aloqalari, firibgarlik, qo‘shib yozish, o‘g‘irlik kabi illatlarni tugatish imkonini beradi.

Veterinariya xizmatlari ko‘rsatish tizimini yanada yaxshilash, veterinariya laboratoriyalari va zooveterinariya punktlarini zamonaviy uskunalar hamda inventarlar bilan jihozlash, ularni malakali mutaxassislar bilan to‘ldirishga doir belgilangan chora-tadbirlar muhim ahamiyatga egadir.

Shaxsiy yordamchi, dehqon va fermer xo‘jaliklariga zooveterinariya xizmatlari ko‘rsatish sohasida xususiy tadbirkorlikni jadal rivojlantirish maqsadida Davlat Bosh veterinariya boshqarmasi zooveterinariya punktlarini davlat tasarrufidan chiqarish hamda xususiylashtirish ko‘zda tutilgan, ushbu faoliyat turi bilan shug‘ullanish uchun ruxsat olish (litsenziyalar) tartibini soddalashtirish to‘g‘risida qaror qabul qilindi, xususiy veterinariya punktlari 2012 yilning 1 yanvarigacha ularni ro‘yxatga olishda davlat bojini to‘lashdan ozod etildi.

Shubhasiz, qarorda ko‘zda tutilgan keng ko‘lamli soliq imtiyozlari va preferensiyalar, shuningdek, aholi va fermerlarning chorva mollari sotib olish uchun kreditlardan foydalanishini kengaytirish ham chorvachilikni jadal rivojlantirishga yordam beradi.

Shaxsiy yordamchi va dehqon xo‘jaligini yuritayotgan aholining mahsuldor mollar sotib olishi uchun tijorat banklari va Aholi bandligiga ko‘maklashish jamg‘armasi tomonidan mikrokreditlar ajratilishini kengaytirish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Ushbu maqsadlar uchun 2008-2010 yillarda 120,7 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ yo‘naltirish ko‘zda tutilgan. Bu o‘tgan yillarga qaraganda 30 foizga ko‘pdir.

Qabul qilingan chora-tadbirlarni amalga oshirish 2010 yilda shaxsiy yordamchi va dehqon xo‘jaliklarida qoramollar sonini 8,6 million boshga yetkazish yoki 1,7 milliontaga oshirish, chorvachilik mahsulotlari yetishtirish bilan band bo‘lganlar sonini sezilarli darajada ko‘paytirish, ularning moddiy farovonligini yanada yuksaltirish imkonini beradi.

Manba: www.uza.uz