“Shaxsiy yordamchi, dehqon va fermer xo‘jaliklarida chorva mollar ko‘paytirishni rag‘batlantirishni kuchaytirish hamda chorvachilik mahsulotlari ishlab chiqarishni kengaytirish borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”

22/04/2008 - 06:29 4587

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Qarori.

Shaxsiy yordamchi, dehqon va fermer xo‘jaliklarida chorva mollarni yanada ko‘paytirish, shu asosda qishloq aholisining bandligi va daromadlarini, go‘sht-sut mahsulotlari ishlab chiqarishning o‘sishini oshirish hamda ichki iste’mol bozorining to‘ldirilishini ta’minlash maqsadida:

1. O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi tomonidan O‘zbekiston Fermer xo‘jaliklari uyushmasi hamda boshqa manfaatdor tuzilmalar bilan birgalikda ishlab chiqilgan:

shaxsiy yordamchi, dehqon va fermer xo‘jaliklarida chorva mollarni ko‘paytirish va chorvachilik mahsulotlari ishlab chiqarish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar 1-ilovaga muvofiq;

2008-2010 yillardagi davrda shaxsiy yordamchi va dehqon xo‘jaliklarida qoramollar soni ko‘payishining maqsadli parametrlari 2-ilovaga muvofiq;

2008-2010 yillarda sug‘oriladigan yerlarda yem-xashak ekinlari maydonlarining hisoblab chiqilgan prognozi 3-ilovaga muvofiq ma’qullansin.

Qishloq va suv xo‘jaligi vaziri, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va tumanlar hokimlari zimmalariga mazkur qaror bilan tasdiqlangan tadbirlarni o‘z vaqtida va sifatli ijro etish yuzasidan shaxsiy javobgarlik yuklansin.

2. Quyidagilar:

O‘zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi, tijorat banklarining 4-ilovaga muvofiq shaxsiy yordamchi va dehqon xo‘jaliklariga qoramol sotib olish uchun mikrokreditlar ajratishni kengaytirish to‘g‘risidagi taklifiga;

O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligining Respublika “O‘znaslchilik” korxonasining ishlab chiqarish quvvatlarini modernizatsiya qilish, servis punktlari tarmoqlarini tashkil etish yo‘li bilan chorva mollarni sun’iy urchitish bo‘yicha o‘z bazasini yaratish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.

3. Belgilansinki, chorvachilikka ixtisoslashtirilgan fermer va boshqa xo‘jaliklarga, shuningdek, parrandachilik korxonalariga ajratilgan sug‘orma yerlar faqatgina yem-xashak ekinlari ekish uchun mo‘ljallangan va davlat ehtiyojlari uchun paxta hamda donli ekinlar ekishda foydalanilmaydi.

“O‘zqishloqmashlizing” kompaniyasi mahalliy korxonalar – “Agregat zavodi” OAJ va “Urganchemmash” AJ tomonidan ishlab chiqarilayotgan yem-xashakni yig‘ishtirib oladigan texnikani qishloq xo‘jalik tovar ishlab chiqaruvchilariga lizing asosida berilishini tashkil etsin.

“O‘zdonmahsulot” AK 5-ilovadagi prognoz hajmlariga muvofiq fermer xo‘jaliklari ixtiyorida qolayotgan, chorvachilik uchun to‘laqonli omuxta yem ishlab chiqarishning oshirilishini ta’minlaydigan omuxta yem sanoatini modernizatsiya qilish va qo‘shimcha don resurslari xarid qilishni tashkil etishning aniq chora-tadbirlari amalga oshirilishini ta’minlasin.

4. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Chigit yetkazib berish mexanizmini hamda o‘simlik yog‘i va yog‘-moy mahsulotlari sotishni tartibga solish to‘g‘risida” 2006 yil 31 maydagi PQ-360-sonli qarori 3 va 4-bandlari, shuningdek, mazkur qarorning 2-ilovasi o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.

2008 yilning hosilidan boshlab shunday tartib o‘rnatilsinki, bunda chigitni qayta ishlashdan olinadigan shrot va sheluxa O‘zbekiston Respublikasi tovar-xomashyo birjasi orqali to‘la-to‘kis ichki bozor hamda eksportga sotilishi kerak.

Yem, shu bilan birga shrot va sheluxaning eksportga sotilishi erkin ayirboshlanadigan valutada amalga oshiriladi.

5. Vazirlar Mahkamasining Qishloq va suv xo‘jaligi, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash hamda iste’mol tovarlari kompleksi (Sh.M.Mirziyoyev):

bir oy muddatda yem-xashak, jumladan, shrot va sheluxa sotishga ixtisoslashtirilgan punktlar tarmog‘ini inventarizatsiyadan o‘tkazsin, bunda ularning viloyatlar, tumanlar va aholi punktlari bo‘yicha oqilona joylashtirilishini, yem-xashak iste’molchilari – fermerlar, shaxsiy yordamchi va dehqon xo‘jaliklari egalarining ulardan keng foydalanishi ta’minlanishini nazarda tutsin;

inventarizatsiya natijalariga ko‘ra, viloyat va tumanlar doirasida yem-xashak, shu jumladan omuxta yem, shrot va sheluxa sotish bo‘yicha ixtisoslashtirilgan yagona punktlar tarmog‘ini kengaytirish va oqilona joylashtirish chora-tadbirlarini ishlab chiqsin.

Mazkur ixtisoslashtirilgan yagona punktlar negizida tuman va viloyat birlashmalari tashkil etilsin. Ushbu birlashmalar zimmasiga O‘zbekiston Respublika tovar-xomashyo birjasi ochiq birja savdolari orqali yem-xashak, jumladan, omuxta yem, shrot, sheluxa va boshqalar xarid qilinishi, ularning yetkazib berilishi hamda fermerlar va aholiga sotilishi yuzasidan javobgarlik yuklansin.

Yuqorida ko‘rsatilgan chora-tadbirlarni bajarish yuzasidan mas’uliyat Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va tuman hokimliklari, “O‘zdonmahsulot” AK va Yog‘-moy hamda oziq-ovqat sanoati uyushmasi rahbarlari zimmasiga yuklatilsin.

2008 yilning I yarim yilligi yakunlari bo‘yicha ushbu ishlar natijalari Vazirlar Mahkamasining majlisida muhokama qilinsin.

6. O‘zbekiston Respublikasi Davlat mulki qo‘mitasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda Davlat Bosh veterinariya boshqarmasi zooveterinariya punktlarini, kamida 10 yil mobaynida ularning faoliyat yo‘nalishini o‘zgartirmaslik sharti bilan, shaxsiy yordamchi, dehqon va fermer xo‘jaliklariga zooveterinariya xizmatlari ko‘rsatish sohasida xususiy tadbirkorlikni jadal rivojlantirish uchun davlat tasarrufidan chiqarish hamda xususiylashtirish bo‘yicha takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

7. “Paxta-bank” ATB va boshqa tijorat banklariga imtiyozli kreditlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan kredit berish yo‘li bilan zooveterinariya xizmati ko‘rsatish hamda mollarni sun’iy urchitish korxonalariga zarur zootexnik va laboratoriya jihozlari hamda transport vositalarini sotib olishda ustuvor tartibda ko‘maklashish tavsiya etilsin.

“O‘zqishloqmashlizing” kompaniyasi zooveterinariya xizmati ko‘rsatish korxonalari uchun zootexnik va laboratoriya jihozlari lizing asosida yetkazib berilishini ta’minlasin.

8. Quyidagilar 2012 yilning 1 yanvarigacha bo‘lgan davrda, istisno tariqasida:

naslchilik ishi korxonalari va Respublika “O‘znaslchilik” korxonasi asosiy faoliyat turi bo‘yicha barcha soliqlar va davlatning maqsadli jamg‘armalari hamda Maktab ta’limi jamg‘armasiga majburiy ajratmalar to‘lashdan;

naslchilik chorvachilik xo‘jaliklari, naslchilik ishi korxonalari, parrandachilik korxonalari va omuxta yem ishlab chiqaruvchi korxonalar, shuningdek, “O‘zzoovetta’minotxizmat” birlashmasi olib kelinadigan naslchilik materiali, zooveterinariya xizmati ko‘rsatishni rivojlantirish uchun texnologiya va yordamchi uskunalar, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan ro‘yxat bo‘yicha omuxta yem ishlab chiqarish komponentlari bojxona to‘lovlaridan (bojxona rasmiylashtiruvi yig‘imlaridan tashqari);

zooveterinariya punktlari – korxonani ro‘yxatga olishda va veterinariya faoliyatini amalga oshirish huquqiga litsenziya berishda davlat boji to‘lashdan;

fermer xo‘jaliklari va chorvachilik fermalari – chorvachilik mahsulotlarini, jumladan, uning qayta ishlangan mahsulotini sotish tushumidan davlatning maqsadli jamg‘armalari hamda Maktab ta’limi jamg‘armasiga majburiy ajratmalar to‘lashdan ozod qilinsin.

9. O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi, O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi, Fermer xo‘jaliklari uyushmasi ommaviy axborot vositalarida chorvachilikni rivojlantirish hamda uni yuritish, mahsuldor mollarni yaratish va boqishning zamonaviy usullari, qishloqda chorvachilikning bozor infratuzilmasini kengaytirish ilg‘or tajribasini targ‘ib etish masalalarini yoritish bo‘yicha maxsus dasturlar va ruknlar tashkil etsin.

10. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining ayrim qarorlari 6-ilovaga muvofiq o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.

11. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh.M.Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I.Karimov

Toshkent shahri, 2008 yil 21 aprel

Manba: www.uza.uz