Huquqiy targ'ibot samaradorligini oshirishga masalalariga bag'ishlangan seminar

09/04/2008 - 00:00 2727

Shaxs va oilaning huquq hamda manfaatlarini himoya qilish, aholining huquqiy madaniyatini yanada yuksaltirish demokratik huquqiy davlat va fuqarolik jamiyati barpo etishning muhim shartlaridan hisoblanadi.

Yurtimizda bu borada keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda. Huquqiy ta’lim va tarbiya tizimini takomillashtirish, aholining huquqiy madaniyatini yuksaltirish borasida barcha zarur vositalardan unumli foydalanilmoqda.

O’zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida Oliy sud, Oliy xo’jalik sudi, Bosh prokuratura, Ichki ishlar, Oliy va o’rta maxsus ta’lim, Xalq ta’limi vazirliklari hamkorligida huquqiy targ’ibot samaradorligini oshirish masalalariga bag’ishlab o’tkazilgan seminarda shular haqida gap bordi.

Adliya vaziri o’rinbosari S.Xolboyev boshqargan tadbirda aholi, ayniqsa, yoshlarning huquqiy saviyasini yuksaltirishga qaratilgan ishlar ta’sirchanligini yanada oshirish, bunda davlat organlari va jamoat tashkilotlari o’rtasidagi hamkorlikni kengaytirish hamda mustahkamlash masalalari muhokama etildi.

Aholiga qonun hujjatlarining mazmun-mohiyatini tushuntirish, huquqiy tarbiya mavzuida turli uchrashuv va ochiq muloqotlar tashkil etish, shu yo’nalishdagi targ’ibot ishlarini olib borishda ommaviy axborot vositalari imkoniyatidan unumli foydalanish zarurligiga e’tibor qaratildi.

Yoshlarning amaldagi qonun hujjatlarini bilishi va uni amalda tatbiq eta olishi fuqarolik jamiyatiga asoslangan huquqiy demokratik davlat qurilishida muhim vositadir. Zero, huquqiy madaniyati yuksak inson qonunni bilish bilan cheklanmaydi, balki amalda ularga qat’iy rioya etadi. Bu esa jamiyatda inson huquqlarini ta’minlash uchun xizmat qiladigan muhim mezonlardandir.

Mamlakatimizda aholining huquqiy madaniyatini yuksaltirish yo’lidagi islohotlarning rivojlanishi davlat organlarining huquqiy targ’ibot sohasidagi faoliyatini yanada kengaytirish va olib borilayotgan huquqiy targ’ibot ishlarini muvofiqlashtirib borishni talab etadi.

Seminarda demokratik islohotlarni keng targ’ib qilishning asosiy yo’nalishlari, huquqiy targ’ibot ishlarini olib borishda odil sudlov idoralarining o’rni, yoshlar o’rtasida huquqiy targ’ibot ishlarining samaradorligini oshirish istiqbollari bilan bog’liq masalalar atroflicha tahlil qilindi.

Manba: www.uza.uz