Axborot tizimlari va telekommunikatsiyalar masalalari Kompleksining majlisi bo‘lib o‘tdi

05/04/2008 - 07:21 3586

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasida Axborot tizimlari va telekommunikatsiyalar masalalari Kompleksining 2008 yilning birinchi choragidagi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish yakunlariga bag‘ishlangan majlisi bo‘lib o‘tdi.

Majlisda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2007 yilda mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2008 yilda islohotlarni chuqurlashtirishning eng muhim ustuvor vazifalariga bag‘ishlangan Vazirlar Mahkamasi yig‘ilishidagi ma’ruzasida va ushbu yig‘ilish bayonida berilgan topshiriqlardan kelib chiqib Axborot tizimlari va telekommunikatsiyalar kompleksi sohalarining 2008 yilning birinchi choragi yakunlari, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining vazirlik va idoralar hamda mahalliy davlat hokimiyati organlarida tatbiq etilishining ahvoli, respublikada mualliflik huquqi va turdosh huquqlar himoyasini tashkil qilish yuzasidan amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar to‘g‘risidagi masalalar ko‘rib chiqildi.

Hisobot davrida soha korxonalari tomonidan ishlab chiqarish hajmlarining barqaror o‘sish sur’atlarini ta’minlash, korxonalarda modernizatsiyalash jarayonini davom ettirish, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar turini ko‘paytirish va sifatini yaxshilash orqali eksport imkoniyatlarini oshirish, ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish, korxonalarni davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish, xorijiy investitsiyalarni jalb etish, xizmatlar turlarini ko‘paytirish va rivojlantirish, me’yoriy-huquqiy bazani takomillashtirish, moliyaviy va ijro intizomini yanada mustahkamlash borasida amaliy ishlar olib borildi.

2008 yilning o‘tgan davrida Kompleks bo‘yicha jami 283,3 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilib, xizmatlar ko‘rsatildi. O‘tgan yilning shu davriga nisbatan o‘sish sur’ati 154,6 foizni tashkil etdi.

Eksport rejasi 116,4 foizga bajarildi. Investitsiya dasturiga kiritilgan loyihalar bo‘yicha 51,9 milliard so‘mlik (39,3 million AQSH dollari) to‘g‘ridan-to‘g‘ri jalb qilingan chet el sarmoyalari o‘zlashtirilib, bu boradagi reja 108,1 foizga uddalandi.

Yig‘ilishda vazirlik va idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlarida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining joriy etilishini yanada chuqurlashtirish, Internet tarmog‘ida axborot resurslarini ko‘paytirishni va axborot xavfsizligini ta’minlash, dasturiy mahsulotlar ishlab chiqarishni, qishloq joylarida zamonaviy telekommunikatsiya xizmatlarini rivojlantirish, elektron hujjat aylanishini keng yo‘lga qo‘yish masalalariga alohida ahamiyat berish lozimligi qayd etildi.

Shu bilan birga, Kompleks tarkibidagi idoralarda “Yoshlar yili” va boshqa ustuvor Davlat dasturlarining bajarilishini ta’minlash, ijro intizomini kuchaytirish, rahbarlar va mutaxassislarning shaxsiy mas’uliyatini oshirish, xodimlarni tayyorlash va qayta tayyorlash yuzasidan tegishli topshiriqlar berildi va qarorlar qabul qilindi.

Manba: www.uza.uz