Korxonaning yangi mahsulotlari

03/04/2008 - 07:10 2618

Mamlakatimizda rangli metall parchalari va chiqindilarini yig‘ish hamda ulardan tayyor mahsulot ishlab chiqarishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Davlatimiz rahbarining 2006 yil 18 iyulda qabul qilingan “Rangli metall parchalari, chiqindilarini yig‘ish, tayyorlash va qayta ishlash tizimini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori bu borada muhim dasturilamal bo‘lmoqda.

Ushbu hujjatda rangli metall parchalari va chiqindilarini kompleks ravishda qayta ishlash, mavjud quvvatlarni modernizatsiyalash, yuridik shaxslar bilan fyuchers shartnomalarini tuzish va temir-tersak hamda chiqindilar topshirilishini rag‘batlantiruvchi erkin narxlar bo‘yicha hisob-kitob qilishni tashkil etish belgilab berildi. Natijada rangli metall parchalari va chiqindilari tayyorlashning zamon talablariga javob beradigan yangi, samarali tizimi shakllandi.

– O‘tgan yili besh ming olti yuz tonnaga yaqin rangli metall parchalari va chiqindilari qayta ishlandi, – deydi “Toshkent rangli metall parchalari va chiqindilarini qayta ishlash zavodi” ochiq aksiyadorlik jamiyati bosh direktori Murod Salohiddinov. – Bu, 2006 yilga nisbatan 11,6 foizga ko‘pdir. Mahalliylashtirish dasturi bo‘yicha ishlab chiqarilgan mahsulotlar 2,8 baravar oshdi. Mis va aluminiy qotishmalari eksporti yil sayin ko‘paymoqda. Joriy yilda ham mahsulot turi va sifatini yanada oshirish borasida izlanishlar olib borilayotir.

Korxonada eskirgan uskunalarni modernizatsiya qilishga jiddiy e’tibor berilmoqda. Zavodning ikkinchi sexidagi aluminiy parchalarini qayta eritish qozoni yangilandi. Xorijdan olib kelingan bu qozonning ishlab chiqarish quvvati yiliga o‘n ming tonnani tashkil etadi. Uning afzalligi shundaki, eritish uchun sarflanadigan vaqt, yoqilg‘i hamda elektr energiyasi tejaladi.

Bugungi kunda “Toshkent rangli metall parchalari va chiqindilarini qayta ishlash zavodi” ochiq aksiyadorlik jamiyatida ko‘plab turdagi xo‘jalik mollari va avtomobil ehtiyot qismlari ishlab chiqarilmoqda. O‘tgan yillari Asakadagi avtomobil zavodida ishlab chiqarilayotgan “Neksiya” rusumli avtomobil uchun o‘nga yaqin ehtiyot qism tayyorlash o‘zlashtirildi. Ayni kunga qadar sinovdan muvaffaqiyatli o‘tgan bu mahsulotlar mahalliy va xorijiy mutaxassislar tomonidan ijobiy baholandi.

Jizzaxdagi ”O‘zEksayd” korxonasiga akkumlyatorlar uchun xomashyo yetkazib bera boshlagan mazkur zavod mutasaddilari mahsulot turini ko‘paytirish va yangi ish joylari ochish masalasiga ham jiddiy e’tibor qaratmoqda. 2007 yili kasanachilik asosida ellikdan ortiq ish joyi yaratildi. Tadbirkorlar bilan hamkorlikda chiqindilardan plastmassa mahsulotlari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilmoqda.

Yoshlar yilida mazkur korxonaning yosh ishchi-xizmatchilari har tomonlama qo‘llab-quvvatlanmoqda. Ularni qayta o‘qitish, tajribasini boyitish maqsadida o‘quv bazasi tashkil etildi. Kadrlar tarkibini oliy ma’lumotli yosh muhandis-texnik xodimlar bilan mustahkamlashga ham jiddiy e’tibor berilayotir.

Korxonada ishlab chiqarish, moliya, tijorat ishlarini boshqarish tizimini takomillashtirishning zamonaviy usullaridan biri bo‘lgan ISO 9001-2000 xalqaro standarti joriy etilgan. Shuningdek, ekologiya menejmenti ISO 14001 va sanoat xavfsizligi menejmenti ONSAS 18001 standartlari tatbiq etildi.

Soha rivojiga qaratilgan bunday e’tibor va ko‘rilayotgan zarur chora-tadbirlar korxona eksport salohiyatini yanada oshirish imkonini bermoqda. Bugungi kunda mahsulotlar Rossiya, Xitoy, Germaniya, Kanada, Bolgariya, Qozog‘iston kabi mamlakatlarga eksport qilinmoqda.

Ta’kidlash joiz, korxona nafaqat mamlakatimiz hududida yig‘ilgan rangli metall parchalari va chiqindilarini, balki qo‘shni mamlakatlardan keltiriladigan shu turdagi mahsulotlarni ham qayta ishlash quvvatiga ega. Bularning barchasi yurtimizda mazkur tizim rivojiga qaratilayotgan e’tibor samaralaridandir.

Manba: www.uza.uz