Bankda saqlagan afzal

03/04/2008 - 05:09 2330

Mamlakatimizda izchil amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar bugun o‘z samarasini bermoqda.

Prezidentimizning 2008 yil 20 fevralda qabul qilingan “Tijorat banklarida aholi omonatlari shartlarini liberallashtirish hamda kafolatlarini ta’minlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni aholining bankka bo‘lgan ishonchini mustahkamlash hamda bo‘sh pul mablag‘larini tijorat banklari omonatlariga jalb etish borasida muhim omil bo‘lib xizmat qilayotir.

Farg‘ona viloyatida ham mazkur farmon ijrosini ta’minlash borasida tijorat banklari tomonidan muayyan ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, Xalq bankining Farg‘ona viloyat hududiy filiali mijozlar ishonchini mustahkamlash, moliyaviy barqarorlikni ta’minlash bo‘yicha bir qator ishlarni olib borayotir. Ayni kunda filial tizimida 21 ta shahar va tuman bo‘limlari, 220 ta shoxobcha, to‘qqizta minibank hamda 24 ta maxsus kassa faoliyat ko‘rsatib kelmoqda.

– Prezidentimizning farmoni aholining bo‘sh pul mablag‘larini omonatga qo‘yish shartlarini yanada soddalashtirdi hamda imtiyozlarini kengaytirdi, – deydi mazkur hududiy filial boshlig‘i Soyibjon Maripov. – Bank filiallarida jismoniy shaxslarning bo‘sh pul mablag‘larini bank depozitlariga jalb qilishda qulaylik yaratish, aholi o‘rtasida keng qamrovli targ‘ibot-tashviqot ishlarini amalga oshirish maqsadida maslahatchi-menejer lavozimi joriy etildi.

Hozir barcha shahar va tuman filiallarida maslahatchi-menejer faoliyati yo‘lga qo‘yilmoqda.

Bugungi kunda aholiga sifatli va zamonaviy xizmat ko‘rsatish, bank tizimiga nisbatan aholi ishonchini mustahkamlash asosiy vazifalardan biridir. Shu bois bank tomonidan turli omonat turlari taklif etilmoqda. “Barqaror”, “Taqdim etuvchi”, “Baraka”, “Farzand kelajagi”, “Tadbirkor” kabi omonatlar aholiga ma’qul bo‘layotir. Ma’lumotlarga qaraganda, shahar va tuman filiallarida omonatchilar soni olti yuz mingdan oshgan.

– Men bir necha yildan beri Xalq bankining Farg‘ona shahar filiali mijoziman, – deydi Farg‘ona shahrida istiqomat qiluvchi Rustamjon Nishonov. – Yurtboshimizning bu farmoni bankka bo‘lgan ishonchni mustahkamlashda, omonatchilarning manfaatlarini himoyalashda muhim huquqiy hujjat bo‘ldi. Zero, pulni bankda saqlagan yutadi.

Manba: www.uza.uz