"WorldFood Uzbekistan" va "AgroWorld Uzbekistan" ko‘rgazmalari ochildi

25/03/2008 - 05:05 2454

“O‘zekspomarkaz”da 25 mart kuni “Oziq-ovqat mahsulotlari, ichimliklar, qadoqlash va uskunalar – WorldFood Uzbekistan 2008” va “Qishloq xo‘jaligi – AgroWorld Uzbekistan 2008” xalqaro O‘zbekiston ko‘rgazmalari ochildi.

Tadbirlar O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo hamda Qishloq va suv xo‘jaligi vazirliklari, Savdo-sanoat palatasi, Yog‘-moy va oziq-ovqat sanoati uyushmasi, Toshkent shahar hokimligi tomonidan “ITE Uzbekistan” va “I.T.E. Exhibition & Conferences Ltd” (Buyuk Britaniya) xalqaro ko‘rgazma kompaniyalari bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Tadbirda Prezident Islom Karimov rahnamoligida mamlakatimizda oziq-ovqat sanoati va qishloq xo‘jaligi tarmog‘ini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar yuksak samaralar berayotgani alohida ta’kidlandi. Yurtimizdagi qulay sarmoyaviy muhit xorijiy davlatlar bilan savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada kengaytirishda, zamonaviy texnologiyalarni jalb etishda muhim omil bo‘lmoqda.

Sakkizinchi bor tashkil etilgan “Oziq-ovqat mahsulotlari, ichimliklar, qadoqlash va uskunalar – WorldFood Uzbekistan 2008” ko‘rgazmasida mamlakatimizdan va xorijdan ko‘plab kompaniya va firmalar o‘z mahsulotlari va xizmatlari bilan ishtirok etmoqda.

Yurtimizda meva-sabzavotni qayta ishlash, go‘sht, sut, non, qandolat va yog‘ mahsulotlari, shuningdek, chanqovbosdi ichimliklar va sharbatlar ishlab chiqarish bilan shug‘ullanuvchi ko‘plab korxonalar faoliyat yuritmoqda. Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston tomat pastasi, mayiz va boshqa turdagi quruq meva tayyorlashda dunyoda yetakchi o‘rinlardan birida turadi.

Yurtimizda ishlab chiqarilgan, bejirim qadoqlangan oziq-ovqat, qandolat, qayta ishlangan go‘sht, sut va boshqa mahsulotlar tabiiy sofligi, yuqori sifati va xushta’mligi bilan ko‘rgazmaga tashrif buyurganlarning e’tiborini jalb etishi tabiiy.

Ko‘plab turdagi oziq-ovqat mahsulotlari va ichimliklar ishlab chiqarish hamda qadoqlashning so‘nggi texnologiyalari, zamonaviy uskunalar, urug‘lik, veterinariya jihozlari va ularga oid barcha yangiliklar bilan “Qishloq xo‘jaligi – AgroWorld Uzbekistan 2008” ko‘rgazmasida tanishish mumkin.

Qishloq xo‘jaligi tarmog‘ida erishilgan yutuq va natijalarni sarhisob qilish, fikr va tajriba almashish, o‘zaro manfaatli shartnomalar imzolashda uchinchi marta o‘tkazilayotgan ushbu ko‘rgazma muhim ahamiyat kasb etadi.

– Biz ushbu ko‘rgazmada ilk bor ishtirok etmoqdamiz, – deydi Germaniyaning “Pakra” kompaniyasi bosh direktori Filipp Akinfiyev. – Bizning korxona go‘sht mahsulotlarini qayta ishlash texnologiyalari savdosi bilan shug‘ullanadi. O‘zbekistondagi ishbilarmonlar bilan yaqindan hamkorlik o‘rnatish niyatidamiz.

Mazkur ko‘rgazmalarni tashkil etishdan maqsad mamlakatimizning oziq-ovqat sanoati va qishloq xo‘jaligi tarmoqlarini rivojlantirish uchun chet el sarmoyasini yanada keng jalb qilishdan iborat. Ko‘rgazmalarda O‘zbekiston, Rossiya, Xitoy, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Germaniya, Italiya, Shveysariya, Avstriya, Niderlandiya, Turkiya, Polsha, Isroil, Malayziya va Singapur kabi o‘ttizga yaqin mamlakatdan “Geo Max” (O‘zbekiston), “Fritsch” (Germaniya), “Schaller” (Avstriya), “Katering” (Italiya), “Casa Ceaiului” (Moldova), “Alapala” (Turkiya) singari qariyb sakson firma va kompaniya o‘z mahsulotlari va xizmatlari bilan ishtirok etmoqda. Ular mol va qo‘y, baliq va parranda go‘shtini qayta ishlash sanoatida qo‘llaniladigan texnika va texnologiyalar, non yopish uskunalari, choy, qahva va boshqa ichimlik mahsulotlari ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi.

Manba: www.uza.uz