“General Motors Uzbekistan” qo‘shma korxonasi kuzatuv kengashining birinchi yig‘ilishi

20/03/2008 - 07:04 2713

Toshkentda yangi tashkil etilgan avtomobil ishlab chiqarish va sotish bo‘yicha “General Motors Uzbekistan” qo‘shma korxonasi kuzatuv kengashining birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. «O‘zavtosanoat» aksionerlik kompaniyasi va dunyoga mashhur «General Motors» korporatsiyasi mazkur qo‘shma korxonaning muassislari hisoblanadi.

2007 yilning oktabrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning Koreya Respublikasiga tashrifi davomida “General Motors Europe” (“GME”) va “GM Daewoo Auto & Tehnology” (“GMDAT”) kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda “O‘zDEUavto” aksionerlik jamiyati negizida “Chevrolet” avtomobillarini ishlab chiqarish va sotish bo‘yicha «General Motors Uzbekistan» qo‘shma korxonasini tuzish to‘g‘risida kelishuvga erishildi va keyinchalik tegishli bitim imzolandi. Mazkur hujjatda “Chevrolet“ning uchta modelini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, ishlab chiqarish quvvatlarini oshirish bilan birga, ishlab chiqarishni mahalliylashtirishga yo‘naltirilgan loyhalarni kengaytirish ko‘zda tutilgan.

Yangi qo‘shma korxona O‘zbekiston avtomobilsozlik sohasini jadal sur’atlar bilan rivojlantirish hamda keng ko‘lamli «GM» – «Chevrolet» loyihasini amalga oshirishda muhim rol o‘ynaydi.

“O‘zavtosanoat” AK boshqaruvi raisi U.Roziqulovning ta’kidlashicha, «GM» bilan hamkorlik aloqalari avtomobilsozlik sohasiga zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, xodimlar malakasini oshirish, yangi ish o‘rinlarini tashkil etish uchun sharoit yaratadi hamda iste’molchilarning tanlash imkoniyatlarini kengaytiradi. Bu yerda xalqaro standartlar talablariga javob beradigan yangi rusumdagi avtomobillar ishlab chiqariladi.

“GM” korporatsiyasining Yevropada ishlab chiqarish bo‘yicha vitse-prezidenti E.Stivensning aytishicha, «General Motors Uzbekistan» mamlakat avtomobilsozlik sanoatining va umuman yurtimiz iqtisodiyotini taraqqiy ettirishga salmoqli hissa qo‘shadi.

“General Motors Uzbekistan” qo‘shma korxonasida yengil avtomobillar va qiyin yo‘llarga moslashgan «Chevrolet» mashinalari ishlab chiqariladi. Ular 60 dan ortiq korxonadan iborat ichki dilerlik tarmog‘i orqali sotiladi. O‘zbekistondagi Asaka zavodida hozir «Chevrolet» markasi ostida uchta rusumdagi – «Captiva», «Epica» va «Tacuma» mashinalari yig‘ilmoqda. Bu yil ular qatoriga yana bir yangi model – «Chevrolet Lacetti» avtomobili ham qo‘shiladi. «Chevrolet»ning global portfeliga kiruvchi boshqa modellarni ishlab chiqarish yaqin yillarga mo‘ljallangan bo‘lib, bu zavod quvvatlaridan to‘liq foydalanish imkonini beradi. O‘zlashtirilgan modellar MDH mamlakatlari bozorlariga chiqariladi.

Qo‘shma korxona vakillari qayd etganidek, O‘zbekistonda avtomobil parkining yanada rivojlanishi uchun ulkan salohiyat mavjud. Asaka zavodida yil sayin yengil avtomobillar ishlab chiqarish darajasi ortib bormoqda. 2007 yilda bu ko‘rsatkich 22,7 foizga oshib, 110 ming avtomobil turli mamlakatlarga eksport qilindi.

Manba: www.uza.uz