2008 yilda O‘zbekiston Respublikasini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning ustuvor vazifalari va yo‘nalishlarini amalga oshirish chora-tadbirlari dasturi

12/02/2008 - 06:15 3747

1. Vazirlar Mahkamasining 2007 yilda respublikani ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2008 yilda islohotlarni yanada chuqurlashtirishning eng muhim ustuvor vazifalariga bag‘ishlangan majlisida qayd etildiki, 2007 yilda iqtisodiyotning yuqori barqaror o‘sish sur’atlari va makroiqtisodiy barqarorligi ta’minlandi, iqtisodiyotni tarkibiy o‘zgartirish, ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik jihatdan yangilash ishlari davom ettirildi. Mamlakatning yalpi ichki mahsuloti 9,5 foizga o‘sdi, sanoat mahsuloti ishlab chiqarish hajmining o‘sish sur’atlari 12,1 foizni, qishloq xo‘jaligi bo‘yicha – 6,1 foizni, qurilish ishlari bo‘yicha – 15,7 foizni, chakana tovar aylanmasi bo‘yicha – 21,0 foizni, pulli xizmatlar ko‘rsatish bo‘yicha – 20,6 foizni tashkil qildi. Davlat budjeti profitsit bilan ijro etildi, inflatsiya darajasi tasdiqlangan prognoz ko‘rsatkichdan oshmadi.

Qishloq xo‘jaligini isloh qilish bo‘yicha aniq maqsadga yo‘naltirilgan ishlar natijasida fermer xo‘jaliklari qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishining asosiy shakliga aylandi. Qishloqda bozor infratuzilmasi amalda yangidan barpo etildi, qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishini tashkil etish va rag‘batlantirish sifat jihatidan yangi tamoyillar asosida olib borildi, tarmoqni boshqarish tamoyillari va tizimi o‘zgarmoqda.

Mamlakat iqtisodiyotida yuz berayotgan jiddiy tarkibiy o‘zgarishlar tashqi iqtisodiy aloqalar ko‘rsatkichlarida aniq aks etdi. Eksport hajmi o‘sishining yuqori sur’atlari (40,7 foiz) hisobiga to‘lov balansining barqarorligi va mamlakatimiz oltin-valuta zaxiralarining sezilarli darajada o‘sishi ta’minlandi. Eksport hajmida tayyor mahsulotlar ulushi 38 foizdan ortiq bo‘ldi. Mamlakatning tashqi qarzlari hajmi va unga yillik joriy xizmat ko‘rsatish darajasi eng past ko‘rsatkichlarga ega.

Iqtisodiyotga investitsiya qo‘yish umumiy hajmi 2007 yilda 23 foizga o‘sdi. Investitsiyalarning 70 foizidan ortig‘i ishlab chiqarish obyektlari qurilishiga, shu jumladan 50 foizga yaqini texnik va texnologik jihatdan modernizatsiya qilishga yo‘naltirildi. Bunda o‘zlashtirilgan xorijiy investitsiyalarning hajmi 58 foizdan ortiq o‘sgani holda 1 mlrd. dollardan ortiq bo‘ldi. Ularning qariyb 76 foizini to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar tashkil qildi.

Xususiy tadbirkorlikni yanada erkinlashtirish va rag‘batlantirish, tadbirkorlar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha qonunchilikni mustahkamlash, soliq yukini va davlatning iqtisodiyotdagi ishtirokini izchil kamaytirish, bozor infratuzilmasini shakllantirish ishlari davom ettirildi. Davlat mulkini davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirishga yondashuvlar tubdan qayta ko‘rib chiqildi.

Bank-moliya tizimidagi islohotlarni chuqurlashtirish va ularning ko‘lamlarini kengaytirish tijorat banklarining moliyaviy barqarorligini, kapitallashuv darajasini yanada oshirish va mustaqilligini mustahkamlash imkonini berdi. O‘tgan yilda tijorat banklarining ustav sarmoyasi qariyb 2 baravar o‘sdi.

Aholi bandligini va daromadlarini oshirish muammolari aniq maqsadga yo‘naltirilgan holda va izchil hal etilmoqda. O‘tgan yilda qo‘shimcha ravishda 630 mingdan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratildi, ularning qariyb uchdan ikki qismi qishloq joylardadir, o‘rtacha oylik real ish haqi 47,2 foizga ko‘paydi va 2007 yil dekabr oyida 210 AQSH dollari ekvivalentiga teng miqdorni tashkil etdi. Ta’lim, sog‘liqni saqlash, bolalar sporti tizimlari va ijtimoiy infratuzilmani boshqarishni takomillashtirish va ularning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash ishlari davom ettirildi.

Shu bilan birga, kichik biznes sohasini, savdo tarmog‘ini va umuman infratuzilmani rivojlantirishga, mintaqalarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilishga e’tiborning yetarli emasligi oqibatida bir qator mahalliy budjetlarning, eng avvalo, Surxondaryo, Jizzax, Namangan viloyatlarida va ko‘pgina qishloq tumanlarida dotatsiya olish holatlari saqlanib qolmoqda.

Raqobat muhitini shakllantirish muammolari keskinligicha qolmoqda, bozor infratuzilmasi, auditorlik, sug‘urta, lizing faoliyati, ayniqsa, qishloq joylarda hali ham yetarlicha rivojlanmayapti.

Sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holati alohida tashvish uyg‘otmoqda. Hozirgi vaqtda sug‘oriladigan yerlarning qariyb 8 foizi sho‘rlanish darajasi va sizot suvlar sathi yuqori bo‘lgan meliorativ holati yomon yerlardir. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm, Buxoro, Sirdaryo, Farg‘ona, Toshkent viloyatlarida va boshqa bir qator viloyatlarda vaziyat o‘ta murakkabligicha qolmoqda.

2. Quyidagilar 2008 yilda mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturining eng muhim ustuvor vazifalari etib belgilandi:

makroiqtisodiy barqarorlikni, iqtisodiyotni o‘stirishning barqaror va muvozanatlashgan sur’atlarini ta’minlash, jalb qilinadigan xorijiy investitsiyalarni, eng avvalo to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni ko‘paytirish hisobiga tarkibiy o‘zgartirishlarni, iqtisodiyotning yetakchi tarmoqlarini modernizatsiya qilish va yangilashni davom ettirish;

islohotlarni chuqurlashtirish va iqtisodiyotni, soliq-budjet siyosatini yanada erkinlashtirish, bozor infratuzilmasini jadal rivojlantirish;

aholining ish bilan bandligini yaxshilash va farovonligini oshirishning eng muhim yo‘nalishi sifatida kichik biznesni va xususiy tadbirkorlikni, xizmatlar ko‘rsatish sohasini va kasanachilikni rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish;

sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash va unumdorligini oshirishni ta’minlash;

“Yoshlar yili” Davlat dasturini bajarish chora-tadbirlarini amalga oshirish.

Butun Dasturning va mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yo‘nalishlarining markaziga eng muhim ustuvor vazifa – inson manfaatlari ustuvorligi qo‘yilgan.

Belgilangan ustuvor vazifalarning so‘zsiz amalga oshirilishini ta’minlash uchun Vazirlar Mahkamasi majlisida qaror qabul qilindi:

3. Vazirliklar, idoralar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari o‘n kun muddatda kengaytirilgan majlislarda iqtisodiyotning tegishli tarmoqlarida va sohalarida, respublika hududlarida islohotlarning chuqurlashtirilishi yakunlarini tanqidiy tahlil qilsinlar hamda 2008 yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning ustuvor vazifalari va yo‘nalishlari amalga oshirilishini ta’minlovchi aniq chora-tadbirlar kompleksini ishlab chiqsinlar, ularni bajarishning aniq muddatlarini va mas’ul ijrochilarni, shuningdek, ushbu vazifalarning so‘zsiz bajarilishini nazorat qilish mexanizmini belgilasinlar.

4. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi (Xo‘jayev), Moliya vazirligi (Guskova), Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi (G‘aniyev), Davlat soliq qo‘mitasi (Parpiyev) va Davlat bojxona qo‘mitasi (Nosirov):

ishlab chiqarishni modernizatsiyalash, rekonstruksiya qilish, texnik va texnologik jihatdan yangilash bo‘yicha qabul qilingan tarmoq dasturlarining amalga oshirilishi yuzasidan qat’iy monitoring o‘rnatsinlar, bunda ajratilayotgan mablag‘lar, resurslar hamda berilayotgan imtiyozlardan maqsadli va samarali foydalanilishiga, manfaatdor xorijiy investorlarni jalb etishga alohida e’tibor qaratsinlar;

loyihalarni amalga oshirish uchun mas’ul bo‘lgan vazirliklar, idoralar va xo‘jalik birlashmalari bilan birgalikda belgilangan muddatlarda loyihalarning TIA/TIHlari ishlab chiqilishi va ekspertizadan o‘tkazilishini, tender tartib-taomillari amalga oshirilishini, kontraktlar tuzilishini hamda loyihalarning TIA/TIHlari uzil-kesil parametrlarini tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritilishini ta’minlasinlar.

Vazirlar Mahkamasi ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik jihatdan yangilash bo‘yicha tarmoq dasturlarining bajarilishini har chorakda o‘z majlislarida ko‘rib chiqsin.

5. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi (Guskova), Markaziy bank (Mullajonov), Iqtisodiyot vazirligi (Saidova), Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi (G‘ulomov) bir oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga jamg‘armaning funksiyalari va vakolatlarini kengaytirish, uning resurslarini keskin ko‘paytirishning qo‘shimcha manbalari, jamg‘arma mablag‘lari hisobiga, shuningdek, xorijiy investorlar bilan birgalikda moliyalashtiriladigan investitsiya loyihalari ro‘yxati bo‘yicha takliflar kiritsinlar.

6. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi (Xo‘jayev), Moliya vazirligi (Azimov), Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi (G‘aniyev) manfaatdor vazirliklar, idoralar, jamoat tashkilotlari va xo‘jalik birlashmalari bilan birgalikda:

2008 yil 1 martgacha bo‘lgan muddatda – 2008 yilda sanoat yarmarkasi va kooperatsiya birjasini o‘tkazish, ishchi apparatiga ega bo‘lgan, doimiy faoliyat ko‘rsatadigan sanoat kooperatsiya birjasini tashkil etish, ishchi apparatiga respublika korxonalari o‘rtasida kooperatsiya aloqalarini yo‘lga qo‘yishda ko‘maklashish funksiyasini yuklash bo‘yicha hukumat qarori loyihasini;

bir oy muddatda – 2008-2010 yillarda mahalliy xomashyo negizida tayyor mahsulotlar, butlovchi buyumlar va materiallar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish dasturi loyihasini;

bir oy muddatda – 2008-2012 yillarda iste’mol tovarlari ishlab chiqarishni kengaytirishni rag‘batlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi hukumat qarori loyihasini;

2008 yil 1 iyungacha bo‘lgan muddatda – o‘rta muddatli istiqbolga mo‘ljallangan va innovatsiya texnologiyalari ishlab chiqilishi va ularning ishlab chiqarish jarayonlariga joriy etilishini rag‘batlantiradigan mexanizmlar yaratilishini nazarda tutadigan innovatsiya texnologiyalarini rivojlantirish bo‘yicha tadbirlar kompleksini;

2008 yil 1 iyulgacha bo‘lgan muddatda – energetika tarmoqlarini, suv bilan ta’minlash, kanalizatsiya tizimlarini, avtomobil va temir yo‘llar shoxobchalarini, birinchi navbatda, qishloq tumanlarida yangilash va kengaytirishga, shu jumladan keyinchalik ushbu zonalarda yangi sanoat ishlab chiqarishlarini joylashtirishga yo‘naltirilgan o‘rta muddatli Ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish va rekonstruksiya qilish dasturi loyihasini ishlab chiqsinlar va tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsinlar.

7. Vazirlar Mahkamasi (SH.M.Mirziyoyev) O‘zbekiston Respublikasi Davlat mulki qo‘mitasi (Musayev), Iqtisodiyot vazirligi (Xo‘jayev), Moliya vazirligi (Guskova), Adliya vazirligi (Muhitdinov), Oliy xo‘jalik sudi (Ishmetov) ishtirokida 2007-2010 yillarda Xususiylashtirish dasturi va investorlar tomonidan olingan investitsiya majburiyatlari bajarilishining holatini tanqidiy tahlil qilsin hamda ikki oy muddatda amaldagi qonun hujjatlari normalarini takomillashtirish yuzasidan aniq takliflar kiritsin, bunda:

ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish va texnik jihatdan yangilash, jahon bozorida raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarish bo‘yicha o‘z zimmasiga majburiyatlar olayotgan ishonchli va mas’uliyatli xususiy investorlarni xususiylashtirish jarayonlariga jalb etish uchun eng qulay shart-sharoitlar yaratish;

ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish va texnologik jihatdan yangilash, eksportga yo‘naltirilgan raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishni, xususiylashtirilgan korxonalarning samarali va moliyaviy barqaror faoliyatini tashkil etish bo‘yicha qabul qilingan investitsiya majburiyatlari so‘zsiz bajarilishi uchun yangi mulkdorlarning iqtisodiy va yuridik javobgarligini kuchaytirish nazarda tutilsin.

8. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi (Azimov), Iqtisodiyot vazirligi (Xo‘jayev), Davlat soliq qo‘mitasi (Parpiyev), Monopoliyadan chiqarish, raqobat va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash davlat qo‘mitasi (Ulashov), Markaziy bank (Mullajonov) boshqa manfaatdor tuzilmalar bilan birgalikda:

bir hafta muddatda – Vazirlar Mahkamasiga yangi tahrirdagi Soliq kodeksini amalda ro‘yobga chiqarish monitoringi bo‘yicha maxsus Idoralararo guruh tashkil etish yuzasidan takliflar kiritsinlar va zaruriyat bo‘lsa, Vazirlar Mahkamasiga Soliq kodeksining ayrim normalari va qoidalarini yanada takomillashtirishga yo‘naltirilgan takliflarni taqdim etib borsinlar;

bir oy muddatda – xalq ta’limi va sog‘liqni saqlash sohasida budjet tashkilotlarini moliyalashtirish mexanizmini yanada takomillashtirish, yangi tashkil etilgan g‘aznachilik organlarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, ularni yuqori malakali kadrlar bilan ta’minlash ishlarini jadallashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar kompleksini ishlab chiqsinlar va tasdiqlasinlar;

bir oy muddatda – moliya-bank, auditorlik va sug‘urta faoliyatini rivojlantirishning qabul qilingan dasturlari bajarilishini tahlil qilsinlar va to‘plangan tajribani hisobga olib, Vazirlar Mahkamasiga sug‘urta, auditorlik, lizing kompaniyalari, tijorat banklari faoliyatini qo‘shimcha rag‘batlantirish, ularning kapitallashuvini, investitsiya faolligini va moliyaviy barqarorligini oshirish, ular tomonidan aholiga va xo‘jalik yurituvchi subyektlarga ko‘rsatilayotgan xizmatlar hajmi va turlarini, ayniqsa, qishloq joylarda kengaytirish bo‘yicha takliflar kiritsinlar.

9. Vazirlar Mahkamasi (SH.M.Mirziyoyev) mahalliy budjetlarning dotatsiya olishini qisqartirish to‘g‘risidagi masalani 2008 yilning I choragi yakunlari bo‘yicha o‘z majlisida alohida ko‘rib chiqsin hamda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik, kasanachilik, savdo tarmog‘i va umuman infratuzilmani rivojlantirish, mintaqalarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb etish bo‘yicha viloyatlar va tumanlar budjetlari daromadi o‘sishini ta’minlaydigan aniq qarorlar qabul qilsin.

10. O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyadan chiqarish, raqobat va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash davlat qo‘mitasi (Ulashov), Iqtisodiyot vazirligi (Xo‘jayev), Moliya vazirligi (Guskova), Adliya vazirligi (Muhitdinov) O‘zbekiston respublika tovar-xomashyo birjasi (To‘xtaboyev) va boshqa manfaatdor vazirliklar, idoralar, xo‘jalik birlashmalari va korxonalar bilan birgalikda:

ikki hafta muddatda – Vazirlar Mahkamasiga Monopoliyadan chiqarish, raqobat va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash davlat qo‘mitasi bilan kelishilgan har oylik jadvallar asosida monopol mahsulotlarni mavsumiy talabni hisobga olgan holda birja savdolariga qo‘yish tartibini kiritsinlar. Jadvallarning bajarilishi natijalari to‘g‘risida har oyda Vazirlar Mahkamasiga axborot berilsin;

bir oy muddatda – respublikada raqobat muhitini shakllantirish masalalari bo‘yicha ishlarning ahvolini tanqidiy tahlil qilsinlar, ayrim xo‘jalik yurituvchi subyektlarga berilgan imtiyozlarni puxta inventarizatsiya qilsinlar va Vazirlar Mahkamasiga ayrim tarmoqlarda iqtisodiyotning monopollashuvi darajasini qisqartirishga, bozorning barcha qatnashchilari uchun teng raqobat sharoitlarini ta’minlashga yo‘naltirilgan aniq takliflar kiritsinlar.

11. Vazirlar Mahkamasi (SH.M.Mirziyoyev) “Transport vositalari egalarining javobgarligini majburiy sug‘urta qilish to‘g‘risida”gi va “Ish beruvchining javobgarligini majburiy sug‘urta qilish to‘g‘risida”gi qonunlar loyihalari sifatli ishlab chiqilishini va keyinchalik O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan qabul qilinishini ta’minlasin.

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi (Azimov) sug‘urtalovchilar uyushmasi, boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish va ish beruvchining javobgarligini majburiy sug‘urta qilishning takomillashtirilgan tizimini tashkil etish bo‘yicha normativ-huquqiy hujjatlar paketi ishlab chiqilishini, tegishli qonunlar qabul qilingandan keyin bir oy muddatda ularning Vazirlar Mahkamasiga kiritilishini ta’minlasin.

12. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi (Xo‘jayev), Moliya vazirligi (Guskova), Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi (G‘aniyev), Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi (Xaitov) boshqa manfaatdor vazirliklar, idoralar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, shaharlar va tumanlar hokimliklari bilan birgalikda:

bir oy muddatda – Vazirlar Mahkamasiga kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishni yanada rag‘batlantirish bo‘yicha takliflar kiritsinlar, bunda 2008 yilda yalpi ichki mahsulotda ularning ulushini 48 foizgacha, 2010 yilda 50-52 foizgacha yetkazish nazarda tutilsin;

2008 yilning 1 mayigacha bo‘lgan muddatda – shaharlar va qishloq tumanlari aholisining sifatli ichimlik suvi bilan ta’minlanishini yaxshilashga va gazni tejamli ishlatishga yo‘naltirilgan yangi loyihalarni xalqaro moliya institutlarining imtiyozli kreditlarini jalb etgan holda amalga oshirish bo‘yicha takliflarni ishlab chiqsinlar va Vazirlar Mahkamasiga kiritsinlar;

ikki oy muddatda – 2008-2010 yillarda respublika mintaqalarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlarini ishlab chiqsinlar va belgilangan tartibda tasdiqlasinlar, ularda kichik biznes, kasanachilik, bozor infratuzilmasini rivojlantirish, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni keng jalb etish asosida aholi turmushi sifatini yanada yaxshilash, bandligini oshirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlarni nazarda tutsinlar. Bunda shaharlar va tumanlarda eksportga yo‘naltirilgan raqobatbardosh mahsulotlar chiqarish bo‘yicha zamonaviy, yuqori texnologiyali ishlab chiqarishlarni tashkil etishga, xizmatlar ko‘rsatish sohasini rivojlantirishga ustuvor ahamiyat berilsin.

Vazirlar Mahkamasi tasdiqlangan hududiy dasturlarning amalga oshirilishini o‘z majlislarida muntazam ravishda ko‘rib chiqsin.

13. O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi (Ismoilov), Iqtisodiyot vazirligi (Xo‘jayev), Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi (Xaitov) Yog‘-moy va oziq-ovqat sanoati uyushmasi (G‘afurov), Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda bir oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga shaxsiy yordamchi, dehqon va fermer xo‘jaliklarida chorva mollari bosh sonini ko‘paytirishni va chorvachilik mahsulotlari yetishtirishni kengaytirishni yanada rag‘batlantirish yuzasidan takliflar kiritsinlar.

14. Vazirlar Mahkamasi (SH.M.Mirziyoyev) tegishli tuzilmalar bilan birgalikda viloyatlar, shaharlar va tumanlar boshqaruv organlari rahbarlik lavozimlarini vazirliklar va idoralar markaziy apparatlarining joylarda iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish, aholining ish bilan bandligi, turmush darajasi va sifatini oshirish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish va texnologik jihatdan yangilash, ushbu maqsadlar uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar jalb etish bo‘yicha qo‘yilgan vazifalarni amalga oshirishni ta’minlashga qodir bo‘lgan yosh, yuqori malakali, professional tayyorlangan va tajribali mutaxassislar bilan to‘ldirish mexanizmini ishlab chiqsin va tizimli asosda amaliyotda keng qo‘llasin.

15. Vazirlar Mahkamasi (SH.M.Mirziyoyev) O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi (Azimov), Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi (Ismoilov) ishtirokida 2008-2012 yillarda sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash davlat dasturida belgilangan loyihalarning amalga oshirilishi, shu jumladan:

sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash sohasida loyihalarni amalga oshirish uchun xorijiy investitsiyalar va imtiyozli kreditlarni qo‘shimcha ravishda jalb etish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar ko‘rish;

2008 yilda melioratsiya obyektlarini ta’mirlash va tiklash, shuningdek, rekonstruksiya qilish va qurish bo‘yicha nazarda tutilgan loyihalarning loyiha-smeta hujjatlari o‘z vaqtida ishlab chiqilishi va ekspertizadan o‘tkazilishi, sifatli amalga oshirilishi;

zamonaviy melioratsiya texnikasi, mashinalar va boshqa mexanizatsiya vositalari bilan, shu jumladan lizing asosida jihozlangan, ishonchli servis xizmati bilan ta’minlangan ixtisoslashtirilgan pudrat tashkilotlarining tashkil etilishi;

melioratsiya ishlarini moliyalashtirish mexanizmlarini tubdan takomillashtirish, Moliya vazirligi huzuridagi Sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash jamg‘armasi resurslarini o‘z vaqtida va barqaror shakllantirish, Dasturda nazarda tutilgan melioratsiya ishlarini amalga oshirish uchun ajratilgan mablag‘lardan samarali foydalanilishi ustidan qat’iy nazorat o‘rnatsin.

Yerlarning meliorativ holatini yaxshilash ishlari natijalari har chorakda Vazirlar Mahkamasi majlisida muhokama qilinsin.

16. Vazirlar Mahkamasi komplekslari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, shaharlar va tumanlar hokimliklari, vazirliklar, idoralar, xo‘jalik birlashmalari «Yoshlar yili» Davlat dasturi bo‘limlari va bandlarining belgilangan muddatlarda to‘liq va so‘zsiz bajarilishi yuzasidan aniq chora-tadbirlar ko‘rsinlar.

Bunda amaldagi qonun hujjatlari va normativ-huquqiy hujjatlarga qo‘shimchalar va o‘zgartirishlar kiritishga, pedagog kadrlar tayyorlash va qayta tayyorlash darajasini oshirishga va shu asosda ta’lim jarayoni sifatini tubdan yaxshilashga, bolalarning iste’dodi va qobiliyatini barvaqt aniqlash, yoshlarni sog‘lom turmush tarziga jalb etish, yosh oilalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha chora-tadbirlar tizimini amalga oshirishga alohida e’tibor qaratilsin.

17. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi (Parpiyev), Xalq ta’limi vazirligi (Jo‘rayev), Iqtisodiyot vazirligi (Xo‘jayev), Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi (Xaitov) Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda:

ikki oy muddatda bugungi kunda mutaxassislar tayyorlash ishlarining ahvolini inventarizatsiya qilsinlar va puxta o‘rganib chiqsinlar, har bir mutaxassislik bugungi kunning real talablariga qanchalik javob berishini va ularga bo‘lgan talabni aniqlasinlar hamda shu asosda Vazirlar Mahkamasiga ixtisosliklarga tuzatish kiritish va ularni o‘zgartirish bo‘yicha, zarur bo‘lgan joylarda esa ayrim o‘rta maxsus, kasb-hunar o‘quv yurtlarini qayta ixtisoslashtirish yuzasidan takliflar kiritsinlar;

yangi umumta’lim maktablari, litseylar va kasb-hunar kollejlarini foydalanishga topshirish, faoliyat ko‘rsatayotganlarini mukammal rekonstruksiya qilish va ta’mirlash bo‘yicha 2008 yil uchun belgilangan topshiriqlarning o‘z vaqtida va sifatli bajarilishini ta’minlasinlar, bunda 2009 yil yakunlariga ko‘ra o‘quvchilarning bepul majburiy umumiy va uch yillik maxsus, kasb-hunar ta’limi bilan to‘liq qamrab olinishiga erishishni nazarda tutsinlar.

18. Mazkur Dasturning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri SH.M.Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.

Vazirlar Mahkamasiga (SH.M.Mirziyoyev) har chorakda kengaytirilgan majlislarda vazirliklar, idoralar va hududiy boshqaruv organlari rahbarlarining 2008 yilda mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning ustuvor vazifalari va yo‘nalishlarini amalga oshirish chora-tadbirlari Dasturida nazarda tutilgan topshiriqlar va vazifalarning bajarilishi to‘g‘risidagi hisobotlarini eshitish yuklansin.

Manba: www.uza.uz