O‘zbekiston-Rossiya: hamkorlikning yangi ufqlari

08/02/2008 - 05:47 2771

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 5-6 fevral kunlari rasmiy tashrif bilan Rossiya Federatsiyasida bo‘ldi

O‘zbekiston bilan Rossiya o‘rtasidagi munosabatlar mamlakatimiz tashqi siyosatida alohida o‘rin tutadi. Mamlakatlarimiz o‘rtasida 2004 yili Strategik sheriklik to‘g‘risidagi shartnoma, 2005 yilda hamkorlikni oliy bosqichga olib chiqishga xizmat qiladigan Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnoma imzolangan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov va Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinning Kremlda bo‘lib o‘tgan yakkama-yakka suhbatida mamlakatlarimiz o‘rtasidagi izchil rivojlanib borayotgan munosabatlarning bugungi ahvoli va istiqboliga, xavfsizlikni ta’minlash yo‘lidagi hamda xalqaro tashkilotlar doirasidagi hamkorlikka oid masalalar muhokama qilindi.

Islom Karimov ushbu muzokara o‘zaro aloqalarga doir masalalar, tomonlarni qiziqtirgan dolzarb mintaqaviy va xalqaro muammolar yuzasidan fikr almashish uchun qulay imkoniyat ekanligini ta’kidladi. O‘zbekiston Rossiyani ishonchli strategik sherik deb bilishini, o‘zaro hamkorlik munosabatlarini yuksak qadrlashini qayd etdi.

Vladimir Putin O‘zbekiston rahbarining Rossiyaga mazkur rasmiy tashrifi mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlikka yangi sur’at baxsh etishini ta’kidladi. 2007 yilning 23 dekabrida bo‘lib o‘tgan Prezident saylovida g‘alaba qozongani munosabati bilan Islom Karimovni yana bir bor muborakbod etdi.

O‘zbekiston va Rossiya iqtisodiyotning qariyb barcha sohalarida yaqindan hamkorlik qiladi. Tovar ayirboshlash hajmi muttasil oshib borayotgani (2007 yilda bu boradagi ko‘rsatkich 48 foiz o‘sib, 4,2 milliard AQSH dollarini tashkil etdi), izchil ravishda biznes forumlar, ko‘rgazmalar, hukumatlararo komissiya majlislari tashkil etilayotgani buning yorqin tasdig‘idir.

Siyosiy sohada oliy darajadagi uchrashuvlar muntazamlik kasb etgani, parlamentlararo aloqalar rivojlanayotganini qayd etish joiz. SHHT, MDH kabi tuzilmalar doirasidagi aloqalar faollashmoqda. O‘zbekiston va Rossiya narkotrafik, terrorizm, ekstremizm, transmilliy uyushgan jinoyatchilik kabi tahdidlarga qarshi kurashish borasida ham hamfikrdir. O‘zbekistonning “Forish” poligonida, Rossiyaning Krasnodar o‘lkasida o‘tkazilgan qo‘shma aksilterror mashqlar harbiy va harbiy-texnikaviy sohadagi hamkorlik izchil rivojlanib borayotganidan yana bir dalolatdir.

O‘zbekiston bilan Rossiya o‘rtasida harbiy va harbiy-texnikaviy hamkorlik to‘g‘risidagi hujjat ham amalda. Bu yo‘nalishdagi aloqalar harbiy mahsulotlar yetkazib berish, harbiy texnikani yangilash, kadrlar tayyorlash, birgalikda mashqlar o‘tkazish, koinotni tadqiq etish bo‘yicha davlatlararo dasturlar tuzish kabi tadbirlarni o‘z ichiga oladi.

Islom Karimov va Vladimir Putin muloqotni O‘zbekiston va Rossiya rasmiy delegatsiyalari a’zolari ishtirokida o‘tgan kengaytirilgan tarkibdagi muzokaralarda davom ettirdilar.

Ikki tomonlama munosabatlar barcha sohalarda jadal rivojlanib bormoqda. Rossiya O‘zbekistonning yetakchi iqtisodiy sheriklaridandir. O‘zaro savdo hajmi yildan-yilga oshib, eksport va importning tarkibi kengaymoqda. O‘zbekiston tashqi savdosining qariyb chorak qismi Rossiya hissasiga to‘g‘ri keladi. 2005 yildan o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi yiliga 1 milliard AQSH dollariga ko‘paymoqda. Ilgari ijobiy saldo Rossiya tomonida bo‘lgan esa, 2005 yildan O‘zbekistonga o‘tgani va o‘rtacha 800 million AQSH dollarini tashkil etayotgani diqqatga sazovordir. Albatta, bu ko‘rsatkichga faqat tabiiy gaz yoki paxta tolasi singari xomashyo savdosi evaziga erishilgani yo‘q. So‘nggi yillarda yengil avtomobillar (1,5-2 barobar), poliz mahsulotlari va meva-cheva (5), polietilen (2), tayyor to‘qimachilik mahsulotlari (1,4-1,5), transformator va transformator podstansiyalari (2), past voltli qurilmalar (1,5) kabi mahsulotlar eksporti, shuningdek, quvurlar (1,5), havo transporti (1,7), sayyohlik (1,4) bo‘yicha va boshqa turdagi xizmatlar hajmi ortyapti.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Rossiyaga mashina va uskunalar, oziq-ovqat mahsulotlari, kimyo sanoati mahsulotlari va plastmassa, rangli va qora metallar (rux, mis, volfram, molibden) hamda ulardan yasalgan buyumlar (kabellar va boshqa o‘tkazgichlar), ishlab chiqarishda ishlatiladigan ko‘plab turdagi texnika vositalarini ham eksport qiladi. Ayni paytda o‘zaro eksport-import qaydnomalarida aks etadigan tovarlar va xizmatlar soni juda ko‘p.

Sarmoyaviy hamkorlik ko‘lami kengaymoqda. Bu xususda “Gazprom”, “Lukoyl”, “Soyuzneftegaz”, “Stroytransgaz”, “Volgaburmash” kabi kompaniyalar bilan hamkorlikda yoqilg‘i-energetika majmui infratuzilmasini rivojlantirish, geologiya-qidiruv, konlarni aniqlash va o‘zlashtirish borasida keng qamrovli ishlar amalga oshirilayotganini ta’kidlash o‘rinlidir. 2007 yilning noyabrida “Lukoyl” kompaniyasi bilan hamkorlikda Buxoro viloyati hududidagi “Xauzak” gaz koni ishga tushirilgani bu yo‘nalishdagi salmoqli yutuqlardandir.

Sarmoyaviy hamkorlikning rivojini qo‘shma korxonalar soni ortib borayotganidan ham bilish mumkin. Ayni paytda O‘zbekistonda Rossiya sarmoyasi ishtirokida tuzilgan besh yuzdan ziyod qo‘shma korxona faoliyat yuritmoqda. Ular orasida “Petromaruzgaz” (kimyoviy mahsulotlar), “Vim-Bill-Dan – Toshkent” (sut mahsulotlari), “Baltimor-Chelak” (konserva), “Elimpeks” (to‘qimachilik), “Elektroizolit” (qurilish materiallari), “Ketgut-Silk” (kimyo va farmatsevtika mahsulotlari), “Pallada Vostok” (attorlik buyumlari) kabi korxonalar ayniqsa muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda. Yurtimizda Rossiyaning 145 firma va kompaniyasi o‘z vakolatxonasini ochgan. Rossiyada esa O‘zbekiston sarmoyadorlari bilan birgalikda tuzilgan uch yuzga yaqin qo‘shma korxona ishlab turibdi.

O‘zbekiston va Rossiya rahbarlarining uchrashuvlarida erishilgan kelishuvlar gumanitar hamkorlikni rivojlantirishda muhim omil bo‘lmoqda. O‘zbekistonda Rossiya xalqaro ilmiy va madaniy hamkorlik markazining (“Roszarubejsentr”) vakolatxonasi faoliyat ko‘rsatmoqda.

Ilm-fan va madaniyat namoyandalari hamda jamoat arboblarining tashabbusi bilan 2004 yili Moskvada o‘zbek xalqining boy tarixiy-madaniy merosini targ‘ib qilishni o‘ziga maqsad qilgan “O‘zbekiston madaniyati va san’ati forumi” jamg‘armasining taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Mazkur jamg‘arma tashabbusi bilan turli ko‘rgazmalar, festivallar, madaniyat kechalari o‘tkazib kelinmoqda. 2006 yili “Ittifoqchilik munosabatlari sharoitida O‘zbekiston va Rossiyaning gumanitar hamkorligi” mavzuida davra suhbati o‘tkazildi.

Gumanitar hamkorlik yo‘nalishida ilm-fan va ta’lim sohalaridagi aloqalar ham ustuvorlik kasb etmoqda. Toshkentda G.Plexanov nomidagi Rossiya iqtisodiyot akademiyasi, M.Lomonosov nomidagi Moskva davlat universiteti, I.Gubkin nomidagi Rossiya davlat neft va gaz universitetining filiallari faoliyat ko‘rsatayotgani bunga yaqqol misoldir.

Islom Karimov va Vladimir Putin mamlakatlarimiz o‘rtasidagi keng qamrovli va ko‘p qirrali hamkorlikning bugungi holatini yuqori baholadilar. Ayni paytda O‘zbekiston va Rossiya hali iqtisodiy sohada ham, ijtimoiy sohada ham ishga solinmagan ko‘plab imkoniyatlarga ega. Rossiya to‘qimachilik korxonalariga O‘zbekiston paxta tolasini ko‘proq yetkazib berish, Rossiya bozorini saxovatli O‘zbekiston zaminida yetishtirilgan noz-ne’matlar bilan to‘ldirish kabi misollarning o‘zidan bunga ishonch hosil qilish mumkin. Mashinasozlik, avtomobilsozlik, samolyotsozlik, axborot texnologiyalari, koinot tadqiqotlari kabi sohalar tahlil qilinganda esa imkoniyatlar yanada ko‘p ekanligi yaqqol ayon bo‘ladi.

Hukumat rahbarlariga, tegishli vazirlik va idoralar mutasaddilariga hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini ochish imkoniyatlarini o‘rganish, mavjud salohiyatni to‘la ishga solish chora-tadbirlarini ishlab chiqish yuzasidan vazifa va topshiriqlar berildi.

Muzokaralar yakunida O‘zbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi Prezidentlarining qo‘shma bayonoti, O‘zbekiston Respublikasi hukumati bilan Rossiya Federatsiyasi hukumati o‘rtasida 2008-2012 yillarga mo‘ljallangan iqtisodiy hamkorlik dasturi hamda Aviasozlik sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi bitim, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi bilan Rossiya Federatsiyasi Tashqi ishlar vazirligi o‘rtasida 2008 yilga mo‘ljallangan hamkorlik dasturi imzolandi.

Qo‘shma bayonotda tomonlar hamkorlikning hozirgi bosqichidan mamnun ekanligi bayon qilingan. Unda O‘zbekiston va Rossiyaning istiqbolda o‘zaro munosabatlarni yanada rivojlantirishga bo‘lgan xohish-istagi aks ettirilgan. Jumladan, tomonlar savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy, sarmoyaviy hamkorlikni kengaytirish, gumanitar sohadagi aloqalarni yanada mustahkamlashga kelishib olgani qayd etilgan.

Iqtisodiy hamkorlik dasturi ikki mamlakatning barqaror iqtisodiy rivojlanishini ta’minlash, savdo-iqtisodiy aloqalar ko‘lamini oshirish, ishbilarmonlarning hamkorligini rag‘batlantirish, birgalikda yirik loyihalar tuzish va amalga oshirish, agrosanoat sohasida hamkorlik qilish va tajriba almashish kabi ko‘plab tadbirlarni nazarda tutadi.

Ommaviy axborot vositalari vakillari bilan uchrashuvda Islom Karimov va Vladimir Putin muzokaralar ochiqlik, o‘zaro ishonch ruhida, ishchan kayfiyatda o‘tganini ta’kidladilar. Tashrif asnosida erishilgan kelishuvlar, imzolangan hujjatlar O‘zbekiston va Rossiya taraqqiyotiga, ikki mamlakat xalqlarining farovonligini yanada oshirishga, davlatlarimiz o‘rtasidagi ittifoqchilik munosabatlarini izchil rivojlantirishga xizmat qilishi qayd etildi.

– Aloqalarimiz barqaror sur’at bilan rivojlanmoqda. Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnoma hamkorlikning yangi qirralarini ochish uchun yaxshi zamin yaratmoqda, – dedi Islom Karimov. – Bugungi muzokaralar o‘zaro munosabatlarni tahlil etish, istiqboldagi hamkorlik masalalarini muhokama qilish, ustuvor yo‘nalishlarni belgilab olish uchun yaxshi imkoniyatdir.

Vladimir Putin bugungi muzokaralar ikki tomonda ham o‘zaro munosabatlarni yangi mazmun bilan boyitishga intilish kuchli ekanligini namoyon etganini ta’kidladi.

– O‘zaro tovar ayirboshlash ko‘lami tobora kengaymoqda. O‘zbekistonga eksportning uchdan bir qismini, O‘zbekistondan importning qariyb yarmini sanoat mahsulotlari tashkil etayotir. Biz O‘zbekistonni Markaziy Osiyodagi eng muhim strategik sheriklardan deb bilamiz. Bugun qabul qilingan qo‘shma bayonot intilishlarimizning mushtarakligiga bir tasdiqdir, – dedi V.Putin.

Moskva safari asnosida Prezident Islom Karimov “Lukoyl” OAJ prezidenti V.Alekperov va “Rusal” kompaniyasi direktorlar kengashi raisi O.Deripaskani qabul qildi. Uchrashuvlarda yoqilg‘i-energetika majmui va konchilik borasidagi hamkorlikka oid masalalar muhokama qilindi.

Shu bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning Rossiya Federatsiyasiga rasmiy tashrifi nihoyasiga yetdi. Ta’kidlash joizki, ushbu tashrif O‘zbekiston bilan Rossiya o‘rtasidagi munosabatlarning mazmunini yanada boyitib, hamkorlikning yangi qirralarini ochishga xizmat qiladigan natijalar bilan yakunlangani ittifoqchilik tamoyillari mustahkamlanib borayotganidan yana bir dalolatdir.

Manba: www.uza.uz