Mamlakatimiz sanoatining yuksak salohiyati

15/11/2007 - 04:25 14507

“O‘zekspomarkaz“da O‘zbekiston sanoat yarmarkasi va kooperatsiya birjasi davom etmoqda. Prezident Islom Karimov tashabbusi bilan tashkil etilgan O‘zbekiston sanoat yarmarkasi va kooperatsiya birjasining navbatdagi ish kunida “O‘zbekiston temir yo‘llari” davlat aksionerlik kompaniyasi, “O‘zmontajmaxsusqurilish” uyushmasi, “O‘zqurilishmateriallari” aksionerlik kompaniyasi, “O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasi va “Fayz” xolding kompaniyasi mahsulotlarining taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Tadbirlarda davlatimiz rahbarining kuni kecha e’lon qilingan “Ichki tarmoq va tarmoqlararo sanoat kooperatsiyasini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida“gi farmon mamlakatimiz sanoat korxonalari o‘rtasidagi kooperatsiya aloqalarini yanada rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlar yaratishi alohida ta’kidlandi. Mamlakatimizda milliy transport magistrallarini takomillashtirish va temir yo‘l sohasini rivojlantirishga qaratilgan izchil islohotlar amalga oshirilmoqda. Bu “O‘zbekiston temir yo‘llari” davlat aksionerlik kompaniyasi poyezdlarida yo‘lovchi va yuk tashish hajmini yil sayin oshirish imkonini bermoqda. Xususan, 2006 yili ellik million tonnadan ziyod yuk manziliga yetkazildi. Kompaniyada temir yo‘l uchastkalarini elektrlashtirish, yangi temir yo‘l liniyalarini barpo etish, yuk vagonlari parki va lokomotivlarga texnik xizmat ko‘rsatish bilan bog‘liq ishlar jadal davom etmoqda. Bu borada kompaniya ko‘plab mamlakatlar bilan samarali hamkorlik qilib kelayotir. “O‘zqurilishmateriallari” aksionerlik kompaniyasi korxonalari tomonidan ishlab chiqarilayotgan qurilish materiallarining hajmi O‘zbekistonda jami qurilish materiallari mahsulotlarining yetmish foizdan ziyodini tashkil etadi. So‘nggi yillarda kompaniya mahsulotlarini eksport qilish hajmi sezilarli darajada oshdi. Mazkur korxonalarda ishlab chiqarilayotgan yuqori sifatli mahsulotlar xaridorgir. Karim Muhammadyorov, “O‘zqurilishmateriallari” aksionerlik kompaniyasi menejeri: – Ilgari mamlakatimizdagi ko‘plab korxonalar bir-birining faoliyati va imkoniyatlarini unchalik yaxshi bilmas edi. Shu tufayli zarur xomashyo, butlovchi qism va yarim tayyor mahsulotlar asosan chetdan keltirilar edi. Kooperatsiya birjasi ko‘pgina mahsulotlarni o‘zimizda ishlab chiqarish imkoniyatlari keng ekanligini namoyon etdi. Korxonalarimiz tarmoq korxonalari va boshqa tarmoqlarda faoliyat yurituvchi subyektlar bilan muzokaralar o‘tkazib, o‘zaro manfaatli shartnomalar tuzayotir. Masalan, Qo‘ng‘irot soda zavodi bilan 11 milliard so‘mlik shartnoma imzolandi. Ilgari kalsiylangan soda Rossiyadan keltirilar edi. Bundan tashqari, korxonalarimizda ishlab chiqariladigan yangi turdagi mahsulotlar – har xil rangli qoplama deraza oynalari, aluminiy-plastik kompozit panellar, cherepitsa, plastmassa eshik-romlar va ularning furniturasi, sun’iy sement asosida tayyorlangan dekorativ toshlar savdosi bo‘yicha savdo shartnomalari imzolanadigan bo‘ldi. Uch kun davomida imzolangan shartnomalarimizning umumiy qiymati salkam 15 milliard so‘mni tashkil etdi. “O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasi qisqa vaqt ichida xalqaro aviatashuvlar bozorida o‘zining munosib o‘rnini egalladi. Ayni paytda kompaniya mamlakatimizning jahon hamjamiyatiga integratsiyalashuviga, O‘zbekistonning dunyoning ko‘plab mamlakatlari bilan aloqalarini mustahkamlashga o‘z hissasini qo‘shmoqda. “Fayz” xolding kompaniyasi – mamlakatimiz mebelsozlik sanoatida faoliyat yurituvchi yirik korxonalardan. Uning uy, idora va davlat tashkilotlari uchun mo‘ljallangan mebel jihozlariga nafaqat yurtimizda, balki xorijda ham talab katta. Furqat Baratov, “Fayz” xolding kompaniyasi raisining o‘rinbosari: – Kooperatsiya birjasida boshqa tarmoq korxonalaridan umumiy qiymati bir milliard so‘mlik mahsulot sotib olish yuzasidan savdo shartnomasi imzoladik. “V.P.Chkalov nomidagi Toshkent aviatsiya ishlab chiqarish birlashmasi” davlat aksionerlik jamiyati, “Navoiyazot” ochiq aksionerlik jamiyati, “O‘zavtosanoat” aksionerlik kompaniyasi kabi yirik sanoat korxonalari vakillari bilan o‘zaro hamkorlikni kengaytirishga kelishib oldik. Mazkur birja va ko‘rgazma bizga turdosh korxonalar bilan yanada yaqin aloqa o‘rnatib, yangi hamkorlar topish, ayni paytda, o‘z kompaniyamiz salohiyatini namoyish etish imkonini bermoqda. O‘zbekiston sanoatchilari forumi boshlanganidan buyon umumiy qiymati 259 milliard so‘mlik 237 shartnoma imzolandi. Manba: www.uza.uz