Hamkorlik samaralari

31/10/2007 - 04:15 2310

Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar o‘rtasidagi ishonch, do‘stona munosabatlar hamda o‘zaro manfaatdorlikka asoslangan iqtisodiy aloqalar o‘z samarasini bermoqda. Surxondaryo viloyatida SHHT mamlakatlari ishtirokida 15 ta qo‘shma korxona tashkil etilgan. Zamonaviy texnologiyalar bilan ta’minlangan ushbu korxonalarda raqobatbardosh qurilish materiallari, mebel jihozlari tayyorlanmoqda, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari qayta ishlanmoqda. Mazkur hamkorlik samarasini O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasining viloyat hududiy boshqarmasi bilan Xitoyning Sinszyan Uyg‘ur avtonom tumani tashqi iqtisodiy aloqalar, savdo va hamkorlik departamenti o‘rtasida o‘rnatilgan hamkorlik misolida ham ko‘rish mumkin. Viloyat tadbirkorlari va fermerlari Urumchi shahrida o‘tkazilgan xalqaro savdo-iqtisodiy yarmarkada ishtirok etib, 520 ming AQSH dollaridan ortiq xorij uskunalari uchun shartnoma tuzgan. Shuningdek, viloyatda ikkita qo‘shma korxona tashkil etish yuzasidan kelishuv bitimi imzolangan. Jarqo‘rg‘on tumanida “Jarqo‘rg‘onneftqaytaishlash” O‘zbekiston-Rossiya qo‘shma korxonasi tashkil etilganiga uch yil bo‘ldi. Korxona viloyatda qazib olinayotgan neft xomashyosidan to‘rt xildagi sanoat mahsulotlari ishlab chiqarmoqda. 300 dan ortiq ishchi mehnat qilayotgan korxona mahsulotlariga nafaqat ichki bozorda, balki xorijda ham talab ortib borayotir. Bu yerda ishlab chiqarilayotgan bitum, pech va dizel yonilg‘isining bir qismi MDH mamlakatlariga eksport qilinmoqda. - Ishlab chiqarish samaradorligini oshirib borish – bosh maqsadimiz, – deydi qo‘shma korxona direktori o‘rinbosari X. Ollaberdiyev. – Daromadning bir qismini xayrli tadbirlarga yo‘naltirmoqdamiz. Yilning o‘tgan davrida kam ta’minlangan oilalarga moddiy yordam ko‘rsatdik. Hududimizdagi “Olmaxon” bolalar bog‘chasi binosini qayta ta’mirlash va zamonaviy usulda jihozlash ishlarini bajardik. Kelgusida ishlab chiqarilayotgan mahsulot turini ko‘paytirib, yangi ish joylari yaratishni mo‘ljallayapmiz. Manba: www.uza.uz