O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining majlisi to‘g‘risida axborot

28/09/2007 - 03:37 2994

2007 yil 26 sentabrda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining majlisi bo‘lib o‘tdi. Majlisda 2008 yil uchun makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar prognozi, soliq va budjet siyosati konsepsiyasi, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti loyihasi muhokama qilindi. Majlisni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh.Mirziyoyev olib bordi. Majlis muhokamasiga kiritilgan mamlakatimizning kelgusi yil uchun asosiy iqtisodiy hujjatlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri o‘rinbosari, Moliya vaziri R.Azimov so‘zga chiqdi. Ma’ruzada hukumatga ko‘rib chiqish uchun kiritilgan hujjatlarning O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi, Vazirlar Mahkamasi va Prezident Devonining 2007 yil 30 avgustda bo‘lib o‘tgan qo‘shma majlisidagi ma’ruzasidan kelib chiqadigan mamlakatimiz iqtisodiyotini yanada isloh qilish va modernizatsiyalashning eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga asoslanganligi ta’kidlab o‘tildi. Iqtisodiyot vaziri B.Xo‘jayev, Davlat soliq qo‘mitasi raisi B.Parpiyev, Davlat bojxona qo‘mitasi raisi S.Nosirov, Savdo-sanoat palatasi raisi A.Shayxov, Toshkent shahar hokimi A.To‘xtayev hamda bir qator xo‘jalik birlashmalari va yirik korxonalar rahbarlari, kichik va xususiy biznes vakillarining chiqishlarida iqtisodiy o‘sishning barqaror yuqori sur’atlarini saqlashga, iqtisodiyotni tarkibiy isloh qilishni, modernizatsiyalashni, bazaviy tarmoqlarni texnik va texnologik jihatdan qayta jihozlashni ta’minlashga, investitsiyaviy muhitni yaxshilashga, kichik va xususiy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilgan chora-tadbirlarga alohida e’tibor qaratildi. Majlisda Iqtisodiyot vazirligi va Moliya vazirligining yalpi ichki mahsulotning yuqori real o‘sish sur’atlarini kamida 8 foiz darajasida bo‘lishini, sanoat tarmoqlarini 9,6 foiz miqdorida jadal o‘stirishni, kapital qo‘yilmalar hajmini 16 foizga ko‘paytirishni, inflatsiyani aholining real daromadlarini jadal o‘stirgan holda 6-8 foiz darajasida saqlashni ko‘zda tutuvchi 2008 yil uchun makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar prognozi bo‘yicha takliflari qo‘llab-quvvatlandi. Majlisda birinchi navbatdagi vazifalar qatorida to‘lovlar intizomini yanada mustahkamlash, Davlat budjetiga soliqlar va budjetdan tashqari jamg‘armalarga tushumlar yig‘ish darajasini oshirish masalalari ko‘rib chiqildi. Kadrlar tayyorlash, maktab ta’limini rivojlantirish, sog‘liqni saqlash sohasini isloh qilish, aholini ijtimoiy himoya qilishni ta’minlash sohasidagi davlat dasturlarini bajarishga birinchi navbatda yo‘naltiriladigan budjet mablag‘larining tejamli va samarali ishlatilishi masalalari Xalq ta’limi vaziri T.Jo‘rayev, Sog‘liqni saqlash vaziri F.Nazirov, budjetdan mablag‘ oluvchi bir qator idoralar va muassasalar rahbarlarining chiqishlari markazida bo‘ldi. Muhokama chog‘ida 2008 yil uchun soliq va budjet siyosatini, O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti parametrlarini yanada takomillashtirish bo‘yicha aniq takliflar ishlab chiqildi. Jumladan, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni jadal rivojlantirish, shu asosda aholini ish bilan ta’minlash va aholi farovonligini oshirish masalalarini hal etish uchun qo‘shimcha rag‘batlar yaratish maqsadida mikrofirmalar va kichik korxonalar uchun yagona soliq to‘lovi stavkasini 10 foizdan 8 foizgacha kamaytirish taklif etildi. Ishlab chiqarish samaradorligini oshirishni, investitsiyaviy jarayonlarni faollashtirishni, korxonalarni modernizatsiya qilish, texnika va texnologiyalar bilan qayta jihozlashni rag‘batlantirishni mo‘ljallagan holda soliq yukini izchil qisqartirish maqsadida tabiiy gazga aksiz solig‘i stavkasini 5 foizli bandga va tijorat banklari uchun foyda solig‘i stavkasini 2 foizli bandga kamaytirish, respublikamizda ishlab chiqariladigan bir qator xalq iste’moli tovarlariga aksiz solig‘ini bekor qilish taklif etildi va soliq yukini kamaytirishga qaratilgan boshqa chora-tadbirlar ko‘rib chiqildi. 2007-2009 yillar mobaynida ish haqi va boshqa to‘lovlar miqdorini 2,5 baravar oshirish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov tomonidan qo‘yilgan vazifani bajarish uchun Vazirlar Mahkamasi majlisida 2008 yilgi Davlat budjeti loyihasining xarajatlar qismida budjet tashkilotlari xodimlari ish haqi, pensiyalar, stipendiyalar va nafaqalar miqdorini izchil oshirishga qo‘shimcha budjet mablag‘lari ajratilishini ko‘zda tutish taklif etildi. Shu bilan birga, ijtimoiy sohaga va aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga xarajatlarning Davlat budjetidagi ulushini 54 foiz darajasigacha ko‘paytirish taklif etildi. Olinadigan soliqlar miqdorini qisqartirish hisobiga aholining real daromadlarini oshirish tendensiyasini saqlab qolish maqsadida jismoniy shaxslarning 13 foizli stavka bo‘yicha soliq solinadigan daromadlari chegaralarini eng kam oylik ish haqi miqdorining 5 baravaridan 6 baravarigacha kengaytirish taklif etildi. Shu bilan bir qatorda, majlisda ta’lim muassasalarini budjetdan rejalashtirish va moliyalashtirishni yanada takomillashtirish, unumdorligi past yerlarda paxta yetishtiradigan fermer xo‘jaliklarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, yerlarning meliorativ holatini yaxshilash tadbirlarini moliyalashtirish hajmlarini tubdan o‘stirish bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘rib chiqildi. Vazirlar Mahkamasi tomonidan muhokama natijalari bo‘yicha 2008 yil uchun makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar prognozini, soliq va budjet siyosati konsepsiyasini, O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti loyihasini asosan ma’qullash va ularni ko‘rib chiqish va tasdiqlash uchun O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga yuborish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. 2008 yil uchun Davlat budjetining aniq parametrlari ular O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan qabul qilingandan keyin chop etiladi. Manba: www.uza.uz