Servis sohasi rivojlanishda

16/08/2007 - 03:35 2466

Prezidentimiz Islom Karimovning 2006 yilda mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2007 yilda iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirishning eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan Vazirlar Mahkamasi majlisidagi ma’ruzasida aholi bandligini ta’minlaydigan sohalar, jumladan, servisni yanada rivojlantirish masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Yurtimizda xizmatlar bozori tobora kengayib borayotgani, bir tomondan, aholiga qulayliklar yaratayotgan bo‘lsa, ikkinchi tomondan, ochilayotgan yangi ish o‘rinlari orqali daromad manbalari yanada ko‘paymoqda. Bunda davlatimiz rahbarining shu yil 21 mayda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasida 2010 yilgacha bo‘lgan davrda xizmat ko‘rsatish va servis sohasini rivojlantirishni jadallashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori sohadagi ishlar ko‘lamini yanada kengaytirishda muhim omil bo‘lmoqda. – Xizmat ko‘rsatish va servisni jadal rivojlantirish uchun qulay sharoit yaratish, ichki iste’mol bozorini zamonaviy, sifatli xizmat turlari bilan to‘ldirish maqsadida soha vakillariga qator qulayliklar berilmoqda, – dedi Toshkent shahar davlat soliq boshqarmasi boshlig‘i Abdusalom Yo‘ldoshev O‘zA muxbiriga. – Xususan, Prezidentimizning mazkur qarori asosida, xizmat ko‘rsatuvchi ayrim yuridik shaxslar daromad (foyda) solig‘i va yagona soliq to‘lashdan ozod etildi. Poytaxtimizda bunday imkoniyatdan foydalanayotgan servis sohasi vakillari ko‘p. Ulardan biri – “Transinshurance” sug‘urta korxonasining yillik tovar aylanmasi imtiyoz joriy etilgunga qadar yiliga 114 million so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, joriy yilning dastlabki yarim yillik yakuni bo‘yicha korxona qariyb uch yuz million so‘m foyda ko‘rdi. “TRI-S-audit” korxonasi auditorlik faoliyati bilan shug‘ullanadi. 2005 yilda korxonaning tovar aylanmasi 31 million so‘m bo‘lgan edi. Joriy yilning birinchi yarmida esa berilgan imtiyozlar tufayli bu ko‘rsatkich 105 million so‘mga ko‘tarildi. Mazkur korxonalarda sof foydaning o‘sishi moddiy-texnik bazaning yaxshilanishi va xizmat sifatini yuksaltirishga yo‘naltirilyapti. Yangi ish o‘rinlari ham kengaymoqda. Yakkasaroy tumanidagi “Orgtexnik servis” xususiy korxonasi 2004 yilda faoliyat boshlagan. Zamonaviy texnika vositalarini ta’mirlash bilan shug‘ullanadigan mazkur korxona ham tegishli imtiyozlardan foydalanish evaziga iqtisodiy jihatdan ancha yuksaldi. Tejalayotgan mablag‘ hisobiga moddiy-texnika bazasi mustahkamlangani hamda xizmat ko‘rsatish sifatini oshirgani uchun uning mijozlari soni kundan-kun ko‘paymoqda. Bularning barchasi mamlakatimizda iqtisodiyotimizni yanada yuksaltirish va xalqimiz farovonligini oshirishga qaratilgan izchil islohotlar berayotgan samaralardandir.

Manba: www.uza.uz