Jamoatchilik fikri va Konstitutsiya

12/12/2006 - 03:21 3164

O‘zbekistonda davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlaridan biri tinchlik va fuqarolar totuvligini yanada mustahkamlash orqali respublikada siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning jadal amalga oshirilishini ta’minlash, mamlakatning xalqaro maydondagi obro‘sini yuksaltirishdan iboratdir. Jamiyat va shaxs manfaatlari mutanosibligini ta’minlaydigan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi ushbu ijobiy jarayonlarni rivojlantirishning asosidir. “Ijtimoiy fikr” jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi tomonidan Konstitutsiya kuni arafasida o‘tkazilgan so‘rov natijalari ham shundan dalolat beradi. Mamlakatimizda Prezident Islom Karimov rahnamoligida amalga oshirilayotgan tub o‘zgarishlarning mazmun-mohiyati Konstitutsiya tamoyillarini amalga oshirish bilan bevosita bog‘liq. 14 yil avval qabul qilingan ushbu hujjat dunyoning ko‘plab rivojlanayotgan mamlakatlari konstitutsiyasi uchun etalonga aylandi. Xorijiy ekspertlarning fikricha, buning sababi O‘zbekiston Konstitutsiyasida haqiqiy demokratik jamiyatning mamlakat fuqarolariga barcha huquq va erkinliklarni kafolatlaydigan asosiy tamoyillari asos qilib olinganidadir. Ijtimoiy tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, O‘zbekiston aholisining aksariyati uchun (94,3 foiz) tinchlik va barqarorlik, millatlararo va fuqarolar totuvligi mustaqillik tufayli erishilgan eng katta boyligimiz hisoblanadi. So‘rovga ko‘ra, respublikamiz aholisi diniy ekstremizm va terrorchilikni qattiq qoralaydi va davlatimizning ushbu illatlarga qarshi kurashga qaratilgan siyosatini qo‘llab-quvvatlaydi. So‘rov davomida olingan ma’lumotlarni o‘tgan yillardagi natijalarga taqqoslash ushbu fikrlarning qat’iyligini tasdiqlaydi. So‘rovda shahar va qishloq aholisi, oilasi, ma’lumoti, ijtimoiy mavqei va dinidan qat’i nazar turli jins va yoshdagi kishilarning ishtirok etgani ushbu fikrlarning xolisligini ta’minlaydi. O‘zbekiston fuqarolarining mamlakatimiz Asosiy qonuni demokratiya, ijtimoiy odillik, bag‘rikenglik maqsadlari, milliy manfaatlarga to‘la javob berishiga ishonchi komil. So‘rovda qatnashganlarning ko‘pchiligi Prezidentimiz Islom Karimovni ushbu omillarni ta’minlashning asosiy kafolati deb hisoblaydi. Respublika aholisi davlatimiz rahbari yuritayotgan siyosatni to‘la qo‘llab-quvvatlaydi. Zero, ushbu siyosat doirasida hayotimizning barcha jabhalarida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar aholi farovonligini yanada oshirish, ehtiyojlarini qondirish va orzu-umidlarini ro‘yobga chiqarishga qaratilgan. So‘rov qatnashchilari aksariyatining (92,8 foiz) fikricha, mamlakatimizda barcha fuqarolar moddiy va ijtimoiy ahvoli, dini, millatidan qat’i nazar qonun oldida teng, ularning huquq va erkinliklariga to‘liq (deyarli 100 foiz) amal qilinmoqda . Ijtimoiy tadqiqotlar natijalari O‘zbekiston xalqining o‘z rivojlanish yo‘liga sodiqligidan yana bir dalolatdir. “Bugungi hayotingizdan mamnunmisiz?” degan savolga ishtirokichlarning 89,9 foizi qoniqarli javob berdi. Bu O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan demokratik islohotlarning samaradorligiga yorqin misol bo‘la oladi. Konstitutsiya kuni arafasida o‘tkazilgan so‘rov fuqarolarning ijtimoiy faolligini namoyish etdi, o‘z hayotida mamlakat Asosiy qonuniga tayanadigan O‘zbekiston xalqi bozor iqtisodiyoti rivojlangan demokratik huquqiy davlat qurish yo‘lidan og‘ishmay borayotganini yana bir karra isbotladi.

Manba: www.uza.uz