Savol - Javob

03/08/2020 - 16:29 9091

 
 
Mamlakatimiz YaIMni yaratishda xizmat ko‘rsatish sohasining o‘rni va roli sezilarli darajada bo‘lib, qariyb uning yarmini tashkil qiladi.Pandemiya tufayli xizmat ko‘rsatishning pasayishi talabning taklifga nisbatan yuqoriligini ta’minlaydi. Bu esa narxlar muvozanatiga ham salbiy ta’sir o‘tkazmay qolmaydi. Bu yo‘nalishdagi muammolar qanday yechiladi?
 
 
Eshchanov Adxam,

Innovatsion va raqamli iqtisodiyotni hamda xizmatlar sohasini rivojlantirish departamenti direktori



Birinchidan, bugungi kunda jahon iqtisodiyoti rivojlanishining asosiy omillaridan biri sifatida xizmat ko‘rsatish sohasi e’tirof etilmoqda. Xorijiy tajribaga qaraydigan bo‘lsak, ayniqsa rivojlangan davlatlarda mazkur sohaning yalpi ichki mahsulotidagi ulushi 60-70 foizni hamda ish bilan band aholining ham 50-60 foizini tashqil qilmoqda.

Mamlakatimizda ham xizmatlar sohasi yalpi ichki mahsulotidagi ulushi yuqori bo‘lgan soha hisoblanadi. 2019 yilda xizmatlar sog‘asining Yalpi ichki mahsulotidagi ulushi 35,5% foizni tashkil etgan va ish bilan band aholining 40 foizdan ortig‘i aynan xizmatlar sohasiga to‘g‘ri keladi.

Ikkinchidan, butun dunyoda bo‘lgani kabi O‘zbekistonda ham xizmatlar sohasi pandemiya davrida eng ko‘p zarar ko‘rgan sohalardan biridir.

Koronavirus pandemiyasining dunyo bo‘ylab keskin tarqalib ketishi natijasida, davlatlarning o‘zini-o‘zi izolatsiyaga olishi va davlatlar o‘rtasidagi savdo aloqalarining tushib ketishi, avia, temir yo‘l va avto transport qatnovlarining (yo‘lovchilarni tashish) karantin davrida to‘xtatilishi butun dunyo iqtisodiyotiga jiddiy zarar yetkazdi (yetkazmoqda).

Ushbu muammolarni yechimi bo‘yicha aniq vazifa belgilab berildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 16 iyundagi “Xizmatlar sohasini qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq xizmatlar sohasini rivojlantirish uchun tijorat banklariga O‘zbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasidan 100 million AQSh dollari ekvivalentida (1 trln. so‘m) kredit liniyasini ajratiladi.

Ushbu kreditlar tijorat banklari tomonidan xizmat ko‘rsatish sohasidagi tadbirkorlik sub’ektlariga, ayniqsa maishiy xizmat, ta’lim, tibbiyot, axborot-kommunikatsiya va boshqa talab yuqori bo‘lgan sohalarda faoliyat ko‘rsatadigan korxonalarni tashkil etish bo‘yicha loyihalarga Markaziy bankning qayta moliyalashtirish stavkasi darajasida

1 milliard so‘mgacha miqdorda imtiyozli kreditlar ajratiladi.

Ushbu imtiyozli kredit mablag‘laridan foydalanilgan holda hozirgi kunda respublikaning barcha hududlarida xizmatlar sohasini yanada rivojlantirish va aholini bandligini ta’minlash, yangi ish o‘rinlari yaratish bo‘yicha loyihalar shakllantirilmoqda.

Respublikada xizmatlar sohasining tezkor o‘sish sur’atlarini ta’minlash, mazkur yo‘nalishda tadbirkorlikni yanada qo‘llab-quvvatlash va aholi uchun yangi ish o‘rinlarini yaratish maqsadida qo‘shimcha ravishda o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan 67 ta faoliyat bo‘yicha ularga “Har bir oila ― tadbirkor” dasturi doirasida imtiyozli kreditlar (15%) ajratilishi belgilangan.

Shu bilan birgalikda o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar 2020 yil uchun ijtimoiy soliqni o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida haqiqatda ishlagan vaqtidan qat’iy nazar bazaviy hisoblash miqdorining kamida 50 foizi hajmida to‘laydi hamda ushbu summa to‘liqligicha byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasiga yo‘naltiriladi va undan kelib chiqqan holda yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun o‘rnatilgan tartibda pensiya hisoblash uchun asos bo‘ladi.

Hududlarning imkoniyatlari, salohiyati va geografik joylashuvlarini yanada chuqur tahlil qilgan holda xizmatlar sohasini rivojlantirish, uning Yalpi ichki mahsulotdagi ulushini oshirish maqsadida qo‘shimcha mablag‘lar jalb etilmoqda, xususan tuman (shahar)lar kesimida Namangan viloyatida xizmat ko‘rsatish sohasini rivojlantirishga bo‘lgan ehtiyojdan kelib chiqqan holda, qo‘shimcha yana 100 mlrd.so‘m kredit resurslarini ajratish yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga taklif kiritilgan.

Bu olib borilayotgan islohatlarning barchasi Respublikada pandemiya vaqtida eng ko‘p aziyat chekayotgan xizmatlar sohasini yanada qo‘llab quvvatlash va aholini ish bilan ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlardir.


#Savol-Javob

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi

Axborot xizmati