Barqaror Rivojlanish Maqsadlarining bajarilishi to‘g‘risida O‘zbekistonning birinchi Ixtiyoriy Milliy hisobotining taqdimoti bo‘lib o‘tdi

21/07/2020 - 21:17 978

Joriy yil 15 iyul' kuni Birlashgan Millatlar Tashkilotining Iqtisodiy va Ijtimoiy Kengashi boshchiligida Barqaror rivojlanish bo‘yicha oliy darajadagi siyosiy forumda Barqaror Rivojlanish Maqsadlarining (BRM) bajarilishi to‘g‘risida O‘zbekiston Milliy hisobotining birinchi taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Taqdimot BRM bo‘yicha majburiyatlarni qabul qilgan BMTga a'zo mamlakatlar ishtirokida videokonferensiya ko‘rinishida o‘tkazildi.

Ma'lumot uchun: Ixtiyoriy milliy hisobot (IMH) - bu mamlakatlarning Barqaror Rivojlanish Maqsadlariga erishish sohasida va “Hech kimni ortda qoldirmaslik”majburiyatini amalga oshirishda yutuqlarni baholash jarayoni hisoblanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi T.K. Narbaeva siyosiy Forum ishtirokchilariga kirish so‘zi bilan murojaat qildi va O‘zbekistonning 2030 yilgacha Global kun tartibini amalga oshirish va Barqaror rivojlanish maqsadlariga to‘liq mos keladigan islohotlarni ilgari surishda qat'iy ekanligini ta'kidladi.

Siyosiy Forum ishida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markazi direktori A.X. Saidov ham ishtirok etib, siyosiy Forum ishtirokchilari savollariga javob berdi.

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligining vakili O‘zbekistonning Ixtiyoriy Milliy sharhini taqdim etdi. Taqdimotda Forum ishtirokchilari O‘zbekistonning Barqaror rivojlanish maqsadlari bo‘yicha erishgan yutuqlari, shuningdek, mamlakat oldida turgan chaqiriq va vazifalar bilan tanishtirildi.

Shuningdek, O‘zbekistonda BRMning amalga oshirilishi 2017 – 2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha harakatlar strategiyasi doirasida keng ko‘lamli islohotlarga to‘la mos kelishi alohida ta'kidlandi. Mazkur strategiya va uning beshta ustuvor yo‘nalishlari global BRMga mos kelishi e'tirof etildi.

Milliy BRMlarni umummilliy, tarmoqlararo va mintaqaviy rivojlanish strategiyalari va dasturlari, shu jumladan, ishlab chiqilayotgan O‘zbekiston Respublikasini 2030 yilgacha kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish konsepsiyasi va Kambag‘allikni qisqartirish strategiyasi bilan integratsiyasini ta'minlash ishlari olib borilmoqda.

                Hukumat tomonidan islohotlarning natijadorligi 23 ta global reyting (indeks)lari, shu jumladan, O‘zbekiston hozirda 162 davlat orasida 52-o‘rinni egallagan BRM global reytingi orqali monitoring qilib borilishi taqdimot davomida qayd etildi.

                O‘zbekistonning Barqaror rivojlanish milliy maqsadlari bo‘yicha erishgan yutuqlari orasida quyidagilar e'tirof etildi:

·       kambag‘al aholi ulushi 2015 yildagi 12,8%dan 2018 yilda 11,4%gacha kamaygan;

·       bolalarni maktabgacha ta'lim tizimi bilan qamrov darajasi 2017 yildagi 27,7%dan 2019 yilda 52%ga oshgan;

·       World Justice Project xalqaro tashkiloti tomonidan tuzilgan qonun ustuvorligi indeksiga ko‘ra, 2020 yilda O‘zbekiston 128 mamlakat orasida 92-o‘rinni egallagan. Bir yil ichida respublika o‘z pozisiyasini to‘rt pog‘onaga yaxshiladi;

·       O‘zbekiston Respublikasining “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida” hamda “Xotin-qizlarni taz'yiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida” kabi gender tengligiga yo‘naltirilgan Qonunlari qabul qilingan;

·       boshqaruv lavozimlarida ayollarning ulushi 33,0%ni va band aholining 45%ni ayollar tashkil etmoqda;

·       qishloq joylarda elektr energiyasidan foydalanish darajasi 74 %dan 78 %ga, tabiiy gaz bilan ta'minlanish 62% dan 67% ga, ichimlik suvi bilan 62,6% dan 64,1% ga oshdi;

·       O‘zbekiston biznes yuritish bo‘yicha «Doing business» global reytingida o‘z mavqeini 2015 yildagi 141-o‘rindan 2019 yilda 76 o‘ringa, 2020 yilda esa 69 o‘ringa yaxshilagan;

·       BMT elektron hukumatini rivojlantirish indeksida 2014 yildagi 100-o‘rindan 2018 yilda 81-o‘ringa ko‘tarilgan;

·       2017-2018 yillarda yalpi investisiyalarning o‘rtacha yillik o‘sish sur'atlari 12,0% ga oshgan.

Taqdimot davomida, shuningdek,

     COVID-19 pandemiyasi barcha mamlakatlarning BRMga erishish jarayonini sekinlashtirishga tahdid solayotgani Siyosiy Forumning barcha ishtirokchilari tomonidan ta'kidlandi.

     O‘z navbatida, mazkur inqirozining ta'sirini yumshatishga qaratilgan ta'sir choralari sifatida O‘zbekiston hukumati qator yirik chora-tadbirlar, shu jumladan tadbirkorlik sub'ektlari, ijtimoiy himoyaga muxtoj aholi qatlami va ijtimoiy soha ishchilarini qo‘llab-quvvatlash uchun moliyaviy va huquqiy choralarini qabul qildi. 1 milliard AQSh dollari miqdorida Inqirozga qarshi kurash jamg‘armasi tashkil etildi.

O‘zbekiston oldida quyidagi strategik maqsad va vazifalar turganligi ta'kidlandi:

·       kambag‘allik va tengsizlik darajasini yanada kamaytirish (1 va 10 BRM);

·       chekka hududlar va aholining zaif qatlamlariga e'tibor qaratgan holda Ijtimoiy xizmatlardan, xususan sog‘liqni saqlash (3 BRM) va ta'lim (4 BRM) sifati va teng imkoniyatlarini yaxshilash;

·       aholi, ayniqsa yoshlar va ayollarni barqaror ish joylari bilan ta'minlash (5 va 8 BRM);

·       barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish va iqlim o‘zgarishiga moslashish uchun suv (6 BRM), energiya (7 BRM), yer

(BRM 2 va 15) va boshqa tabiiy resurslardan (11, 12, 13 BRM) yanada oqilona foydalanishga erishish;

·       "Hech kim ortda qoldirilmaydi" tamoyili ostida qonun ustuvorligi, so‘z va matbuot erkinligini yanada mustahkamlash, davlat xizmatlarining shaffofligi va sifatini oshirish, korrupsiyani kamaytirish (16 BRM) va gender tengligiga erishish (5 BRM).

Taqdimot yakuni bilan BRM ijrosi bo‘yicha qizg‘in munozaralar bo‘lib o‘tdi va O‘zbekiston delegasiyasi tomonidan ishtirokchi davlatlarning savollariga batafsil javob va tushuntirishlar berildi.


O'zbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot

va kambag'allikni qisqartirish vazirligi

Axborot xizmati