Matbuot anjumani tashkil etildi

07/02/2020 - 16:07 819

2020 yil 6 fevral kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida yengil sanoatni rivojlantirish va tayyor mahsulotlar ishlab chiqarishni rag‘batlantirish masalalariga bag’ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Matbuot anjumanida Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi va “O‘zcharmsanoat” uyushmasi mutasaddi rahbar xodimlari ishtirok etdi.

Bugungi kunda mamlakatimiz iqtisodiyotida yengil sanoatining, xususan, to‘qimachilik va tikuv-trikotaj hamda charm-poyabzal va mo‘ynachilik sanoatlari ulushi sezilarli darajada oshib borishi natijasida keng turdagi sifatli mahsulotlar ishlab chiqarilib, nafaqat ichki balki tashqi bozorlarga ham yo‘naltirilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 16 sentabrdagi “Yengil sanoatni yanada rivojlantirish va tayyor mahsulotlar ishlab chiqarishni rag‘batlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ushbu sohalarni yanada rivojlantirishga turtki berdi.

Jumladan, 2019 yilda 42,6 trln. so‘mlik to‘qimachilik va tikuv-trikotaj hamda charm-poyabzal va mo‘ynachilik mahsulotlari ishlab chiqarilib, o‘sish sur’ati o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 105,7 foizni tashkil etdi.

Hisobot davrida tarmoq korxonalari tomonidan barcha mahsulotlar ishlab chiqarishda o‘sish sur’atlari ta’minlandi, xususan, 608,2 ming tonna ip kalava, 471 mln.kv.m gazlama, 164,6 ming tonna mato, 260,8 mln. juft paypoq mahsulotlari, 790 mln.dona tayyor tikuv-trikotaj mahsulotlari, 86,1 mln. juft poyabzal, 1 225,2 mln.kv.dm charm mahsulotlari hamda qariyb, 1 trln. so‘mlik charm-attorlik buyumlari ishlab chiqarildi.

Matbuot anjumanida soha vakillari tomonidan mazkur yonalishda joriy va kelgusi yillarda amalga oshiriladigan ishlar to’g’risida ham batafsil ma’lumotlar berildi.