MEHNAT MUNOSABATLARI BO‘YICHA XALQARO SEMINAR

06/02/2020 - 16:52 1053

Joriy yilning 5 fevral kuni “Hilton Tashkent city” mehmonxonasi majlislar zalida “Islohotlarni amalga oshirish yo‘lida munosib mehnatni ta’minlash” mavzusida xalqaro davra suhbati o‘tkazildi. Tadbir Bandlik va mehnat munosabatlari hamda Xalqaro mehnat tashkiloti bilan hamkorlikda o‘tkazilib, unda shuningdek, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi, Savdo-sanoat palatasi, Xalqaro mehnat tashkilotining O‘zbekistondagi vakillari, Xalqaro migratsiya tashkiloti, BMT Taraqqiyot dasturi, Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki, YuNISEF, YuNESKO, diplomatik korpus vakillari, Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasi deputatlari, fuqarolik jamiyati a’zolari, shuningdek, «Cotton Campaign» xalqaro koalitsiyasi a’zolari ishtirok etishdi.

Seminarni Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboeva kirish so‘zi bilan ochib berdi. Tadbir davomida XMT bosh direktori yordamchisi hamda Yevropa va markaziy Osiy mamlakatlari bo‘yicha mintaqaviy direktori Xayns Koller, Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Nozim Husanov, Savdo-sanoat palatasi raisi Adham Ikramov, kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisi Qudratilla Rafiqov, BMTning O‘zbekistondagi doimiy vakili Xelena Freyzerlar o‘z nutqlarida O‘zbekistonda aholi bandligi sohasida olib borilayotgan islohotlar, majburiy mehnat, ayniqsa voyaga yetmaganlarning qishloq xo‘jaligi ishlariga jalb etilishiga butkul barham berilganligi hamda sohada ko‘zga ko‘rinarli yutuqlarga erishilayotganligini ta’kidlashdi.

Seminar davomida shuningdek, seksiyalarga bo‘lingan holda mamlakatimizda ish beruvchilar oldida turgan muhim vazifalar, band aholining iqtisodiyotning norasmiy sektoridagi ulushini qisqartirish, ayollar va yoshlar ish bilan bandligini oshirish hamda mehnat migratsiyasini yanada tartibga solish bo‘yicha alohida ma’ruzalar tinglandi.

Tadbirda iqtisodiyot va sanoat vaziri o‘rinbosari Botir Usmonov hamda vazirlikning Demografiya, bandlik va aholi turmush darajasi yig‘ma boshqarmasi bosh mutaxassisi Nurbek Yuldashevlar ishtirok etishdi.