Ma’naviyat targ‘ibot faoliyati: tashabbuskor yoshlar bilan uchrashuv

03/02/2020 - 20:56 1548

Bugun, 3 fevral kuni Iqtisodiyot va sanoat vazirligida “Ma’naviyat targ‘ibot faoliyati” MChJning bir guruh tashabbuskor, g‘ayrat-shijoatli, ijtimoiy faol yoshlar  vakillari bilan vazirlik rahbariyati o‘rtasida samimiy muloqot  bo‘lib o‘tdi.

Mazkur uchrashuv o‘zgacha bir ko‘tarinkilik kayfiyatida – erkin, sof ko‘ngildan bo‘lib, ikki tomon o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan fikr almashdilar.

Ma’lumot o‘rnida: “Ma’naviyat targ‘ibot faoliyati” MChJ yoshlarning ijtimoiy iqtisodiy faolligini oshirish maqsadida, o‘z atrofiga uyushmagan yoshlarni birlashtirib, ularning bandligini ta’minlash, yoshlar o‘rtasida ma’naviy-marifiy sohalar bo‘yicha yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar ahamiyati, mazmun-mohiyatini tengdoshlari o‘rtasida targ‘ib etishga yo‘naltirilgan.

Tadbirda Iqtisodiyot va sanoat vaziri o‘rinbosari Botir Usmonov, vazirning ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta’minlash masalalari bo‘yicha maslahatchisi Obiddin Mahmudov, yoshlar kengashi yetakchisi Azamat Davlеtyarov qatnashdilar.

Vazir o‘rinbosari B. Usmonov vazirlik faoliyati bilan bog‘liq maqsad va vazifalar to‘g‘risida yoshlarga batafsil ma’lumot  berdi.

Muloqot so‘nggida tomonlar o‘zaro anglashuv Memorandumini tuzishga kelishib olishdi hamda esdalik sovg‘alari almashishdi.

Axborot xizmati