O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Mehnatga haq to‘lash, pensiyalar va boshqa to‘lovlar miqdorlarini aniqlash tartibini takomillashtirish to‘g‘risida” Farmonining ahamiyati

03/01/2020 - 14:23 985

2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasining «Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili»da amalga oshirishga oid davlat dasturining ijtimoiy sohani rivojlantirish yo‘nalishida mamlakatimizda aholini har tomonlama ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, turmush sharoitlarini yaxshilash bo‘yicha bir qator amalga oshirilishi lozim bo‘lgan chora-tadbirlar belgilangan. Ana shulardan biri — aholi bandligi va real daromadlarini izchil oshirish maqsadida eng kam oylik ish haqi miqdorini belgilash tartibini qayta ko‘rib chiqishdir.

Bu vazifaning ijrosi sifatida joriy yilning 21 may sanasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PF-5723-son “Mehnatga haq to‘lash, pensiyalar va boshqa to‘lovlar miqdorlarini aniqlash tartibini takomillashtirish to‘g‘risida” Farmoni qabul qilindi. Farmonga asosan joriy yilning 1 sentabridan boshlab eng kam ish haqi miqdori tushunchasi o‘rniga mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori tushunchasi qo‘llanila boshlandi. Bundan tashqari, joriy yilning 3 dekabrida tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasining O‘RQ-586-son “Mehnatga haq to‘lash, pensiyalar va boshqa to‘lovlar miqdorlarini aniqlash tartibi takomillashtirilganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida”gi Qonuni bilan mehnatga haq to‘lash bo‘yicha qator normativ-huquqiy hujjatlarga o‘zgartirishlar kiritildi.

Yuqoridagi Farmon va Qonunni qabul qilishda avvalo, mehnatga haq to‘lash miqdorlarini aniqlash tartibini yanada takomillashtirish hamda mehnatga haq to‘lash, pensiyalar tayinlash hamda soliqlar, davlat bojlari, jarimalar, yig‘imlar va boshqa to‘lovlarni undirish o‘rtasidagi shartlarning o‘zaro bog‘liqligini bartaraf etish ko‘zda tutilgan. Shu bilan birga, avvalgi tartibda eng kam ish haqi tushunchasi o‘rnida mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori, bazaviy hisoblash miqdori hamda pensiyani hisoblash miqdori kabi alohida, bir-biridan miqdor va qo‘llanilish nuqtai-nazaridan farqlanadigan tushunchalar iste’molga kiritildi. Bunda mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori xodimlarning lavozim maoshi, ustamalar, qo‘shimcha haq, gonorar, qo‘shimcha ish uchun kompensatsiya to‘lovlari va rag‘batlantiruvchi tusdagi to‘lovlarning boshqa turlari, shuningdek, qonunchilikda belgilangan ushlanmalar, ilgari eng kam ish haqiga nisbatan belgilab qo‘yilgan boshqa to‘lovlar miqdorini aniqlashda hamda oilalarning ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga muhtojligi va ishsizlik bo‘yicha nafaqalar miqdorini aniqlashda qo‘llanilishi belgilangan bo‘lsa, bazaviy hisoblash miqdori soliqlar, yig‘imlar, jarimalar hamda turli to‘lovlarning miqdorlarini, pensiyani hisoblashning bazaviy miqdori esa pensiya ta’minoti sohasida pensiyalar va boshqa to‘lovlarni hisoblashda qo‘llaniladi.

Shu o‘rinda Farmonda alohida ta’kidlash lozim bo‘lgan bir jihat bor, ya’ni kelgusida mehnatga haq to‘lash va pensiya hamda ijtimoiy nafaqalar oshirilganda, bazaviy hisoblash miqdori o‘zgarishsiz qoldiriladi. Bunday tartibdan ko‘zlangan maqsad, aholiga beriladigan pul mablag‘lari miqdori oshirilsa-da, turli xil to‘lovlar va soliqlar miqdori oshirilmaydi. Bu ham birinchi navbatda aholini har tarflama qo‘llab-quvvatlash maqsadida kiritilayotgan o‘zgarishlardir.

Farmonda ko‘zda tutilgan vazifalar ijrosi sifatida undan kelib chiqib qabul qilingan Qonun bilan qator normativ-huquqiy hujjatlarga tegishli o‘zartish va qo‘mishchalar kiritildi. Ularning aksarida eng kam ish haqiga nisbatan belgilangan ustamalar, qo‘shimcha haq, mukofotlar hamda boshqa kompensatsiya va rag‘batlantiruvchi tusdagi to‘lovlarning barcha turlari mazkur to‘lovlarning so‘mda ifodalangan amaldagi miqdorlarini saqlab qolgan holda qayta hisob-kitob qilinishi, zarur hollarda esa ko‘p miqdor tomonga yaxlitlanishi ahamiyatlidir.

Xulosa o‘rnida ta’kidlash lozimki, ushbu normativ-huquqiy hujjatlarning qabul qilinishi, birinchi galda aholi daromadlarinig ortishiga, bu bilan esa aholining ijtimoiy himoyasi yanada kuchaytirilishiga ko‘mak beradi. Bu bo‘yicha olib borilayotgan barcha chora-tadbirlar ijtimoiy islohotlarning asosiy yo‘nalishi bo‘lib qolaveradi. Zero mamlakat hukumati olib borayotgan islohotlarning avvalida xalq manfaatlari, uning ijtimoiy muhofazasi muhim vazifalardan hisoblanadi.