BOLAJONLARGA YANGI YIL SOVG‘ASI BO‘LDI

28/12/2019 - 14:48 789

Qiziltepa tumanidagi 36-ixtisoslashtirilgan maxsus maktab internati tarbiyalanuvchilari uchun ayni kunlarda – Yangi yil arafasi ikki karra bayramga aylandi. Bugun ularning quvonchining cheki yo‘q.

Bugun ushbu muassasada yangi 150 o‘rinli yotoqxona bolajonlarga foydalanishga topshirildi. Barcha qulayliklari mujassam ushbu yotoqxonada 2, 3 va 4 kishilik jami 55 ta xona mavjud bo‘lib, xonalarning barchasi o‘zgacha dizaynda bezatilgan.
Yotoqxonaning tantanali topshirish marosimida tuman hokimi Sh. Sh. Nabiev so‘zga chiqib, so‘nggi 2 yil davomida Xo‘ja Hasan hududida amalga oshirilgan ulkan bunyodkorlik, obodonlashtirish ishlariga to‘xtalib, ushbu yotoqxona ham mana shunday zamonaviy inshootlar qatoriga qo‘shilayotganini ta’kidladi va bolajonlarni, yig‘ilganlarni yaqinlashib kelayotgan yangi yil bilan tabrikladi.

Shuningdek, tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirining o‘rinbosari Botir Usmonov, viloyat Xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Nurbek Ulug‘berdiev, NKMK 5-kon boshqarmasi direktor muovini Alijon Bazarov ham so‘zga chiqishdi. NKMK tomonidan bolajonlarga yangi yil sovg‘alari ulashildi.

Ramziy qizil lenta kesilgach, yig‘ilganlar yotoqxona ichiga kirib, unda yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishishdi.

Shu kuni O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tuman Kengashi, O‘zbekiston “Adolat” SDP tuman Kengashi va Ta’lim, fan va madaniyat xodimlari kasaba uyushmasi tuman Kengashi tomonidan bolajonlarga qishki issiq kiyimlar, bayram sovg‘alari taqdim etildi.

Bayram oldidan tashkillashtirilgan bunday katta tadbir, ulashilgan sovg‘alar ko‘ngli kemtik bu bolajonlar har birining kayfiyatini tog‘dek ko‘targani, ularga bayram kayfiyatini yana bir bor ulashgani, shubhasiz.