Gender tengligini ta’minlash

25/12/2019 - 12:04 266

Jamiyatning ko‘plab jabhalarida bo‘lgani kabi xotin-qizlar hayoti va faoliyatida qator o‘zgarishlar, ularning jamiyat va davlat ishlaridagi ishtirokini kengaytirishga qaratilgan tub islohotlar amalga oshirilmoqda, bu borada foydali tadbirlar o‘tkazilmoqda.

Ana shunday tadbirlardan biri, gender masalalariga bag‘ishlangan davra suhbati Iqtisodiyot va sanoat vazirligida bo‘lib o‘tdi. Tadbirda “Fuqarolik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash Markazi” NNT vakillari hamda vazirlik rahbar xodimlari qatnashdilar.

Yuridik fanlari doktori Lola Saidova o‘z chiqishida davlat tashkilotlarida xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq va imkoniyatlar yaratilishi hamda sohadagi vakolatlari yuzasidan fikr bildirdi. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, respublimizda davlat va jamoat tashkilotlari tizimida 1 ming 400 ga yaqin ayollar rahbarlik lavozimlarida ishlamoqda, xotin-qizlarimiz orasidan Oliy Majlis Senatida – 17 nafar senator, Qonunchilik palatasida – 21 nafar deputat faoliyat olib bormoqda, mahalliy kengashlarda esa xalq vakillarining 23 foizdan ziyodini xotin-qizlar tashkil etadi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining bu boradagi 2 ta farmoni, 2 ta qarori, Hukumatning 6 ta qarori, 4 ta farmoyishi, xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risidagi Qonuni, xotin qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risidagi qonuni qabul qilingan.

Tadbirda e’tirof etilganidek, hozirgi kunda har bir xotin-qiz demokratik jarayonlarning kuzatuvchisi emas, balki faol va tashabbuskor ishtirokchisi bo‘lmog‘i shart. Buning uchun har bir tashkilot, muassasa idoralarda muhtarama xotin-qizlar, opa-singillarimiz uchun munosib ish va turmush sharoitlarini yaratib berish, bu borada barcha kuch va imkoniyatlar to‘liq safarbar etilishi ta’kidlandi. Chunki, agar ayol, ona baxtli bo‘lsa, oila baxtli bo‘ladi, oila baxtli bo‘lsa, butun jamiyat, davlat mustahkam va barqaror bo‘ladi.