ILMIY DARAJA HIMOYASI MUBORAK BO‘LSIN

20/12/2019 - 19:25 1206

Bugungi jadal taraqqiyot, innovatsion o‘zgarishlar kun sayin yuqori ilmiy salohiyatga ega bo‘lishni talab etmoqda. Shu ma’noda yaqinda hamkasbimiz, vazirlik mas’ul xodimi Nurbek Normurodovich Yuldashevning  geografiya fanlari bo‘icha falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasini himoya qilganligi e’tiroflidir.

11.00.02 – Iqtisodiy va ijtimoiy geografiya (geografiya fanlari) ixtisoslik shifri ostida «Qashqadaryo viloyatida mehnat resurslari shakllanishining ijtimoiy-demografik omillari va hududiy xususiyatlari» mavzusida himoya qilingan dissertatsiya tadqiqotining maqsadi Qashqadaryo viloyatida mehnat resurslari shakllanishining ijtimoiy-demografik omillari va ularning hududiy xususiyatlarini aniqlash, aholi bandlik darajasini oshirishning asosiy yo‘nalishlarini belgilashdan iborat.

Mazkur ilmiy tadqiqot o‘zida quyidagi ilmiy yangiliklarni jamlagan:

Qashqadaryo viloyati aholisi yosh-jinsiy, hududiy tarkibi va mehnatga layoqatli qismining 2030 yilga mo‘ljallangan prognoz parametrlari kogort-komponent (yosh siljitish) usuli asosida ishlab chiqilgan; 

viloyat va hududlar mehnat bozoriga kutiladigan demografik bosim, yangi ish o‘rinlariga bo‘ladigan talab (ta’lim muassasalari bitiruvchilari asosida) hamda mehnat rusurslari shakllanishi va taqsimlanishining 2025 yilga mo‘ljallangan prognoz ko‘rsatkichlari ekspert baholash usulida ishlab chiqilgan;

mehnat resurslari hisobot balansining shakllanish qismi xorijiy ishchilar va mehnat migrantlarini qo‘shish orqali takomillashtirilgan;

ilk bor mehnat resurslaridan foydalanish samaradorligi ko‘rsatkichlari (iqtisodiy faollik, bandlik, ishsizlik va ish bilan ta’minlanish darajalari) aks ettirilgan «Qashqadaryo viloyati mehnat resurslari» kartasi ishlab chiqilgan.

Shu bilan birga, tadqiqot ishi natijalaridan Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Davlat statistika qo‘mitasi, Qashqadaryo viloyati hokimligi hamda boshqa tegishli vazirlik va idoralar amaliyotida foydalanishlari mumkin.