Oʻzbekistondagi BMTTD YuNFPA bilan birgalikda, Yaponiya hukumatining moliyaviy koʻmagida Orolboʻyi mintaqasi uchun yangi Qoʻshma dasturni ishga tushirmoqda.

02/12/2019 - 20:10 320

2 dekabr Toshkent. Oʻzbekistondagi BMT Taraqqiyot Dasturi, BMTning Aholishunoslik sohasidagi jamgʻarmasi, Oʻzbekiston hukumati bilan birgalikda Yaponiya hukumatining moliya koʻmagida amalga oshiriladigan Orolboʻyi hududidagi aholining iqtisodiy, ekologik hamda sog’liqni saqlash masalalaridagi zaifliklarini bartaraf etish orqali turmush barqarorligini mustahkamlash yangi Qoʻshma dasturini ishga tushirish marosimini oʻtkazdi.

Qoraqalpogʻiston Oʻzbekistonning butun hududining 37 foizini egallab turibdi, uning aholisi mamlakat aholisining umumiy sonini 5,5 foizini, Yalpi ichki mahsulotdagi ulushi esa 3,5 foizni tashkil etadi. Orol dengizini qurishi Qoraqalpogʻiston inqirozning markazida boʻlgan mintaqada qator insoniy, ekologik, ijtimoiy-iqtisodiy va demografik muammolarni keltirib chiqardi. Iqlim vaziyati qurgʻoqchilikni tez-tez yuzaga kelishiga sababchi boʻlayotgan iqlim oʻzgarishi tufayli ogʻirlashmoqda. Aholining farovonligi xavf ostida qoldi, natijada u inson xavfsizligi sohasida koʻplab muammolarni yuzaga kelishiga sabab boʻldi. 

Qoʻshma dasturni ishga tushirish marosimida soʻzga chiqqan BMTTDning Oʻzbekistondagi doimiy vakili Matilda Dimovska xonim qayd etganidek: “Orol dengizi inqirozi va uning oqibatlari nafaqat Oʻzbekistonga, balki Markaziy Osiyoning butun mintaqasiga taʼsir koʻrsatmoqda. Aniq boʻlib turgan narsa haqida koʻp soʻzlashni hojati yoʻq - Orolboʻyidagi fojiadan aziyat chekkan odamlarga yordam berish uchun barcha sheriklarni, ham hukumat, ham xalqaro hamjamiyatning kelishilgan saʼy-harakatlari zarurdir”.

Oʻz navbatida, Yaponiyaning Oʻzbekistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi janob Yoshinori Fudjiyama taʼkidlaganidek: “Mazkur dastur doirasida 50 ming nafarga yaqin xotin-qiz onkologik kasalliklarni aniqlash boʻyicha tibbiy tekshiruvlardan oʻtkaziladi, 15,000 nafar qishloq aholisi yaxshilangan tibbiy xizmatlardan foydalanadi, 1200 nafar oʻquvchi uchun taʼlim sharoitlari takomillashtiriladi. Ushbu dastur Qoraqalpogʻistonda ijtimoiy va iqtisodiy rivojlanishga koʻmak beradi, sogʻliqni saqlash tizimini, tegishli infratuzilmani takomillashtirishga koʻmak beradi va mahalliy hamjamiyatlar uchun daromad olish imkoniyatlarini kengaytiradi”.

Yangi Qoʻshma dastur ikki yilga moʻljallangan va Qoraqalpogʻistonning 9ta shimoliy tumanida ikki muhim yoʻnalishda amalga oshiriladi:

  1. Ona va bola salomatligi, reproduktiv salomatlikni himoyalash va ogohlantiruvchi choralarni koʻrish boʻyicha xizmatlarni koʻrsatish uchun olisdagi qishloq joylarida tibbiy xizmat koʻrsatish sifatini texnik va institutsional bazani mustahkamlash orqali yaxshilash;
  2. Daromad manbalarini, yangi ish oʻrinlarini yaratish, hamda asosiy ijtimoiy xizmatlarni olishga erishish, shu jumladan, ichimlik suvi bilan taʼminlanish uchun inklyuziv biznes tashabbuslarni ishga solishda koʻmak berish.

Shuni alohida qayd etish lozimki, Qoʻshma dastur Orolboʻyi hududi uchun inson xavfsizligi boʻyicha Koʻpsheriklik trast fondi Strategiyasi doirasida ishlab chiqilgan. Unda Davlatning 2017-2021 yillarda Orolboʻyi mintaqasini rivojlantirish boʻyicha Davlat dasturida belgilab berilgan ustuvorliklar va vazifalar oʻz aksini topgan.

Qoʻshma dastur doirasidagi muhim tadbirlar Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Oʻzbekiston va Qoraqalpogʻistonning Sogʻliqni saqlash vazirliklari, Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasi, hamda xalqaro donorlik tashkilotlari bilan keng hamkorlikda amalga oshiriladi.