Termizda yirik zargarlik markazi faoliyati yo‘lga qo‘yildi

26/11/2019 - 17:27 324

Bugun mamlakatimizda barcha sohalardagi kabi zargarlik tarmog‘ini rivojlantirish, bu borada me’yoriy-huquqiy bazani yanada takomillashtirish, ishlab chiqarish hajmlarini oshirish, tarmoqda malakali kadrlarni tayyorlash va yuqori sifatli, xaridorbop zargarlik mahsulotlarining ichki va tashqi bozorlarda marketing va xaridini tashkil etish bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmoqda.

Xususan, Davlatimiz rahbarining joriy yil 18 maydagi farmoni bilan tasdiqlangan 2019-2023 yillarda O‘zbekiston Respublikasida zargarlik tarmog‘ini rivojlantirish bo‘yicha keng qamrovli kompleks chora-tadbirlar Dasturiga ko‘ra zargarlik buyumlarini ishlab chiqarishdan sotishgacha bo‘lgan to‘liq jarayonni o‘z ichiga oluvchi zamonaviy zargarlik savdo-ishlab chiqarish markazlarini tashkil etish ko‘zda tutilgan.

Ushbu dasturning amaliy ijrosi sifatida shu yilning 25 noyabr kuni Surxondaryo viloyatining Termiz shahrida “Akbar Termiziy” xususiy korxonasi tomonidan zamonaviy zargarlik savdo-ishlab chiqarish markazi tashkil etildi.

Markazni tashkil etishdan maqsad, avvalambor zargargarlik sohasida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarga qulayliklar yaratish, ularni bir joyga jamlash hamda ishlab chiqaruvchilar o‘rtasida hamkorlik va kooperatsiya aloqalarini o‘rnatishdan iborat.

Tadbirkor tomonidan ushbu markaz faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun jami 4,0 mlrd.so‘m (shundan bank krediti 3,0 mlrd.so‘m) mablag‘ sarflanib, 100 ga yaqin yangi ish o‘rni yaratildi.

Mazkur markazning birinchi qavati zargarlik buyumlarini sotish, ikkinchi qavati zargarlik mahsulotlarini ishlab chiqarish hamda uchinchi qavati yosh zargarlarni tayyorlash o‘quv markaziga moslashtirildi.

Shu o‘rinda, tasdiqlangan dasturga muvofiq, bunday yirik va zamonaviy zargarlik savdo-ishlab chiqarish markazi, 2020 yilning birinchi yarmida Denov tumanida ham ishga tushirilishi rejalashtirilgan.