Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash va oziq-ovqat sanoatini rivojlantirish bo‘yicha belgilangan vazifalar muhokama qilindi

25/11/2019 - 12:34 260

Joriy yilning 23 noyabr kuni Iqtisodiyot va sanoat vazirligida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini chuqur qayta ishlash va oziq-ovqat sanoatini yanada rivojlantirishning ustuvor vazifalari ijrosiga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Ma’lumki, davlatimiz rahbarining joriy yilning 29 iyulidagi qaroriga muvofiq qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish va qayta ishlashni rivojlantirish bo‘yicha ishchi guruhi tuzilgan.

Yig‘ilishda mazkur Ishchi guruhi a’zolarining qarorda belgilangan chora-tadbirlar bajarilishi yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlari, jumladan, ishga tushirilishi ko‘zda tutilgan loyihalarga zarur yer maydonlari va kredit mablag‘lari ajratilishi hamda korxonalarni to‘liq quvvatda ishlashi uchun muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulanishi to‘g‘risida hisobotlari eshitildi.

Ma’lumot o‘rnida: qaror bilan 2019-2022 yillarda umumiy qiymati 8 trln. 471 mlrd.so‘m bo‘lgan 243 ta loyihalar amalga oshirilishi va 9 544 ta yangi ish o‘rinlari yaratilishi belgilangan. Bugungi kun xolatiga umumiy qiymati 459,3 mlrd.so‘mlik 42 ta loyiha ishga tushirilib, 958 ta yangi ish o‘rinlari yaratildi.

Kun tartibidagi masalalar muhokama qilinib, loyihalarni ishga tushirishda mavjud muammolarni bartaraf etish yuzasidan mutasaddi vazirliklar, idoralar va tijorat banklariga tegishli ko‘rsatmalar berildi.

Axborot xizmati