Mamlakatda biznes muhitini yanada yaxshilash va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida

21/11/2019 - 16:38 207

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining

q a r o r i

So‘nggi yillarda O‘zbekistonda tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishni yengillashtirish va rag‘batlantirish maqsadida sohaga oid qator tartibotlar tanqidiy qayta ko‘rib chiqilib, eskirgan, zamon talabiga javob bermaydigan byurokratik to‘siq va g‘ovlar bekor qilindi. Ko‘rilgan choralar natijasida respublikada ishbilarmonlik muhiti yaxshilandi, tadbirkorlik sub’ektlari va xususiy investorlar uchun keng imkoniyatlar yaratildi.

Bunday ijobiy o‘zgarishlar nufuzli xalqaro tashkilotlar tomonidan ham keng e’tirof etilmoqda. Jumladan, Jahon banki va Xalqaro moliya korporatsiyasi tomonidan e’lon qilingan “Biznes yuritish – 2020” hisobotida O‘zbekiston 69-o‘rinni egallab, islohotlar miqyosi va samaradorligi bo‘yicha dunyoning eng yaxshi 20 ta islohotchi davlati qatoridan joy oldi.

Shu bilan birga, tadbirkorlar va investorlar bilan uchrashuvlar joylardagi ijrochilar sohada amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyatidan to‘liq xabardor emasligini, qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarning amaliyotga joriy etilishi sezilarli darajada ortda qolayotganligini, ayrim litsenziya va ruxsatnomalarni rasmiylashtirishda ortiqcha byurokratik to‘siqlar mavjudligini ko‘rsatmoqda.

Mamlakatimizda biznes yuritish muhitini yanada yaxshilash, tadbirkorlikka keng erkinlik berish borasida boshlangan islohotlarni davom ettirish hamda qabul qilingan qonun hujjatlarining joylarda to‘g‘ri tatbiq etilishini ta’minlash maqsadida:

  1. Barcha darajadagi davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari rahbarlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, Toshkent shahar, tuman va shahar hokimliklari O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 53-moddasi hamda “Xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonun talablariga so‘zsiz rioya qilishlari shartligi haqida qat’iy ogohlantirilsin.

Belgilansinki, davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish natijalarini, shu jumladan, ob’ektlarning qiymatini baholash natijalarini qayta ko‘rib chiqish va bekor qilish masalalari yuzasidan davlat organlari, shu jumladan, nazorat, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va sudlar tomonidan tashabbus bilan chiqish xususiy mulkning daxlsizligini buzish sifatida baholanadi hamda bunday ishlar ko‘rib chiqish uchun qabul qilinmaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining kafolatlari to‘g‘risidagi qonunchilikka qat’iy rioya etilishi ustidan nazoratni kuchaytirsin, davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish natijalarini qayta ko‘rib chiqish va bekor qilish tashabbusi bilan chiqqanlik uchun vakolatli davlat organlari mansabdor shaxslarining muqarrar javobgarligini jinoiy javobgarlikka tortishga qadar oshirishni ta’minlasin.

  1. O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi(Zokirov), Energetika vazirligi(Sultanov), Yerresurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi (Abdullaev), Markaziy banki (Nurmuratov), Davlat aktivlarini boshqarish agentligi (Bekenov) rahbarlariga qurilish uchun ruxsatnomalar berish, elektr ta’minoti tizimiga ulanish, ko‘chmas mulkni ro‘yxatdan o‘tkazish, kredit berish hamda to‘lovga qobiliyatsizlikni hal etish yo‘nalishlaridagi islohotlarning amaliyotga tatbiq etilishi yetarli emasligi natijasida “Biznes yuritish” yillik hisoboti tegishli indikatorlari bo‘yicha mamlakatning reytingdagi o‘rni pastligicha qolayotganligi ko‘rsatib o‘tilsin.

Yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan vazirlik va idoralarning har birida sohada amalga oshirilayotgan islohotlarni joylardagi ijrochilarga yetkazish bo‘yicha ishchi guruhlar tuzilsin.

Mazkur ishchi guruhlar zimmasiga islohotlarning mazmun-mohiyatini joylardagi ijrochilarga yetkazish va tushuntirish, qonun hujjatlarini noto‘g‘ri qo‘llash amaliyotini bartaraf etish, joylarda tadbirkorlarning fikrini muntazam ravishda o‘rganib borish, tegishli organ tomonidan qabul qilingan idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni xatlovdan o‘tkazish va ularga sohada amalga oshirilayotgan islohotlardan kelib chiqib o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha takliflar tayyorlash vazifalari yuklansin.

Ishchi guruhlari amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida har oy yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga ma’lumot kiritib borsin.

  1. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq:
  2. a) 2020 yil 1 fevraldan boshlab:

eksport-import operatsiyalarini amalga oshirishda talab etiladigan ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlar va sertifikatlar “Yagona darcha” bojxona axborot tizimi orqali rasmiylashtiriladi. Bunda vakolatli organlarning avtomatlashtirilgan axborot tizimlari “Yagona darcha” bojxona axborot tizimiga integratsiya qilinadi;

fitosanitariya, sanitariya-epidemiologiya, veterinariya va ekologik nazorat o‘tkazish uchun undiriladigan to‘lovlar miqdori vakolatli organning mazkur hujjatni berish uchun qilgan xarajatlari doirasida O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan kelishilgan holda belgilanadi;

yuridik shaxslar tomonidan da’vo arizasi va uning ilovalarini javobgar hamda iqtisodiy sudga soliq to‘lovchining shaxsiy kabineti orqali elektron tarzda yuborish imkoniyati yaratiladi;

  1. b) 2020 yil 1 oktyabrdan boshlab quvvati 140 kilovattgacha bo‘lgan elektr uskunalarini elektr tarmoqlariga ulash jarayonida sarflanadigan xarajatlar tadbirkorlik sub’ektining xohishiga ko‘ra, davlat xizmatlari markazlariga texnik shartlarni olish uchun murojaat qilish bilan bir vaqtda berilgan so‘rovnomasiga asosan “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi. Mazkur mablag‘lar tadbirkorlik sub’ektlari foydalangan elektr energiyasi qiymatiga qo‘shiladigan ustamalar hisobidan bir yil davomida undirib olinadi.
  2. 2020 yil 1 yanvardan quyidagi talablar bekor qilinsin:

tadbirkorlik sub’ektlari – yuridik shaxslar o‘rtasidagi ko‘chmas mulk oldi-sotdi shartnomalarini taraflardan birining talabi bo‘yicha notarial tasdiqlanganda kommunal xizmatlar bo‘yicha qarzdorliklarni tekshirib olish;

davlat soliq xizmati organlariga soliq to‘lovchilar tomonidan ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquq davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgandan so‘ng arizani hamda ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqni davlat ro‘yxatidan o‘tkazuvchi organlar tomonidan tegishli hududda joylashgan yer uchastkasi va boshqa ko‘chmas mulk, uning mulkdorlari to‘g‘risidagi ma’lumotni bevosita qog‘oz ko‘rinishda taqdim etish;

meva-sabzavot va to‘qimachilik mahsulotlari va buyumlarini eksport qilish (paxtadan tashqari) uchun zarur ruxsatnoma va sertifikatlarni rasmiylashtirishda tadbirkorlik sub’ektlaridan to‘lov undirish.

  1. Jahon banki va Xalqaro moliya korporatsiyasining “Biznes yuritish” yillik hisobotida O‘zbekiston Respublikasining o‘rnini yaxshilashga doir “Yo‘l xaritasi”ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
  2. O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi Adliya vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2020 yil 1 yanvarga qadar quyidagilarni nazarda tutuvchi Hukumat qarori loyihasini kiritsin:

qurilish-montaj ishlarini boshlash uchun tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan xabarnoma yuborish tartibini bekor qilish, markazlashtirilgan manbalar hisobidan moliyalashtiriladigan qurilish ob’ektlari bundan mustasno;

ob’ektning zilzilaga bardoshliligi va yong‘in xavfsizligi bo‘yicha loyiha hujjatlari yuzasidan ijobiy ekspertiza xulosasi va qurilish ishtirokchilari to‘g‘risidagi ma’lumotni davlat xizmatlari markazlari tomonidan bir vaqtda tadbirkorlik sub’ektlari va hududiy qurilish sohasidagi nazorat inspeksiyalariga ob’ektni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun yuborish;

ob’ektlar bo‘yicha ijobiy ekspertiza xulosasi mavjud bo‘lmaganda qurilish-montaj ishlarini boshlashni taqiqlash, qonun hujjatlarida belgilangan holatlar bundan mustasno.

  1. O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi Qurilish vazirligi, Moliya vazirligi va Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi bilan birgalikda ikki oy muddatda:

“Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati tarkibiga kiruvchi tashkilotlar tomonidan kuchlanishi 110 kV gacha bo‘lgan elektr qurilmalarini elektr tarmoqlariga ulash bilan bog‘liq qurilish-montaj ishlarini amalga oshirishning muddatlarini va eng baland qiymatlarini belgilashni nazarda tutuvchi yagona kalkulyatsiyasini tasdiqlasin;

elektr ta’minoti tizimiga ulanish jarayonida hujjatlarni ko‘rib chiqish, kelishish va ishlarni amalga oshirish bilan bog‘liq tartibotlarni soddalashtirish va muddatlarini qisqartirish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.

  1. O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi Moliya vazirligi, Davlat bojxona qo‘mitasi, manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda meva-sabzavot va to‘qimachilik mahsulotlari va buyumlarini eksport qilish (paxtadan tashqari) uchun zarur ruxsatnoma va sertifikatlarni rasmiylashtirish bilan bog‘liq vakolatli organlarning xarajatlarini Eksportni rag‘batlantirish agentligi tomonidan qoplab berish tartibini nazarda tutuvchi Hukumat qarori loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
  2. “O‘zstandart” agentligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi, “O‘zdavkarantin” inspeksiyasi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2020 yil 1 fevralga qadar:

vakolatli organlarning avtomatlashtirilgan axborot tizimlari

va “Yagona darcha” bojxona axborot tizimi platformasida tanlab olish

asosida fitosanitariya, sanitariya-epidemiologiya, veterinariya, ekologik nazorat o‘tkazish va muvofiqlikni baholash imkonini beradigan alohida xavf-xatarlarni tahlil qilish tizimlarini joriy etishni yakunlasin;

vakolatli organlar tomonidan fitosanitariya, sanitariya-epidemiologiya, veterinariya va ekologik nazorat o‘tkazish uchun shartnomalarni oferta shakliga o‘tkazgan holda xizmatlar uchun to‘lovlarni elektron tarzda amalga oshirish imkonini yaratsin.

  1. O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi, Davlat bojxona qo‘mitasi, “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Adliya vazirligi:

ikki oy muddatda yuk tashuvchilar tomonidan yuk hujjatlari ma’lumotlarini o‘z ichiga olgan dastlabki elektron axborotni bojxona idoralariga taqdim etish tartibini joriy etish orqali bojxona rasmiylashtiruvi jarayonlarini tezlashtirish choralarini ko‘rsin;

2020 yil 1 aprelga qadar manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda O‘zbekiston Respublikasining umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llaridan katta hajmli va og‘ir vaznli yuklarning o‘tishi uchun ruxsatnomani rasmiylashtirish jarayonlari va to‘lovlarni amalga oshirishni elektron shaklga o‘tkazish ishlarini yakunlasin.

  1. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi, Savdo-sanoat palatasi, Kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi uch oy muddatda:

litsenziyalash va ruxsatnoma berish tizimini tartibga soluvchi qonun hujjatlarini tanqidiy qayta ko‘rib chiqib, ularni zamon talablariga moslashtirish va tizimlashtirish;

litsenziyalar va ruxsatnomalarni rasmiylashtirishda talab etiladigan hujjatlarni xatlovdan o‘tkazib, byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish hamda ularning muqobil shakllarini, shu jumladan, xabardor etish tartibini joriy etish yuzasidan taklif kiritsin.

  1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 5 fevraldagi “Jahon banki va Xalqaro moliya korporatsiyasining “Biznes yuritish” yillik hisobotida O‘zbekiston Respublikasining reytingini yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ–4160-son qarori bilan belgilangan maqsadli ko‘rsatkichlarga so‘zsiz erishishga tegishli vazirlik va idoralar rahbarlari shaxsan mas’ul ekanliklari haqida ogohlantirilsin.

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi manfaatdor vazirlik

va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 17 yanvardagi PF–5635-son Farmoni 3-ilovasida ko‘rsatilgan xalqaro reytinglar indikatorlari bo‘yicha mamlakatimizning reyting ko‘rsatkichlari yaxshilanganligi yoki pasayganligidan kelib chiqib, vazirlik va idoralarga nisbatan rag‘batlantirish yoki jazolash choralarini qo‘llash tartibini nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjat loyihasini belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

  1. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Savdo-sanoat palatasi:

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil, Kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi, Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi bilan birga Jahon banki va Xalqaro moliya korporatsiyasi “Biznes yuritish” yillik hisobotining qurilish uchun ruxsatnomalar olish, elektr ta’minoti tizimiga ulanish, mulkni ro‘yxatdan o‘tkazish hamda xalqaro savdo indikatorlari bo‘yicha “davlat xizmatlarining sirli mijozi” instituti qo‘llanilishini ta’minlasin;

jamoatchilik nazorati va “davlat xizmatlarining sirli mijozi” institutining qo‘llanilishi natijalari bo‘yicha har chorakda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga axborot kiritib borsin.

Belgilansinki, ushbu bandda nazarda tutilgan yo‘nalishlar bo‘yicha “davlat xizmatlarining sirli mijozi” instituti O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 25 fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasining xalqaro reytinglar va indekslardagi o‘rnini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-4210-sonli qarori talablari asosida qo‘llaniladi.

  1. Savdo-sanoat palatasi va Davlat xizmatlari agentligining Jahon banki va Xalqaro moliya korporatsiyasining “Biznes yuritish” yillik hisobotining har bir indikatori bo‘yicha batafsil ma’lumotlar aks etgan maxsus portal sifatida Internet tarmog‘idagi businessinfo.uz saytidan foydalanish va uni doimiy yangilab borish haqidagi taklifi ma’qullansin.
  2. Davlat xizmatlari agentligi 2020 yil 1 aprelga qadar o‘zining rasmiy veb-saytida davlat xizmatlarini ko‘rsatish muddatlarini avtomatik ravishda, shu jumladan, ko‘rib chiqish muddatlari buzilgan arizalar va mas’ul idoralar to‘g‘risida ochiq ma’lumotlarni real vaqt rejimida aks ettiruvchi bo‘lim yaratsin.
  3. O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligining 2020 yil mart oyida o‘tkaziladigan Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida xalqaro hamjamiyat va xorijiy investorlarni O‘zbekistonda biznes yuritish imkoniyatlari bilan keng tanishtirish hamda respublikaning “Biznes yuritish” reytingidagi o‘rnini yanada yaxshilash masalalarini muhokama qilishga bag‘ishlangan alohida seksiya panelini tashkil etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.
  4. “Biznes yuritish” yillik hisoboti indikatorlari uchun mas’ul vazirlik va idoralar 2020 yil 1 yanvarga qadar tegishli sohalarda amalga oshirilgan islohotlar, ularning amaliyotga tatbiq etilishini asoslovchi dalillar va statistik ma’lumotlardan iborat tahliliy materiallarni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi va Vazirlar Mahkamasiga taqdim etilishini ta’minlasin.
  5. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Adliya vazirligi, Savdo-sanoat palatasi hamda manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birga bir oy muddatda Jahon banki va Xalqaro moliya korporatsiyasining “Biznes yuritish” yillik hisobotining har bir indikatori bo‘yicha amalga oshirilgan islohotlar yuzasidan keng qamrovli targ‘ibot ishlarini o‘tkazish rejasini tasdiqlasin va amalga oshirilishini ta’minlasin.
  6. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

Vazirlik va idoralar ikki oy muddatda o‘zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni mazkur qarorga muvofiqlashtirsin.

  1. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi R.A.Gulyamov va O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – moliya vaziri J.A.Qo‘chqorov zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi

Prezidenti                                         SH.MIRZIYOEV

Toshkent shahri,

2019 yil 20 noyabr