O‘zbekiston sanoat yarmarkasi va kooperatsiya birjasi: uchinchi kun tafsilotlari

20/11/2019 - 19:30 322

Bugun O‘zbekiston sanoat yarmarkasi va kooperatsiya birjasi ishi bilan tanishish maqsadida Prezident Shavkat Mirziyoev “O‘zekspomarkaz” milliy ko‘rgazmalar majmuasiga tashrif buyurdi.

Davlatimiz rahbari yarmarkada namoyish etilayotgan mahsulotlar bilan tanisharkan, ularning xaridorgirligi, lokalizatsiya darajasi bilan qiziqdi. Ayniqsa, mahalliylashtirish ko‘lamini kengaytirish, import bo‘layotgan detallar ishlab chiqarilishini o‘zlashtirish, mahsulot sifatni ta’minlash orqali xaridor orttirishga asosiy e’tiborni qaratish zarurligini ta’kidladi.

Prezidentimizga shu yerning o‘zida Iqtisodiyot va sanoat vazirligi huzurida tashkil etilgan elektron kooperatsiya birjasi - www.cooperation.uz portali haqida ham batafsil ma’lumot berildi.

Aytish joizki, xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning mazkur portalga bo‘lgan qiziqishi tobora ortib bormoqda. Xususan, ko‘rsatkichlar tahlili shuni ko‘rsatmoqdaki, 20 noyabr soat 18:00 holatiga portalda ro‘yxatdan o‘tganlar soni 12 214 ta (bir kunlik farqi 565 ta), joylashtirilgan tovarlar esa 13 458 ta (1 584 ta)ni hamda tuzilgan shartnomalar soni 712 ta (137 ta) va ularning umumiy qiymati 113 804 mln.so‘m (47 651 mln.so‘m)ni tashkil etmoqda.

Darvoqe, mazkur portal tadbir ishtirokchilari tomonidan bildirilayotgan takliflar asosida takomillashtirilib borilmoqda, bu esa, o‘z navbatida, uning foydalanuvchilari uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratilishiga xizmat qiladi.

Axborot xizmati