O‘zbekiston sanoat yarmarkasi va kooperatsiya birjasi

13/11/2019 - 19:29 1475

Joriy yilning 18-22 noyabr kunlari poytaxtimizdagi “O‘zekspomarkaz” markaziy ko‘rgazmalar majmuida O‘zbekiston sanoat yarmarkasi va kooperatsiya birjasi bo‘lib o‘tadi.

O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Savdo-sanoat palatasi hamda qator tashkilotlar hamkorligida tashkil etiladigan ushbu nufuzli tadbirdan ko‘zlangan maqsad mamlakatimiz sanoati hamda kooperatsiyasi rivojlanishi, sohada amalga oshirilayotgan o‘zgarishlarning amaliy natijalarini keng ommaga targ‘ib qilishga qaratilgan.

Bu ishlar ko‘lamini kengaytirishda davlatimiz rahbarining joriy yil 1 maydagi “Sanoat kooperatsiyasini yanada rivojlantirish va talab yuqori bo‘lgan mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining shu yil 30 sentabrdagi “Sanoat yarmarkalari va elektron kooperatsiya birjasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorlari muhim huquqiy asos bo‘layotir.

– Mamlakatimizda har bir boshlanadigan ishdan asosiy maqsad xalqimiz farovonligini ta’minlashdir, – dedi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi Axborot xizmati rahbari o‘rinbosari Obiddin Mahmudov. – O‘tkaziladigan tadbir ham shunday ezgu amallarga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. Bugungi kunda vazirlik huzurida Elektron kooperatsiya birjasi – www. cooperation.uz portali faoliyat yuritmoqda. Mazkur portal ishlab chiqaruvchilar uchun katta muloqot maydoni sifatida xizmat qiladi. Tadbirda tadbirkorlar o‘rtasida kelishuv va shartnomalar tuzish onlayn tarzda rasmiylashtirish uchun qulayliklar yaratiladi.

Eslatib o‘tamiz, sanoat yarmarkasi va kooperatsiya birjasida 650 sanoat ishlab chiqaruvchi korxonalar 2 ming 275 turdagi mahsulotlari bilan ishtirok etadi. Shuningdek, bir qator uchrashuv va muzokaralar bo‘lib o‘tadi.

O‘zA