Namanganda energiya samaradorligi bo‘yicha navbatdagi tadbirlar o‘tkazildi

30/10/2019 - 11:51 268

Energiya samarador qurilmalar hamda energiya tejovchi boshqa turdagi uskunalarning afzalliklari haqidagi ma’lumotlarni aholi va tadbirkorlar o‘rtasida keng yoritish maqsadida, joriy yilning 29 oktabr kuni Namangan shahrida energiya samaradorligi bo‘yicha navbatdagi davra suhbati va savdo yarmarkasi bo‘lib o‘tdi.

Ushbu tadbirlar Iqtisodiyot va sanoat vazirligi va Energetika vazirligi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 22 avgustdagi PQ-4422-sonli qarori mazmun-mohiyatini hamda “Sanoat korxonalarining energiya samaradorligini oshirish” loyihasi, shu jumladan Jahon banki va Yevropa Investitsiya bankining kredit mablag‘laridan ishlab chiqarishni modernizatsiya qilishda foydalanish imkoniyatlari to‘g‘risida keng ommaga yetkazish maqsadida o‘tkazilmoqda. 

Davra suhbatida kichik biznes sub’ektlari vakillari, Namangan viloyati hokimligi, Energetika vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi huzuridagi “Sanoat korxonalarining energiya samaradorligini oshirish” loyihasini muvofiqlashtiruvchi guruh, hududiy elektr tarmoqlari va gaz ta’minoti korxonalari mutasaddilari, shuningdek sanoat korxonalari rahbarlari, kollej va institut talabalari ishtirok etdilar.

Tadbirda energiya tejamkorligi va energiya samaradorligini oshirish O‘zbekiston iqtisodiyotini rivojlantirishning asosiy omillaridan biri bo‘lishi kerakligi ta’kidlandi. Ularning ahamiyati energiya resurslariga bo‘lgan harajatlarni kamaytirish hamda alternativ energiya manbalarini joriy etish bilan bog‘liq.

 

Iqtisodiyot va sanoat vazirligi huzuridagi

“Sanoat korxonalarining energiya samaradorligini oshirish”

loyihasini muvofiqlashtirish guruhi