Joriy yil 8 oyi davomida ulgurji savdo aylanmasi 50,7 trn. so‘mni tashkil qilib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 6,9 foizga oshgan

13/09/2019 - 16:59 336

Bu haqda bugun Prezident Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy komunikatsiyalar agentligida Iqtisodiyot va sanoat vazirligi tomonidan tashkil etilgan navbatdagi matbuot anjumanida ta’kidlandi.

Bugungi anjuman Davlatimiz rahbarining 2018 yil 30 oktabrdagi “Tovar bozorlarida savdoni yanada erkinlashtirish va raqobatni rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” PF-5564-son Farmoni ijrosiga bag‘ishlangan bo‘lib, unda tegishli vazirliklar va idoralar mutassaddilari va mutaxassislari ishtirok etishdi.

Matbuot anjumanida, shuningdek, birgina savdo sohasini erkinlashtirish bo‘yicha amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida savdo xizmatlarining YaIMdagi ulushi 9,6 foizni, jumladan Toshkent shahrida 21,5 foizni tashkil qilish sabablari ham atroflicha tahlil qilindi.

Tadbirda bugungi kunda elektron tijorat savdo sohasi ham barqaror rivojlanayotganligi, jamoatchilik muhokamasiga taqdim etish maqsadida "Elektron tijorat to‘g‘risida"gi qonun loyihasi huquqiy hujjatlar portalida joylashtirilganligi haqida ham so‘z bordi. Qonun loyihasiga ko‘ra, fuqarolar tijorat sohasida har qanday faoliyat bilan O‘zbekiston qonunchiligiga muvofiq shug‘ullanishlari mumkin. Tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishda davlat organlari va ularning mansabdor shaxslarning aralashuviga yo‘l qo‘yilmaydi.

Savdo paytida elektron tijorat ishtirokchilarga to‘lov terminallari, shuningdek elektron to‘lov tizimlaridan foydalanuvchi tadbirkorlik sub’ektlarining korporativ plastik kartalari orqali to‘lovlarni qabul qilish huquqi beriladi.

Respublika tovar xomashyo birjasi (O‘zRTXB) yo‘nalishida

Farmonning ijrosini ta’minlash doirasida tovar bozorlarida ochiq va shaffof birja savdolari va onlayn auksionlarni ilg‘or axborot texnologiyalari asosida takomillashtirish ishlari amalga oshirilayotgani, xususan,

O‘zRTXBning birja savdolari va elektron tijorat sohasida joriy etilgan yangi loyihalaridan biri – mytransport.uz logistika bo‘yicha elektron portali onlayn tarzda yuklarni tashish uchun buyurtma berish va qulay qidiruv tizimi orqali litsenziyalangan yuk tashuvchilardan eng yaxshi taklifni topish imkonini berishi haqida so‘z yuritildi.

2019 yilning 1 yanvaridan boshlab, tovar-xom ashyo birjasi a’zolarining daromadlariga qimmatli qog‘ozlar bozorida brokerlik faoliyatini amalga oshiruvchi yuridik shaxslar uchun belgilangan soliqqa tortish shartlari tatbiq etilayotgani qayd etildi. Zotan, birja a’zolariga soliq yukini yengillashtirilishi brokerlik idoralari orasida raqobat muhitini yanada rivojlanishi, hamda ularning faoliyatini samardorligi va shaffofligini oshirishga imkon beradi.

Bundan tashqari, anjumanda mazkur Farmonda belgilangan vazifalardan kelib chiqib, Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 1 martdagi 183-sonli qaroriga asosan Iqtisodiyot va sanoat vazirligi huzurida Tarmoq bozorlari va eksportga yo‘naltirilgan ishlab chiqarish tadqiqotlari markazi tashkil etilgani va hozirda Markaz tomonidan sohaga oid qator ishlar amalga oshirilagani ta’qidlandi.

Tadbirda ishtirok etgan OAV vakillari tomonidan berilgan dolzarb savollarga ushbu farmonning ijrosiga mas’ul tashkilotlar mutaxassislari tomonidan javoblar berildi.