Tejamkor texnologiyalarni amaliyotga tatbiq etish – davr talabi

09/09/2019 - 19:21 448

Hech kimga sir emas, bugungi taraqqiyot omillaridan biri, bu – tejamkor texnologiyalarni ishlab chiqarishga izchil joriy etish orqali innovatsion rivojlanish samaradorligiga erishishdir. Bu borada yurtimizda sezilarli ishlar olib borilmoqda, ularning huquqiy-me’yoriy asoslarini takomillashtirish maqsadida qator hujjatlar ishlab chiqilmoqda. Prezidentimizning 2019 yil 27 martdagi “O‘zbekiston Respublikasida elektr energetika tarmog‘ini yanada rivojlantirish va isloh qilish strategiyasi to‘g‘risida”gi 4249-sonli qarori qabul qilinishi shular jumlasidandir.

Ushbu qarorga muvofiq, 2019-2021 yillarda elektr energetika tarmog‘i tashkilotlarining sohaga oid bo‘lmagan va foydalanilmayotgan 99 ta korxona-tashkilotlardagi aktivlari va ulushlari belgilangan tartibda sotish amalga oshiriladi. Binobarin, foydalanilmayotgan aktivlarni sotishdan tushgan mablag‘lar elektr energetika tarmog‘iga zamonaviy texnologiyalarni joriy qilishga qaratilgan investitsiya loyihalarini bajarishga yo‘naltiriladi. Bu esa, o‘z navbatida, tarmoq korxonalarining ortiqcha sarf-xarajatlarini kamayishiga olib keladi.

Ta’kidlash kerakki, so‘nggi yillarda sohaga zamonaviy texnologiyalarni joriy etish orqali yoqilg‘i sarfini kamaytirishga qaratilgan qator investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda. Xususan,  Namangan viloyatida qurilayotgan To‘raqo‘rg‘on Issiqlik energiya stansiyasi (IES)da quvvati 900 MVt bo‘lgan ikkita hamda Taxiatosh IESda quvvati 510 MVt bo‘lgan ikkita zamonaviy bug‘-gaz qurilmasining o‘rnatilishi Farg‘ona vodiysi va Qoraqalpog‘iston Respublikasining ehtiyojini to‘la qondirish bilan bir qatorda, yoqilg‘i resurslaridan samarali foydalanilgan holda elektr energiyasi tannarxini pasayishiga xizmat qiladi.

Bundan tashqari, eskirgan past kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlarini modernizatsiya qilish dasturi doirasida transformator punktlarini yangilanadi, elektr uzatish liniyalari va ustunlari yangisiga almashtiriladi. Natijada 2,5 mln.dan ziyod xonadon, ko‘plab sanoat korxonalari va tadbirkorlik sub’ektlarining elektr ta’minoti yaxshilanadi,  tarmoqlardagi ortiqcha yo‘qotishlar bartaraf etiladi va ekspluatatsiya xarajatlari kamayadi.

Muhimi, mazkur tadbirlarning amalga oshirilishi, elektr energiyasiga bo‘lgan umumiy xarajatlarning ham kamayishiga olib kelib, taraqqiyot rivojiga ham munosib hissa qo‘shadi.