Sanoat korxonalarida energiya samaradorligini oshirish: natija va istiqbollar

04/07/2019 - 17:14 502

Bugun Iqtisodiyot va sanoat vazirligi majlislar zalida “Sanoat korxonalarida energiya samaradorligini oshirish: natija va istiqbollar” mavzusida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Tadbirda vazirlikning tegishli boshqarmalari mutasaddilari, loyihani moliyalashtirishga bevosita bog‘liq tijorat banklari mutaxassislari ishtirok etdi.

Matbuot anjumanida Yoqilg‘i-energetika kompleksi tarmoqlarini modernizatsiyalash va rivojlantirish hamda uglevodorod xom ashyosini qayta ishlashni chuqurlashtirish boshqarmasi boshlig‘i Bahodir Kariev, Energiya samaradorligini oshirish va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Odilxon Nimatullaev, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi huzuridagi “Sanoat korxonalarining energiya samaradorligini oshirish” loyihasini muvofiqlashtirish guruhi rahbari Alisher Alimbaev so‘zga chiqdi.

"Sanoat korxonalari energiya samaradorligini oshirish" loyihasi 2011 yildan buyon faoliyat yuritmoqda. Loyihada Jahon bankining Xalqaro rivojlanish assotsiatsiyasining 125 mln. AQSh doll. ekvivalentidagi va O'zbekiston tijorat banklarining imtiyozli kreditlaridan foydalanilmoqda. Buning natijasida ko'p miqdorda energiya sarflaydigan yirik korxonalarning aksariyatida mahsulot ishlab chiqarishda elektr va tabiiy gaz iste'molini sezilarli darajada qisqartirish imkoniyati yaratildi.

2011 yildan buyon 30 dan ortiq sanoat korxonalari bu yo'nalishdagi imtiyozli kreditlardan foydalandi. Bugungi kunga kelib, 82 ta subloyiha muvaffaqiyatli amalga oshirildi. Subloyihalar neft va gaz, konchilik, kimyo, elektro-energetika, qurilish va qayta ishlash kabi sohalarda amalga oshirilmoqda.

Ushbu subloyihalarni amalga oshirilishi natijasida yiliga 500 million kilovatt-soatdan ziyod elektr energiyasi va 187 million kub metr tabiiy gazni iqtisod qilishga erishildi. Bundan tashqari, loyihada ishtirok etayotgan korxonalar tomonidan atmosferaga yiliga 580 ming tonna CO2 chiqindisini   kamaytirilishiga erishildi.

Subloyihalarni moliyalashtirish O'zbekiston Respublikasining oltita tijorat banklari: O'zbekiston Tashqi iqtisodiy faoliyat Milliy banki, "Asakabank"  ATB, "Sanoatqurilishbank" ATB, "HamkorBank" ATB, "Asia Alliance Bank" ATB va  "Infinbank" ATB orqali amalga oshirilmoqda.

Ushbu loyihaning O'zbekiston Respublikasida muvaffaqiyatli amalga oshirilayotganligini hisobga olib, Jahon banki 2018 yilda qo'shimcha 200 million dollar miqdorida mablag' ajratdi. O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 2 oktyabrdagi 785-sonli qarorida ushbu mablag'larni ishlab chiqarishda energiya samaradorligini oshirish va energiyani tejovchi texnologiyalarni kichik va xususiy sanoat korxonalarida ham joriy etish nazarda tutilgan.

Shuningdek, O'zbekiston Respublikasi Presidentining Fransiyaga 2018 yil oktyabr oyidagi davlat tashrifi doirasida O'zbekiston Respublikasi va Evropa investitsion banki (EIB) o'rtasida ushbu loyihaga 100 mln. Yevro ajratilishi bo'yicha moliyaviy bitim imzolandi. Shu munosabat bilan, 2019 yil 28 iyunda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki ishtirokida “Sanoat korxonalari energiya samaradorligini oshirish” (2-qo‘shimcha moliyalashtirish)” loyihasi doirasida Yevropa investitsiya banki mablag‘larini jalb qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 541-sonli qarori qabul qilindi. Ushbu mablag'lar beshta tijorat banki: "SanoatQurilishbank" ATB, "HamkorBank" ATB, "AsiaAllianceBank" ATB, "Qishloqqurilishbank" ATB, "Mikrokreditbank" ATB orqali qayta moliyalashtiriladi.

Ushbu loyihalarning amalga oshirilishi natijasida sanoat mahsulotlarining narxi pasayib, uning raqobatbardoshligi ortadi, bu esa o'z navbatida, sanoatning eksport salohiyatiga ijobiy ta'sir ko'rsatadi. Energiya samaradorligini oshirish subloyihalarini amalga oshirishning yana bir natijasi energiya manbalarini shu jumladan elektr energiyasi va tabiiy gazni tejash, bu esa eksportni oshirish imkonini beradi. Natijada ishlab chiqarish xarajatlarini kamaytirish bilan, korxonalarning moliyaviy holati yaxshilanadi, aholining farovonligini oshirishga imkon beradi.

Mutaxassislar tadbir davomida jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga batafsil javob berishdi.

Manba: Vazirlik matbuot xizmati