Hayotiy masalalarning amaliy ijrosi boshlandi

28/06/2019 - 17:52 403

Hayotiy masalalarning amaliy ijrosi boshlandi

Jizzaxda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning Oliy Majlis Senatining yigirmanchi yalpi majlisidagi nutqida belgilab berilgan vazifalar va Senatda ma’qullangan qonunlar, ko‘rib chiqilgan masalalarning mazmun-mohiyatini keng ommaga yetkazishga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Ma’lumki, shu yil 21 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining bo‘lib o‘tgan yalpi majlisida mamlakatimiz hayoti bilan bog‘liq bir qator masala, qonunlar ko‘rib chiqildi. Majlisda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev so‘zlagan nutqida, avvalambor, milliy va hududiy manfaatlar nuqtai nazaridan qonunlar ishlab chiqilishida senatorlarning faolligini oshirish, ijro hokimiyati organlari faoliyati ustidan samarali parlament nazoratini ta’minlash, xalq deputatlari mahalliy Kengashlari bilan amaliy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, Senatning xalqaro yo‘nalishdagi faoliyatini kuchaytirish masalalariga e’tibor qaratdi.

Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatning Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasida doimiy ishlovchi senator Turg‘un Iskandarov Prezidentimizning ma’ruzasi va ma’qullangan qonunlarning mazmun-mohiyati haqida ma’ruza qildi. Ma’ruzada Senat yalpi majlisida ko‘rilgan masalalar va Prezident nutqida belgilab berilgan vazifalar mohiyatini aholiga yetkazish muhim ahamiyatga ega ekanligi ta’kidlandi. Xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining faoliyatini kuchaytirish, deputatlarning professional saviyasini oshirish, ularning faoliyatini to‘g‘ri va samarali tashkil etishga e’tibor qaratildi.

Shuningdek, Senatda ko‘rib chiqilgan qonunlarning mazmun-mohiyati haqida tegishli sohalar mutasaddilari ma’ruza qildi. Viloyat hokimining o‘rinbosari, viloyat xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Nazira Muxtorova o‘z ma’ruzasida Prezidentimiz nutqida mamlakatimizning siyosiy-ijtimoiy hayotida ayollarning o‘rni va nufuzini yanada mustahkamlash maqsadida belgilab berilgan vazifalarga to‘xtaldi.

Yig‘ilishda Jizzax viloyati hokimi E.Soliev so‘zga chiqdi.

O'za