138 milliard soʻmdan ortiq soliq qarzdorligi undirildi

19/06/2019 - 15:19 685

138 milliard soʻmdan ortiq soliq qarzdorligi undirildi

Soliq toʻlovlarining oʻz vaqtida toʻlanishi mamlakat taraqqiyotida muhim ahamiyat kasb etadi. Har bir soliq toʻlovchi qachon, qancha miqdorda soliq toʻlashi haqida aniq maʼlumotga ega. Lekin burch va majburiyatini “unutib” qoʻyadigan tadbirkorlik subyektlari ham uchrab turadi.

 

Maʼlumki, Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 120-moddasiga koʻra, soliq toʻlovlari belgilangan muddatdan oʻtkazib yuborilsa, penya hisoblanishi, soliq qarzi majburiy tartibda sud qarori bilan undirib olinishi belgilangan.

 

Andijon viloyati davlat soliq boshqarmasi hamda Majburiy ijro byurosi xududiy boʻlimlari bilan hamkorlikda joriy yilning oʻtgan davrida 3160 ta holatda 138 milliard 100 million soʻm miqdoridagi oʻz vaqtida toʻlanmagan soliq va boshqa majburiy toʻlovlar undirildi.

 

– Birgina may oyida oʻtkazilgan xatlov tadbirlari natijasida 964 million soʻmlik soliq qarzi mavjud 62 ta yuridik shaxslarning mol-mulklari xatlandi, – deydi davlat soliq boshqarmasi boʻlim boshligʻi Muhammadmirzo Noʻmonov. – Belgilangan tartiblarga asosan, undiruv soliq toʻlovchining debitorlarlik haqlariga qaratildi. Natijada joriy yilning oʻtgan davrida 138 milliard soʻmdan ziyod soliq qarzdorligi ana shu tartibda undirildi. Jumladan, Xonobod shahridagi “Samandar shijoati” masʼuliyati cheklangan jamiyatining 230 milllion soʻm miqdordagi qarzi jamiyatning “Hon city” MCHJdan debitorlik haqi hisobidan undirib olindi.

 

Soliq qarzdorligini majburiy tartibda undirishdan maqsad, kimningdir mulkini olib qoʻyish yoki jazolash emas balki, soliq toʻlash madaniyatini shakllantirish, tashkilotlarning qoʻshimcha ravishda peniya toʻlashlarining oldini olish, eng muhimi, iqtisodiy barqarorlikni taʼminlashga qaratilgan.

http://www.uza.uz