Saida Mirziyoeva axborot xizmatlari faoliyati bilan bog‘liq Prezident qarorini qabul qilish taklifi ilgari surilganini aytdi

28/05/2019 - 16:44 982

«OAV sohasida milliy qonunchilikni yanada takomillashtirishning dolzarb masalalari» mavzusida respublika konferensiyasi bo`lib o`tdi.

Avval xabar berganimizdek, poytaxtimizdagi "Hyatt Regency Tashkent" mehmonxonasida «OAV sohasida milliy qonunchilikni yanada takomillashtirishning dolzarb masalalari» mavzusida respublika konferensiyasi o‘tkazildi. Unda ishtirok etayotgan agentlik direktori o‘rinbosari Saida Mirziyoeva matbuot xizmatlari va axborot siyosati yuzasidan bir nechta takliflarni ilgari surdi.

«Davlat hokimiyati va boshqaruvi, xo‘jalik boshqaruvi organlari hamda boshqa tashkilotlarning jamoatchilik bilan aloqalarini tubdan takomillashtirish hamda axborot xizmatlari faoliyatini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarorini qabul qilish taklifi ilgari surilmoqda. 

Shuni alohida ta’kidlash joizki, ushbu qaror loyihasi ishlab chiqilgan va u hozirgi vaqtda keng jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi. Unda ilk bor axborot xizmatlarining asosiy vazifalari, vakolatlari, majburiyatlari, matbuot kotiblarining tashkilotdagi o‘rni va maqomi, moddiy-texnik va moliyaviy ta’minoti, shart-sharoitlari, malaka oshirish imkoniyatlari tubdan yaxshilanib, huquqiy kafolatlanmoqda.

Jumladan, Axborot xizmati rahbarining maqomini oshirish, uni davlat organi rahbarining maslahatchisiga aylantirish, ish haqi, transport va tibbiy xizmat ko‘rsatish masalasi bo‘yicha rahbar o‘rinbosariga tenglashtirish taklif etilmoqda», dedi Saida Mirziyoeva.

O‘zA