Samarali amaliy seminar bo'lib o'tdi

24/05/2019 - 10:11 916

O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligida Yaponiyaning Marubeni va Kavasaki kompaniyalari ishtirokida “Issiqlik va elektr energiyalarini bir vaqtda ishlab chiqaruvchi gaz-turbina texnologiyalarini joriy qilish orqali istish qozonxonlarni modernizatsiya qilish loyihasi” mavzusida O‘zbekistonda kogeneratsion gaz-turbina texnologiyalarni joriy qilishga bag‘ishlangan amaliy seminar bo‘lib o‘tdi.

Seminar davomida Yaponiya korxonalari tomonidan energiya ta'minoti tizimidagi yetishmovchilikni korxonalarda kogeneratsion texnologiyalarni qo‘llash orqali qoplash, mavjud uskunalarni yangilash va modernizatsiya qilish, elektr va issiqlik energiyasini bir vaqtda ishlab chiqarish orqali iqtisodiy rentabellikni ta'minlash bo‘yicha yechimlar taqdim etildi.

Seminarda ta'kidlandiki, taqdim etilayotgan texnologiyalarning afzalligi shundaki, Kavasaki kompaniyasi gaz-turbinalarining foydali ish koeffitsiyenti boshqa texnologiyalar bilan solishtirganda 80 foizga yetadi. Ushbu ko‘rsatkichga yetishishning eng asosiy omillaridan biri, bu - chiqayotgan issiqlikdan to‘liq foydalanish va samaradorlikni oshirish hisoblanadi.

Seminarda Yaponiya davlati tomonidan: Yaponiyaning O‘zbekistondagi favquloddagi va muxtor elchisi Ito Nobuaki boshchiligidagi Yaponiya xalqaro xamkorlik agentligi (JICA); NEDO tashkiloti; Marubeni va Kavasaki kabi qator kompaniyalar vakillari ishtirok etishdi.

O‘zbekiston tomonidan ham qator tegishli va manfaatdor vazirliklar, tashkilotlarning mutasaddilari hamda mutaxassislari qatnashdi.


Seminarni Iqtisodiyot va sanoat vaziri o‘rinbosari S. Saifnazarov olib bordi.

Vazirlik matbuot xizmati