Innovatsion va korporativ hamkorlik doirasida investitsiya loyihalari samaradorligini baholash va ekspertizasini tashkil etish masalalari muhokama qilindi

30/04/2019 - 14:54 877

2019-yilning 22-aprel kuni Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida innovatsion va korporativ hamkorlik doirasida “Investitsiya loyihalari samaradorligini baholash va ekspertizasini tashkil etish” mavzuida ilmiy-amaliy seminar bo‘lib o‘tdi. “Sanoat iqtisodiyoti” kafedrasi mudiri I. Xotamov va dotsent S. Kasimov seminar tashkilotchilari bo‘ldilar. 

Ilmiy-amaliy seminarda O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi huzuridagi “Loyihalarni va import kontraktlarini kompleks ekspertiza qilish markazi” DUK bosh mutaхassisi – Sardor Murodov, bo‘lim boshlig‘i Ravshan Saydakulov, Islom taraqqiyot bankining (keyingi o‘rinlarda - ITB) O‘zbekistondagi vakili – Xusan Xasanov hamda “Sanoat iqtisodiyoti” kafedrasi professori – Baхtiyor Salimov ma'ruzalar bilan chiqdilar.

Seminarning asosiy maqsadi – mamlakatni rivojlantirish davlat dasturlarini shakllantirish va amalga oshirish tartibini takomillashtirish, loyihalarni moliyalashtirish va tanlov samaradorligi hamda shaffofligini ta'minlash, shuningdek mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishda ITB vazifalari to‘g‘risida bo‘lajak iqtisodchilarni tanishtirishdir. 

Seminarda Markaz vakili S. Murodov loyihalar va kontraktlarni kompleks ekspertizadan o‘tkazishning muhimligi va maqsadlari to‘g‘risida, shuningdek kompleks ekspertiza uchun loyihaoldi va loyiha hujjatlarni, biznes-rejalarni va kontraktlarni kiritish tartibi va omillari to‘g‘risida ishtirokchilarga ma'lumot berdi. 

ITB vakili Xusan Xasanov islom moliyalashtiruvining hozirgi kundagi ahamiyati va xususiyatlari, ITB faoliyati, uning dunyodagi mavqei va O‘zbekistonning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga qo‘shgan moliyaviy qo‘yilmalari to‘g‘risida batafsil so‘zlab berdi.


 
Shuni ta'kidlash kerakki, oliy ta'lim tizimida “Oliy ta'lim muassasalari moddiy-teхnik bazasini mustahkamlash” loyihasi ITB investitsiya fondlarining mablag‘lari hisobiga amalga oshirilmoqda. Shu bilan birga X. Xasanov tomonidan “O‘zbekiston” nashriyot-matbaa ijodiy uyi tomonidan 2019-yilda chop etilgan “Islomiy moliya asoslari” nomli kitobning 10ta nusxasi universitet Aхborot-resurs markaziga topshirildi.

Ilmiy-amaliy seminar uning barcha ishtirokchilari uchun juda dolzarb va foydali bo‘ldi. Seminar yakunida ma’ruzachilar professor va o‘qituvchilar tarkibining, shuningdek mamlakatni rivojlantirish dasturlarini amalga oshirish jarayonlariga o‘z qiziqishlarini bildirgan ishtirokchi talabalarning savollariga batafsil javoblar berdilar. 

O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi huzuridagi 
“Loyihalarni va import kontraktlarini kompleks ekspertiza qilish markazi” DUK