Inflyatsiya darajasini jilovlash - makroiqtisodiy barqarorlik kafolati

13/04/2019 - 12:21 11570

Joriy yilning yanvar-mart oylarida inflyatsiya darajasi 4,3 foizni tashkil qilib, prognoz parametrlari darajasida bo‘lishi ta'minlandi (2018-yilning birinchi choragida - 4,9%).

Bunda oziq-ovqat tovarlari narxining o‘sishi 6,4 foizni tashkil qilib, ushbu o‘sish meva va sabzavotlar (17,7%), sut mahsulotlari (8,1%), umumiy ovqatlanish (8,0%), spirtli ichimliklar (6,0%), non va non mahsulotlari (3,4%), go‘sht mahsulotlari (3,2%) narxlarining ko‘tarilishi hisobiga shakllangan.

Nooziq-ovqat tovarlari 2019-yilning birinchi choragida 2,8 foizga qimmatlashib, asosan bosmoxona mahsulotlari (17%), aloqa vositalari (10,1%), tozalovchi vositalar (8,9%), asosiy maishiy tovarlar (6,4%), kiyim-kechaklar (3,6%) va oyoq kiyimlari (2,7%) narxlarining oshishi kuzatildi.

Xizmatlar tariflarining o‘sishi 2,5 foizni tashkil qildi. Bunga ta'lim xizmatlari (6,8%), maishiy xizmatlar (5,2%) va aloqa xizmatlari tariflarining oshishi (4,2%) ta'sir ko‘rsatdi. 

Shuningdek, joriy yilning birinchi choragidagi inflyatsiya darajasiga quyidagi omillar ta'sir ko‘rsatdi:

A) Mavsumiylik omili. Hisobot davrida meva-sabzavot narxlari 17,7 foizga, sut mahsulotlari narxlari 8,1 foizga oshdi. Mazkur omillarning inflyatsiya darajasiga ta'siri 1,48% ni tashkil qildi. 

B) Sanoat mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonalarda ulgurji narxlarning 9,9% ga, jumladan kimyo mahsulotlari ishlab chiqarish - 35,3%, kiyim ishlab chiqarish 9,2%, teri mahsulotlari 8,1% va farmatsevtika preparatlari ishlab chiqarish narxlarining 4,2% ga oshishi umumiy inflyatsiya darajasiga 1,03% ga ta'sir ko‘rsatdi. 

V) Boshqa omillarning ta'siri - 1,80%.

O‘z navbatida, joriy yilning I-choragida quyidagi omillar inflyatsiya darajasini jilovlash imkonini berdi:

- ichki bozorni iste'mol tovarlari bilan to‘yintirish maqsadida 2019 yilning birinchi choragida 513,6 mln.doll. (2018-yilning mos davriga nisbatan o‘sish - 9,0%) oziq-ovqat  mahsulotlari importi amalga oshirildi;

- 2018-yilda tuxum yetishtirish 16,2%ga, mol va tovuq go‘shti yetishtirish - 5,7% ga, sut yetishtirish - 4,3%ga, baliq yetishtirish 12,1% ga oshgan va boshqalar. 

Inflyatsiya darajasini yanada jilovlash va shu orqali aholi turmush farovonligini ta'minlash maqsadida kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilishi davom etmoqda. 

O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi