Navoiy viloyatida 2018-yilda to‘qimachilik sohasida amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida ma'lumot

13/03/2019 - 09:51 2313

Ushbu soha turli ishlab chiqarish yo‘nalishiga ega keng qamrovli soha hisoblanadi. Bu soha paxta xom ashyosini yetishtirishdan tortib, uni tayyor mahsulot bo‘lishiga qadar 5 bosqichli jarayondir. Har bir bosqichda yuqori qo‘shimcha qiymatga ega va ko‘p ish o‘rinlari yaratadagan hamda mamlakat iqtisodiyotining turli xil ehtiyojlarini ta'minlovchi multidisipliner ishlab chiqarish majmuasidir. 

To‘qimachilik sanoati korxonalari iste'mol tovarlari bilan bir qatorda iqtisodiyotning boshqa tarmoqlari uchun xom ashyo va yordamchi materiallar ishlab chiqaradigan sohadir.

2018-yilda 178 ta korxona tomonidan 1 256,2 mlrd.so‘mlik mahsulot ishlab chiqarildi hamda o‘sish sur'ati 100,0 foizga bajarildi. O‘tgan yilga nisbatan 211,8 mlrd.so‘mga ko‘p mahsulot ishlab chiqarildi.

2018-yilda “Baxt tekstil” MCHJning qiymati 126,0 mlrd.so‘mlik ip kalava ishlab chiqarish loyihasi foydalanishga topshirildi. Buning natijasida viloyatda 33,8 ming tonna paxta tolasini qayta ishlab, 28,0 ming tonna ip kalava ishlab chiqarish quvvati yaratildi va qayta ishlash darajasi 90,0 foizga yetkazildi. Ip kalavani qayta ishlab trikotaj mato ishlab chiqarish quvvati esa 30,0 foiziga yetdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 6-noyabrdagi PQ-3377-sonli qarori hamda viloyat hokimining 2017-yil 8-noyabrdagi Q-394-sonli qarorlari ijrosini ta'minlash maqsadida mahalliy eksport qiluvchilarni qo‘llab-quvvatlash yuzasidan korxonalarni mahsulotini eksport qilishdagi muammolari, ularga berilayotgan imtiyozlar bo‘yicha tegishli normativ-hujjatlar bilan tanishtirib borildi va buning natijasida, viloyatda 2018-yilda yengil sanoat sohasida 38 372,9 ming.dollarlik 9 turdagi mahsulotlar Rossiya, Turkiya, Qozog‘iston, Belarusiya, Ukraina va boshqa xorijiy davlatlarga eksporti qilindi. 2017-yilda 23 014,2 ming.dollarlik 6 turdagi mahsulot eksporti amalga oshirilgan edi. Shundan, mos davrga nisbatan 15 358,7 ming.dollarga (166,7%) ko‘p yoki qo‘shimcha 3 yangi turdagi mahsulotlar eksporti amalga oshirildi. 

Shuningdek, tashqi savdo aylanmasi, ya'ni saldo 33 672,9 ming.dollarga ijobiy bajarildi. Buning asosiy sababi viloyatda 2018-yildan boshlab klaster tizimiga to‘liq o‘tilganligi va qo‘shimcha yangi 2 turdagi (mato, tayyor kiyim kechak) mahsulotlar eksporti hisobiga to‘g‘ri kelmoqda. 

2018-yilda eksportini tekstil-to‘qimachilik sohasining tarkibiy qismi quyidagi diagrammada aks ettirilgan. (ming.dollarda)

2018-yilda ushbu sohada qiymati 51,2 mlrd.so‘mlik 34 ta loyiha foydalanishga topshirildi va buning natijasida 764 ta yangi ish o‘rinlari yaratildi.

2019-2020-yillarda qiymati 386,1 mlrd.so‘mlik 10 ta loyihani amalga oshirilishi natijasida 1035 ta ish o‘rni yaratilishi rejalashtirildi.

Jumladan, Navoiy shahrida “Baxt Navoiy” MCHJ ning kalava ip ishlab chiqarish, “Ishonch Gilam” MCHJ QK ning gilam va gilam maxsulotlari ishlab chiqarish, Xatirchi tumanida “Xatirchi tekstil” MCHJ ning ip kalava, mato va tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish hamda Konimex tumanida “Konimex Tex” MCHJ ning mato ishlab chiqarish kabi yirik loyihalarni amalga oshirish uchun keng ko‘lamli ishlar bajarilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 12-fevraldagi “To‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoatini isloh qilishni yanada chuqurlashtirish va uning eksport salohiyatini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 4186-sonli qarorida sohani jadal rivojlantirish va diversifikatsiya qilish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, to‘qimachilikda yarim tayyor mahsulotlarni chuqur qayta ishlashga investitsiyalar hajmini va tayyor mahsulotlar eksportini oshirish maqsadida 2019-yil 1-apreldan tadbirkorlariga quyidagi imtiyozlar berildi.

- 2019-2021-yillarda ishlab chiqariladigan tayyor mahsulotning kamida 80 foizini eksport qiladigan tikuv-trikotaj korxonalariga tijorat banklarining kreditlari bo‘yicha foizlarni to‘lash bilan bog‘liq xarajatlar Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qoplanadi:

- Aylanma mablag‘larni to‘ldirish (tayyor to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarish uchun ip-kalava, trikotaj mato, ip gazlama va boshqalar xarid qilish) maqsadida tijorat banklari tomonidan milliy valyutada beriladigan kreditlar bo‘yicha belgilangan foiz stavkasining 25 foizi miqdorida, ammo 5 foizli punktdan yuqori bo‘lmagan holda;

- Ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish (bino va asbob-uskunalarni sotib olish) maqsadida tijorat banklari tomonidan xorijiy valyutada beriladigan kreditlar bo‘yicha belgilangan foiz stavkasining 50 foizi miqdorida;

- Nol stavkani qo‘llash natijasida vujudga kelgan qo‘shilgan qiymat solig‘ini qaytarish zarur bo‘lgan hujjatlar to‘liq taqdim etilgan kundan e'tiboran 7 ish kuni davomida soliq to‘lovchiga tezkorlik bilan qaytariladi. Bunda davlat soliq organlarida mavjud bo‘lgan ma'lumotlar, shu jumladan, soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar bo‘yicha taqqoslash dalolatnomasi hamda qo‘shilgan qiymat solig‘i hisob-kitoblarini taqdim etish tartibi bekor qilinadi;

- Birja savdolari orqali paxta tolasini sotishda qat'iy talab qilinadigan bank kafolatlari bekor qilinadi. Bunda taraflar o‘rtasida majburiyatlar bajarilishini ta'minlash tartibi shartnoma asosida belgilanadi.

- 2019-yil hosilidan boshlab respublika tashkilotlariga paxta tolasini sotishda qo‘shilgan qiymat solig‘i jahon bozorlarida shakllangan narxlardan qat'iy nazar, paxta tolasining amaldagi sotish narxidan kelib chiqqan holda hisoblanishi belgilandi.

Bundan tashqari, 2019-2025-yillarda to‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoatini jadal rivojlantirish Konsepsiyasini ishlab chiqilishi hamda respublikada ishlab chiqariladigan paxta ip-kalavalarning butun hajmini qayta ishlash hisobiga 2025-yilga borib to‘qimachilik mahsulotlari eksporti hajmini 7 milliard AQSH dollariga yetkazish rejalashtirildi.

Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligiga 2019-2020-o‘quv yilidan boshlab Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat institutida yetakchi xorijiy oliy o‘quv yurtlarining qo‘shma ta'lim dasturlarini tashkil etish;

Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti kadrlarining buyurtmachilari bitiruvchining bazaviy kontrakt to‘lovini ikkinchi bosqichda kamida 50 foiz, uchinchi bosqichda kamida 75 foiz, to‘rtinchi bosqichda 100 foiz miqdorida to‘lab bergan taqdirda, bitiruvchining buyurtmachi korxonasida mehnat faoliyatini amalga oshirish majburiyati to‘g‘risida shartnoma tuzilishi tartibini belgilash choralari ko‘rish vazifalar yuklandi.

O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi bilan birgalikda: O‘zbekistonda bir yilda kamida bir marotaba to‘qimachilik tadbirlarini jahon kalendariga kiritgan holda to‘qimachilik va moda industriyasi xalqaro ko‘rgazmalari o‘tkazilishi choralarini ko‘rish vazifasi topshirildi.

Navoiy viloyati Iqtisodiyot va sanoat bosh boshqarmasi