O‘zbekiston eksport salohiyati yuksalmoqda

20/07/2016 - 10:15 5898

Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar natijasida mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan zamonaviy avtomobillar, telekommunikatsiya uskunalari, kompyuter texnikasi, keng turdagi maishiy elektronika mahsulotlari, jahonga mashhur matolaru, ulardan tayyorlanayotgan kiyim-kechaklarga dunyo havas qilmoqda.

Mamlakatimizning barcha hududlarida sanoat korxonalarini tashkil etish, xususiy tadbirkorlik sub’ektlarining mahsulotlarini eksport qilishni qo‘llab-quvvatlash, ularga har tomonlama ko‘mak berish, mahsulotlarini eksportga yo‘naltirish, qo‘shimcha ish o‘rinlarini yaratish borasida olib borilayotgan keng ko‘lamli ishlar iqtisodiyotning barqaror sur’atlar bilan o‘sishiga, mamlakatimizning eksport salohiyati izchil yuksalishiga xizmat qilayotir.

Darhaqiqat, “Made in Uzbekistan” yorlig‘i tushirilgan mahsulotlarimiz dunyo bozorlaridan mustahkam joy olmoqda. Korxonalarimiz jahonga qariyb barcha turdagi tovarlarni – oziq-ovqat mahsulotlari, kiyim-kechak, qurilish materiallaridan tortib yuqori texnologiyali zamonaviy texnikalargacha taklif etmoqda. Xalqaro andozalar asosida ishlab chiqarilayotgan bu mahsulotlar yuksak sifati bilan xorijlik iste’molchilarga manzur bo‘lmoqda.

Ushbu sohadagi ishlarni yanada rivojlantirish, mamlakatimiz korxonalarini eksport faoliyatiga jalb etish, ularning mahsulotlarini tashqi bozorlarga yo‘naltirish, milliy mahsulotlar eksporti salohiyatini yuksaltirishda Prezidentimiz tashabbusi bilan O‘zbekiston Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki huzurida tashkil etilgan Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’ektlarining eksportini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi alohida ahamiyat kasb etmoqda.

Mamlakatimizning barcha hududlarida o‘z filiallariga ega bo‘lgan mazkur jamg‘arma tadbirkorlarning xalqaro ko‘rgazma va yarmarkalarda, biznes-forum va kooperatsion birjalarda ishtirok etishi, chet ellik hamkorlar topishi va shartnomalar tuzishi, xorijiy davlatlar qonunchiligiga muvofiq litsenziya va sertifikatlar, boshqa ruxsatnomalar olishida huquqiy, moliyaviy va tashkiliy ko‘mak ko‘rsatmoqda. Jamg‘arma tomonidan yuzdan ortiq xorijiy tashkilot bilan hamkorlik aloqalari o‘rnatilgani kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’ektlari o‘z mahsulotlarini eksport qilishida muhim ahamiyat kasb etayotir.

Joriy yilning birinchi yarmida jamg‘arma 1646 tadbirkorlik sub’ektiga mahsulot va xizmatlarni eksport qilishda tashkiliy, huquqiy va moliyaviy yordam ko‘rsatdi. Amalga oshirilgan ishlar natijasida umumiy qiymati 1 milliard 320 million dollarga teng eksport shartnomalari imzolandi.

Jamg‘arma bilan hamkorlik qilayotgan tadbirkorlar yil sayin ko‘payib bormoqda. Joriy yilda bunday tadbirkorlar safi 164 taga kengaydi. Eksport qilingan mahsulotlar hajmi 26 foiz o‘sdi. 2016 yilning oxiriga borib, 4000 tadbirkorga ko‘mak ko‘rsatish, eksport hajmini o‘tgan yilga nisbatan 50 foizga oshirish rejalashtirilgan.

Davlatimiz rahbarining 2016 yil 16 martdagi «Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’ektlari eksportini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori kichik biznes, xususiy tadbirkorlik sub’ektlari hamda fermer xo‘jaliklari salohiyatini yanada kengaytirishga xizmat qilmoqda. Unga muvofiq, jamg‘arma ustav kapitali 5,3 milliard so‘mdan 10 milliard so‘m va 2 million dollarga oshirildi. Jamg‘armaga xorijiy davlatlarda o‘z vakolatxonalarini ochish huquqi berildi. Mazkur tashkilot xizmatlari uchun to‘lanadigan komissiya to‘lovlari 3 foizdan 1 foizga tushirildi. Bularning barchasi tadbirkorlarga yanada kengroq moliyaviy ko‘mak ko‘rsatishga xizmat qilmoqda.

Jamg‘arma ko‘magida mamlakatimiz ishlab chiqaruvchilari chet ellarda o‘tkazilayotgan yirik xalqaro ko‘rgazma va yarmarkalarda faol ishtirok etib, o‘z mahsulotlari eksportini yo‘lga qo‘yish, eksport geografiyasini kengaytirish, xaridorlar topish va shartnomalar tuzishga muvaffaq bo‘lmoqda. Xususan, joriy yilning yanvar-iyun oylarida 120 tadbirkor Germaniya, Fransiya, Turkiya, Turkmaniston, Qozog‘istonda oziq-ovqat, to‘qimachilik, charm-poyabzal, qurilish materiallari ishlab chiqarish sohalarida o‘tkazilgan qator xalqaro ko‘rgazma va yarmarkalarda ishtirok etdi. Tadbirlar doirasida 59,5 million dollarlik eksport shartnomalari imzolandi.

Ayni paytda “O‘zbekengilsanoat” aksiyadorlik jamiyati bilan hamkorlikda joriy yilning 20-23 sentabr kunlari Moskva shahrida o‘tkaziladigan “Tekstillegprom – 2016” xalqaro to‘qimachilik mahsulotlari yarmarkasida tadbirkorlarimizning ishtirokini tashkillashtirish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.

O‘zbekiston eksport salohiyatini yanada oshirish maqsadida xorijiy xaridorlar, yirik xalqaro savdo majmualari vakillarining mamlakatimizning barcha hududlariga tashrifi, tadbirkorlarimiz bilan uchrashuvlari o‘tkazilmoqda. Joriy yilning fevral oyida Farg‘ona viloyatida Latviya, Qozog‘iston, Rossiya va boshqa davlatlarning tashkilotlari, yirik savdo majmualari vakillari ishtirokida davra suhbatlari o‘tkazildi. Tadbir doirasida tadbirkorlarimiz tomonidan qiymati 150 million dollardan ortiq bo‘lgan eksport shartnomalari imzolandi. May oyida Koreya Respublikasining yirik savdo tarmog‘i – “Lotte Mart” kompaniyasi vakillari O‘zbekistonda bo‘lib, mamlakatimizning oziq-ovqat, to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonalarida muzokaralar o‘tkazdi. Janubiy Koreyaga qovun, gilos, anor va boshqa mahsulotlarni eksport qilish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.

Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’ektlarining eksportini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi 12-16 iyul kunlari Toshkent shahrida o‘tkazilgan Xalqaro meva-sabzavot yarmarkasida faol ishtirok etdi. Mazkur yarmarkada ushbu tashkilot ko‘magida mamlakatimizdagi oltmishdan ziyod korxona meva-sabzavot mahsulotlari eksporti bo‘yicha qiymati qariyb 490 million AQSh dollari bo‘lgan 65 shartnoma imzoladi.

Hozir jamg‘arma tomonidan kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’ektlari ishlab chiqarayotgan mahsulotlarning turlarini tizimli asosda tahlil qilish, ularning tashqi bozorlardagi raqobatbardoshlik darajasini aniqlash, eksportga ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning jahon va mintaqaviy bozorlardagi talab va ehtiyojga mosligini ta’minlashga qaratilgan marketing izlanishlari olib borilmoqda. Eksportchi korxonalarning imkoniyatlarini o‘rganish, muammolarini bartaraf etish, ishlab chiqaruvchilarni eksport faoliyatiga keng jalb qilishga bag‘ishlangan uchrashuvlar muntazam o‘tkazib kelinmoqda.

Jamg‘arma tomonidan amalga oshirilayotgan bunday keng ko‘lamli ishlar kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’ektlari mahsulotlarini eksport qilishni yanada kengaytirishga, iqtisodiyotimizning barqaror rivojlanishiga xizmat qilaveradi.

O‘zA