Ko‘mir ishlab chiqarish

02/03/2016 - 20:08 4334

Bugungi tezkor taraqqiyot jarayonlari iqtisodiyotning har bir soha, tarmoqlarida  rivojlanish sur'atlarining yuqori bo‘lishini taqozo etmoqda. Bunday izchillik sanoatning yoqilg‘i energetika kompleksiga kiruvchi ko‘mir mahsulotlarini ishlab chiqarish sohasiga ham tegishlidir.

2015-yilda respublikamiz ko‘mir qazib oluvchi korxonalari tomonidan jami 3,5 mln. tonna ko‘mir yoqilg‘isi qazib olingan bo‘lib, bu manbaalar uning asosiy iste'molchilari hisoblangan aholi, iqtisodiyotning real sektori hamda «O‘zbekenergo» AJ korxonalarining ko‘mir yoqilg‘isiga bo‘lgan ehtiyojini qondirishga yo‘naltirilgan.

Ma'lumki, ko‘mir briketi ishlab chiqaruvchilarga qulay shart-sharoit yaratish, aholini ish bilan band etish va qo‘shimcha ish o‘rinlarini tashkil etish hamda ijtimoiy sohaga yo‘naltirilgan muassasa va tashkilotlarni arzon narxdagi ko‘mir mahsuloti bilan ta'minlash maqsadida, 2015-yil 2-iyulda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 177-sonli qarori qabul qilingan edi. Mazkur qaror talablariga ko‘ra, ko‘mir briketini ishlab chiqarish, uni aholi va ijtimoiy soha muassasa va tashkilotlariga sotish hamda yetkazib berish tartibi o‘rnatildi. Bugungi kunda bunday ko‘mir briketini ishlab chiqaruvchilar soni 90 tadan oshgan. Bu esa, o‘z o‘rnida, iste'molchilarni sifatli va raqobatbardosh ko‘mir briketi mahsulotlari bilan ta'minlanish imkonini beradi.