2016-2020 yillarda O‘zbekiston Respublikasining rivojlanish maqsadlariga ko‘maklashish bo‘yicha BMT dasturining rasmiy taqdimot marosimida so‘zlangan nutq

17/10/2015 - 18:57 10798

Hurmatli tadbir qatnashchilari!

Ruxsat bersangiz, avvalambor, bugungi tadbirni tashkil etishda hamkorlik qilayotgan BMTning Vakolatxonasi hamda uning O‘zbekistondagi barcha agentliklariga minnatdorchilik bildirsam.

Yangi rivojlanish maqsadlariga ko‘maklashish bo‘yicha BMT dasturining 2016-2020 yillarga mo‘ljallangan marosim taqdimotini, vazirlik, muassasa va idoralarning mas'ul xodimlari, BMTning agentliklari hamda boshqa xalqaro hamkorlik tashkilotlarining vakillari ishtirokida o‘tkazilishi, BMTning O‘zbekiston Respublikasi Hukumati bilan kelgusi besh yillikda olib boradigan ustuvor yo‘nalishlarini samarali va muvofiqlashtirgan holda amalga oshirish uchun muhim hisoblanadi.

Bu borada yakunlanayotgan, 2010-2015 yillarga mo‘ljallangan dastur doirasida BMT bilan olib borilayotgan samarali hamkorligimizni alohida ta'kidlab o‘tmoqchiman.

BMT tomonidan amalga oshirilayotgan texnik ko‘makning samaradorligi va barqarorligini ta'minlash uchun, avvalambor, yangi rivojlanish maqsadlariga ko‘maklashish bo‘yicha BMT dasturining davlatni ustuvor vazifalari va strategiyalari bilan uyg‘unligini ta'minlash muhimdir.

Barchangizga xabaringiz bor, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentimiz Islom Karimov tomonidan taklif etilgan beshta rivojlanish tamoyillariga asoslangan rivojlanish modelini tanlagan. Ushbu modelning muhimligi shundaki, kuchli ijtimoiy siyosat bilan birga bosqichma-bosqich iqtisodiyot ham  rivojlantirib boriladi.

O‘zbekiston iqtisodiyotining tarkibida tobora kichik bines va xususiy tadbirkorlik sohasi muhim ahamiyat kasb etmoqda. Bugun yalpi ichki mahsulotning 56,1% ushbu sohaga to‘g‘ri kelmoqda, vaholanki,  bu ko‘rsatkich 2000 yilda atigi 31 % ni tashkil etgan edi. Kichik biznesni rivojlantirish iqtisodiyotimizning o‘sishi, aholining mehnat bilan bandligi muammolarini bartaraf etish va xalq farovonligini yuksakltirishda eng muhim va asosiy bo‘g‘inlardan hisoblanadi.

Shu bilan birga, ijtimoiy sohalarni rivojlantirish, ish o‘rinlarini shakllantirish va aholining mehnat bilan bandligi, uy-joy qurish va aholi punktlarni obodonlashtirish, ta'lim jarayoni va sog‘liqni saqlashni isloh qilish hamda takomillashtirish davlat e'tiborida bo‘lgan va doimo shunday bo‘lib qoladi.

Yana shuni ta'kidlash joizki, biz uchun eng asosiy ustuvor vazifalardan biri, bu - yangi ish o‘rinlarini tashkil etish, aholi bandligini ta'minlash, ularning daromadlarini oshirish masalasi bo‘lib qoladi.

Qishloq aholisining turmush darajasi va sifatini oshirishda yana bir asosiy ko‘rsatkich, bu - bugungi kunda mamlakatimizda o‘tkazilayotgan islohotlar tufayli qishloq aholi punktlari qiyofasining tubdan yaxshilanayotgani, namunaviy loyihalar asosida yakka tartibdagi uy-joy qurilishi ko‘lamini kengaytirilayotgani, qishloqda transport, muhandislik-kommunikatsiya va ijtimoiy infratuzilma inshootlarining jadal rivojlanayotganidir.

Yana bir bor ta'kidlab o‘taman, bizning maqsadimiz - bu iqtisodiyotni modernizatsiyalash va yangilashda olib borilayotgan islohotni davom ettirgan va chuqurlashtirgan holda, mamlakat aholisining turmush darajasi hamda sifatini oshirishni ta'minlash, tenglar o‘rtasida teng bo‘lish - dunyo hamjamiyatida munosib o‘rin egallashdir.

Biz BMT agentliklarini dunyoning 160 dan ortiq davlatlarida mavjudligini hamda ushbu dunyo tajribalarini bizning mamlakatimizda joriy qilishdagi ko‘maklari va imkoniyatlarini yuqori baholaymiz va ularga minnatdorchilik bildiramiz. Yangi rivojlanish maqsadlariga ko‘maklashish bo‘yicha BMT dasturining yana bir farqli bo‘lagi bo‘lib, mazkur dastur joriy yilning 25-27 sentyabr kunlari Nyu-Yorkda bo‘lib o‘tadigan BMTning sammitida BMT a'zo davlatlari rahbarlari tomonidan qabul qilinishi kutilayotgan Barqaror Rivojlanish sohalarining asosiy Maqsadlarida aks ettirilgani, deb hisoblayman.

YAqindagina hukumatimiz, yangi rivojlanish maqsadlariga ko‘maklashish bo‘yicha BMT dasturining yangi Muvofiqlashtiruvchi Kengashi tarkibini tasdiqladi, bunga O‘zbekiston tomonidan 30 taga yaqin vazirlik va idoralar kiritildi. O'ylaymanki, bu O‘zbekiston tomonidan BMTning yangi rivojlanish maqsadlariga ko‘maklashish bo‘yicha dasturini samarali amalga oshirishni yo‘lga qo‘yishda katta yordam bo‘ladi.

Yangi hamkorlik dasturi doirasida BMTning agentliklari bilan samarali hamkorlikni davom ettirishga umid qilaman.

E'tiboringiz uchun rahmat!

Galina Saidova,
O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vaziri

 

Yuklab olish (zip, 259Kb)