Xususiy mulk va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash - ustuvor vazifa

04/09/2015 - 15:50 8905

Mustaqillik yillarida O‘zbekiston Respublikasida iqtisodiyotni liberallashtirish, boshqaruvning bozor tamoyillari va mexanizmlarini joriy etish, qulay ishbilarmonlik muhitini shakllantirish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish yo‘lidagi ortiqcha byurokratik to‘siq va g‘ovlarni bartaraf etish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

2012-2014-yillarda xususiy mulk mavqeyini oshirish va uni himoya qilish, ishbilarmonlik muhiti va biznes yuritish sharoitlarini yanada yaxshilashga qaratilgan O‘zbekiston Respublikasining o‘n beshdan ortiq qonuni, jumladan, “Xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”, “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida (yangi tahrirda)”, “Tadbirkorlik faoliyati sohasida ruxsat berish tartib-taomillari to‘g‘risida”, “Raqobat to‘g‘risida”, “Oilaviy tadbirkorlik to‘g‘risida” va boshqa qonunlar qabul qilindi.

Birgina so‘nggi to‘rt yil ichida 186 turdagi ruxsat berish tartibotlari va litsenziyalar bekor qilindi, ularni rasmiylashtirish muddatlari va undiriladigan yig‘imlar miqdori ikki martadan ziyodroq qisqartirildi.

“Yagona oyna” tamoyilini joriy etish va ortiqcha hujjatlarni talab qilish yoki ayrim vakolatli organlar bilan kelishish jarayonlarini bekor qilish hisobiga ruxsat berish xarakteriga ega hujjatlar va litsenziyalarni rasmiylashtirish yanada soddalashtirildi.

Shuningdek, tadbirkorlik subyektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, mulkni ro‘yxatga olish, yer uchastkalari ajratish, ayrim faoliyat turlari bilan shug‘ullanish uchun litsenziya olish, qurilishga ruxsat berish va infratuzilma tarmoqlariga ulanish bo‘yicha soddalashtirilgan tartiblar joriy etildi. Internet tarmog‘i orqali Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida davlat xizmatlarini ko‘rsatishni interfaol shaklga o‘tkazish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Kichik biznes subyektlari tomonidan taqdim etiladigan 65 ta statistik hisobot va 6 ta soliq hisobotlari shakllari bekor qilindi, shuningdek mazkur hisobotlarni taqdim etish mexanizmlari sezilarli darajada soddalashtirildi. Bugungi kunda tadbirkorlik subyektlari soliq va statistika hisobotlari topshirishni, bojxona deklaratsiyalarini rasmiylashtirishni eski usuldagi qog‘oz to‘ldirish yo‘li bilan emas, balki to‘liq ravishda bevosita - elektron shaklda amalga oshirmoqda.

Ta'kidlash joizki, sanoatning yengil, oziq-ovqat va qurilish materiallari ishlab chiqarish kabi ko‘p mehnat talab qiladigan tarmoqlarida ishchilarning eng ko‘p soni ilgarigi 100 kishidan 200 kishigacha oshirilgani kichik biznesni rag‘batlantirish borasidagi chora-tadbirlar tizimidagi muhim qaror bo‘ldi.

Shu bilan bir qatorda, xususiy tadbirkorlikning iqtisodiyotdagi roli va o‘rnini tubdan oshirish, tadbirkorlik faoliyatini tashkil etish yo‘lidagi mavjud to‘siq va cheklovlarni tugatish, xususiy mulkning yalpi ichki mahsulotda, jumladan, xorij sarmoyasi ishtirokidagi ulushini izchil oshirish uchun yanada qulay iqtisodiy, huquqiy sharoit va rag‘batlar yaratishga qaratilgan O‘zbekiston Repsublikasi Prezidentining 2015-yil 15-maydagi “Xususiy mulk, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni ishonchli himoya qilishni ta'minlash, ularni jadal rivojlantirish yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-4725-sonli Farmoni tasdiqlandi.

Mazkur Farmon ijrosini ta'minlash maqsadida, 2015-yil 20-avgustda tadbirkorlik subyektlarining nazorat, huquqni muhofaza qiluvchi va boshqa davlat organlari bilan o‘zaro munosabatlarida oshkoralikni ta'minlash, ularning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, shuningdek, ijtimoiy xavfi kam bo‘lgan javobgarlikni erkinlashtirish kabi tadbirkorlik subyektlari faoliyatining deyarli barcha jihatlariga tegishli bo‘lgan 40 dan ortiq qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritishni nazarda tutuvchi “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga xususiy mulkni, tadbirkorlik subyektlarini ishonchli himoya qilishni yanada kuchaytirishga, ularni jadal rivojlantirish yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etishga qaratilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilindi.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 26-martdagi qarori bilan O‘zbekiston Respublika tovar-xomashyo birjasining maxsus axborot portali orqali elektron savdo yo‘li bilan tadbirkorlik subyektlaridan eng zarur tovarlar (ishlar, xizmatlar)ning davlat xaridini tashkil etish tartibi tasdiqlandi.

Davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari hamda tijorat banklari tomonidan ko‘rsatiladigan barcha turdagi xizmatlardan erkin foydalanishni ta'minlaydigan elektron raqamli imzo sertifikatini berish elektron raqamli imzolar kalitlarini ro‘yxatdan o‘tkazish markazi - O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Yangi texnologiyalar ilmiy-axborot markazi tomonidan amalga oshirilishi belgilab qo‘yildi.

Qolaversa, tashqi iqtisodiy faoliyatni amalga oshirishga doir tartib-tamoyillarni soddalashtirish maqsadida, eksport-import operatsiyalarini amalga oshirishda davlat bojxona xizmati organlariga taqdim etiladigan hujjatlar ro‘yxati tasdiqlanib, tadbirkorlik subyektlari tomonidan tashqi iqtisodiy faoliyatni amalga oshirishda davlat bojxona xizmati organlari tomonidan ushbu ro‘yxatda nazarda tutilmagan, shuningdek davlat bojxona xizmati organlari yoki davlatning boshqa organlari tasarrufidagi qo‘shimcha hujjatlarni talab etish taqiqlandi.

Farmonga muvofiq, joriy yilning 1 iyulidan boshlab xususiy tadbirkorlar tomonidan uch nafargacha xodimlarni yollagan holda tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish huquqi berildi.

Shu bilan birga, tadbirkorlik faoliyati huquq va kafolatlarini himoya qilishni yanada kuchaytirish maqsadida Bosh prokuratura tomonidan davlat, huquqni muhofaza qilish va nazorat qiluvchi organlarning kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari faoliyatiga asossiz aralashishi, tadbirkorlik faoliyatiga to‘sqinlik qilish va mulkdorlar huquqlarining buzilishiga doir masalalar bo‘yicha murojaatlarni tunu kun uzluksiz qabul qilish tizimi joriy etildi.

Tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash va kichik ishlab chiqarishni tashkil etishga ko‘maklashish maqsadida tijorat banklarining ishtiroki yanada kengaydi. Ushbu maqsadlarda joriy yilning birinchi yarmida kichik biznes subyektlariga 6,4 trillion (jumladan, 1,4 trillion so‘mlik mikrokredit) so‘m kredit ajratildi. Bu 2014 yilning shu davriga nisbatan 1,3 marta ko‘pdir. Kichik biznesni rivojlantirish uchun 86,4 million dollar miqdorida xalqaro moliya institutlarining kredit liniyalari o‘zlashtirildi.

Kichik biznes subyektlariga o‘z mahsulotlarini tashqi bozorga chiqarishda yordam berish maqsadida, joriy yil boshidan buyon O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki huzuridagi Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarining eksportini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tomonidan 416 tadbirkorlik subyektiga qiymati 512 million dollarlik mahsulotlarni eksport qilishga ko‘maklashildi. Bundan tashqari, 38 tadbirkorlik subyektiga 406 million so‘m miqdorida moddiy yordam ko‘rsatildi va xorijlik xaridorlarni topish hamda umumiy qiymati 5,6 million dollarlik eksport shartnomalarini imzolashga yordam berildi.

Joriy yilning birinchi yarmida kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari «O‘ztadbirkoreksport» ixtisoslashtirilgan tashqi savdo kompaniyasi orqali 485 million dollarlik mahsulot eksport qildi. Bundan tashqari, «O‘zstandart» agentligi huzuridagi Mahsulotlar eksportini qo‘llab-quvvatlash byurosi tomonidan 654 korxonaga maslahat xizmatlari ko‘rsatildi, standartlashtirish, metrologiya, sertifikatlash, akkreditatsiya, mahsulotlar eksporti va xalqaro hamda mamlakatlarga oid talablarni joriy etish sohasida 29 xalqaro bitim imzolandi.

Umuman olganda, ishbilarmonlik muhitini shakllantirish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirishni yanada kuchaytirish borasida amalga oshirilgan chora-tadbirlar joriy yilning birinchi yarmida 15,2 mingta yangi kichik biznes subyektini tashkil etish imkonini berdi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 6,3 foiz ko‘pdir. Sanoat va boshqa ishlab chiqarish tarmoqlari (umumiy ko‘rsatkichning 36,5 foizi), qurilish (11,5 foiz), shuningdek, savdo va umumiy ovqatlanish sohasida (29,8 foiz) eng ko‘p kichik biznes subyekti tashkil etildi.

Xususiy tadbirkorlikni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash natijasida joriy yilning birinchi yarmida kichik biznesning sanoatdagi ulushi 31,4 foiz (2014-yilning shu davrida 28,9 foiz bo‘lgan), chakana tovar aylanmasida 86,3 foiz (85,9 foiz), pullik xizmatlarda 47,6 foiz (45,2 foiz) va bandlikda 77,2 foizga (76,8 foiz) yetdi.

Ta'kidlash joizki, ishbilarmonlik muhitini takomillashtirish hamda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar Jahon bankining “Doing Business” hisobotida O‘zbekiston Respublikasi reytingiga ijobiy ta'sir ko‘rsatmoqda.

Xususan, so‘nggi to‘rt yil ichida mamlakatimiz reytingi 27 bandga yaxshilanib, 168-o‘rindan 141-pog‘onaga ko‘tarildi. Ayni shu davrda “Korxonani ro‘yxatdan o‘tkazish” ko‘rsatkichi bo‘yicha respublika reytingi 25 bandga, ya'ni 90-o‘rindan 65-o‘ringa ko‘tarildi. Bu esa, o‘z navbatida, biznesni tashkil etish bo‘yicha qonunchilikni takomillashtirish hamda yangi huquqiy normalarni amaliyotga joriy etishning samaradorligidan dalolat beradi.