Sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirishning 2015-yil yanvar-iyun oylari bo‘yicha natijalari tahlili

02/09/2015 - 19:33 5449

Mamlakatimizda tibbiy yordamning ochiqligini ta'minlash maqsadida, tibbiyot xodimlari tomonidan profilaktika ishlarini kengaytirish, ahamiyatga molik bo‘lgan kasalliklarni davolash yuzasidan klinik tavsiyanomalarni joriy etishni o‘z ichiga olgan fuqarolarga ambulator-poliklinika yordamini takomillashtirish ishlari izchil davom ettirib kelinmoqda. Aholini dispanserizatsiya qilish va profilaktika ko‘rigidan o‘tkazishning joriy etilgani munosabati bilan fuqarolarning yashash manziliga chiqqan holda tibbiy xizmatlar ko‘rsatilishi alohida ahamiyat kasb etadi.

Shuni ta'kidlash kerakki, bugungi kunda respublikamiz aholisiga tibbiy ambulator-poliklinika yordamini ko‘rsatish maqsadida, 6054 muassasa, 2997 ta qishloq vrachlik punktlari hamda 202 ta ularning filiallari faoliyat ko‘rsatmoqda. Shu bilan birga, Hukumatimizning tegishli qaroriga asosan, yirik qishloq vrachlik punktlaridan yoki tuman ko‘p tarmoqli poliklinikalaridan 5 km.gacha bo‘lgan 243 ta samarasiz ishlayotgan qishloq vrachlik punktlarining faoliyati tugatildi.

Fuqarolarning munosib turmush tarzini yaratishga qaratilgan davlat dasturlarini amalga oshirish, tibbiyot muassasalarining faoliyatini yaxshilash, tibbiyot xodimlarining malakasini oshirishga qaratilgan amaliy ishlar natijasida yildan yilga aholining birlamchi aniqlangan tashxis bilan kasallanish holati kamayib bormoqda.

Statsionar o‘rnini bosuvchi tibbiy yordam ko‘rsatish usuli, avvalambor ambulator-poliklinika, kunduzgi statsionar va uyda davolanish hisobiga yanada takomillashtirilmoqda. O‘tgan davr mobaynida davolanishi belgilangan umumiy bemorlar sonidan 30 foizga yaqini kunduzgi statsionar sharoitida davolanishdi.

Ma'lumki, maxsus tibbiy yordamni takomillashtirish tadbirlari Hukumat topshirig‘i asosida amalga oshirilmoqda.

Respublika maxsus ilmiy-amaliy markazlar namunaviy tashkiliy tuzilmaga ega bo‘lgan aksiyadorlik jamiyatlariga aylantirildi, bular: Respublika ixtisoslashtirilgan ko‘z mikrojarrohlik markazi, Respublika ixtisoslashtirilgan terapiya va tibbiy reabilitatsiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi, Respublika ixtisoslashtirilgan urologiya markazi, Respublika ixtisoslashtirilgan akusherlik va ginekologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi, Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya markazi hamda Respublika ixtisoslashtirilgan jarrohlik markazi hisoblanadi.

Maxsus markazlarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, yuqori texnologik tibbiy uskunalar bilan jihozlash ishlari Saudiya taraqqiyot jamg‘armasi, Islom taraqqiyot banki, KfV banki (Germaniya) kabi xalqaro moliyaviy institutlari mablag‘lari hisobiga ham davom ettirilmoqda.

Mazkur markazlarda yuqori texnologiyali uskunalardan foydalangan holda  bemorlarga tibbiy yordam ko‘rsatish, asosan yurak-tomir patologiyasi, travmatologik va ortopedik, endikrinologik, oftalmologik, onkologik yo‘nalishlariga to‘g‘ri kelmoqda. Bu esa, o‘z navbatida tibbiyot xodimlarining malakasini oshirish, yangi profilaktika usullarini qo‘llash, kasallikni erta aniqlash va davolashga qaratilgan tadbirlarning ijobiy natijalarga ega bo‘lish imkonini bermoqda.

Xukumatimizning tegishli qaroriga asosan, psixiatriya xizmatining tashkiliy tuzilmasi ham yakuniga yetkazilmoqda. 2015 yilning Investitsiya dasturiga ko‘ra, psixiatriya xizmatining 12 ta muassasalarida rekonstruksiya va ta'mirlash ishlari olib borilmoqda.

Shu bilan birga, bolalarda ruhiy va xulq atvori buzilishini erta aniqlash va davolash, xavfli bo‘lgan bolalar guruhini doimiy profilaktik kuzatish va ularni sog‘lomlashtirishni yanada yaxshilashga qaratilgan chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqildi va tasdiqlandi. 

Shuningdek, Onkologiya xizmatini vertikal-integratsion tashkiliy tuzilmasi nihoyasiga yetdi. Tibbiy yordamni tashkil etish uchun yangi texnologiyalar va usullarni qo‘llashni joriy etilishini inobatga olgan holda tashxis qo‘yish, kasallikni erta aniqlash va onkologik kasallik bilan og‘rigan bemorlarni davolash andozasi ishlab chiqildi.

Ona va bolaga bo‘lgan tibbiy xizmat sifati yaxshilanib kelinmoqda. Tibbiyot oliygohlari hamda respublika va viloyatlar muassasalarining yetakchi mutaxassislari ishtirokida har oyda tizimli ravishda “Fertil yoshida bo‘lgan ayollarni, bolalar va o‘smir qiz bolalarni sog‘aytirish haftaligi” o‘tkazib kelinmoqda. Joriy yilda 79 mingdan ziyod fertil yoshidagi ayollar, 53,1 ming bolalar va o‘smir qiz bolalar tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Yoshlarni turmush qurishlari oldidan ularni to‘liq tibbiyot ko‘rigidan o‘tkazish va shu orqali irsiy, tug‘ma kasalliklarni oldini olish bo‘yicha salmoqli ishlar amalga oshirilayotir. Irsiy va tug‘ma kasalliklarni erta aniqlash dasturi doirasida xavfli guruhga kiruvchi 180 mingga yaqin homilador ayollar tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi.

Bolalar orasida kasallikning erta oldini olish bo‘yicha ishlar ham davom ettirilmoqda. Hisobot davrida jami maktabgacha ta'lim muassasalari tarbiyalanuvchilari, umumiy o‘rta ta'lim, o‘rta maxsus kasb-hunar ta'lim muassasalari o‘quvchilaridan 36 foizi chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi.

YUqori texnologiyali tashxis qo‘yish va davolash chora-tadbirlari orqali bolalarga ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatish ishlari amalga oshirilib kelinmoqda. Tug‘ma yurak xastaligi bilan og‘rigan 125 nafar bolalarga jarrohlik operatsiyasi amalga oshirilgan bo‘lib, shulardan 92 nafariga ochiq-yurak jarrohlik operatsiyasi o‘tkazildi, tug‘ma tos chiqishi kasalligiga duchor bo‘lgan 25 nafariga tezkor operatsiya qilingan bo‘lsa, yana 18 nafariga neyroxirurgik jarrohlik operatsiyalari o‘tkazildi. Shuningdek,  67 nafar bolalarga operatsiya orqali koxlear implantantlar o‘rnatish ishlari amalga oshirildi.

2015 yilgi Investitsiya dasturiga asosan, sog‘liqni saqlash muassasalarining modiy-texnik bazasini mustahkamlashga jami 509,9 mlrd. so‘m kapital qo‘yilmalar yo‘naltirilishi ko‘zda tutilgan.

Hukumat kafolati ostida 6 ta investitsion loyihada 26,68 mln.doll. miqdoridagi mablag‘ o‘zlashtirilishi ko‘zda tutilgan bo‘lib, Islom taraqqiyot banki mablag‘i hisobiga - “Onkologiya muassasalarini modernizatsiya qilish va jihozlash”; Koreya Eksimbanki - mablag‘lari ishtirokida “Bolalar ko‘p tarmoqli meditsina markazini tashkil etish”; “Tuman (shahar) tibbiyot birlashmalarini jihozlash” (Salomatlik-3 XTU), “Andijon viloyati ko‘p tarmoqli tibbiyot markazini jihozlash” (KfV bank), “Respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlarini zamonaviy uskunalar bilan jihozlash” (STF), “Davsanepidnazorat markazlarini laboratoriya uskunalari bilan jihozlash” (ITB) loyihalari hisoblanadi.