“Kecha kim edigu bugun kim bo‘ldik, ertaga kim bo‘lamiz?”

20/08/2015 - 16:34 6182

Yaqinda “O‘zbekiston ovozi” gazetasi tahririyati tomonidan  mamlakatimiz Mustaqilligining 24 yilligiga bag‘ishlanib “Kecha kim edigu bugun kim bo‘ldik, ertaga kim bo‘lamiz?” mavzuida davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi bo‘lim boshlig‘i, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan iqtisodchi Abbos Nabixo‘jayev ham ishtirok etib, o‘z fikrlarini mushtariylar bilan o‘rtoqlashdi.

Quyida ushbu “davra suhbati”da hamkasbimiz tomonidan bildirilgan mulohazalar e'tiboringizga  havola etilmoqda.

- Har qanday davlatning iqtisodiy salohiyati qachon namoyon bo‘ladi? Qachonki, murakkab vaziyatga tushganida. Jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozi boshlanmasdan oldin ­Prezidentimizning Iqtisodiyotning real sektori korxonalarini qo‘llab-quvvatlash, ularning barqaror ishlashini ta'minlash va eksport salohiyatini oshirish chora-tadbirlari dasturi to‘g‘risidagi farmoni qabul qilindi. Ushbu farmon iqtisodchi olimlar tomonidan jahon moliyaviy iqtisodiy in­qiroziga qarshi chora-tadbirlar dasturi, deb nomlandi. Buning natijasida inqirozning salbiy oqibatlari ancha yumshatildi.

Bu esa quyidagilarda namoyon bo‘ldi:

Dastlab mahalliy ishlab chiqaruvchi korxonalarning barcha resurslardan samarali foydalanish hisobiga mahsulotlar tannarxi dunyo bozorida raqobatbardosh bo‘lishi uchun 20 foizga pasaytirildi.

Shuningdek, mamlakat bank-moliya tizimini qo‘llab-quvvatlash maqsadida eng yirik tijorat banklarining ustav kapitaliga davlat byudjetidan 500 milliard so‘mga yaqin mablag‘ kiritish orqali iqtisodiyotning real sektoriga imtiyozli foiz stavkalarida kreditlar berish imkoni yaratildi.

Shu bilan bir qatorda energiya resurslari tannarxi o‘sishini inflyatsiya darajasidan yuqori bo‘lmagan holda, ya'ni 6-8 foizdan oshirmasdan saqlab turishga erishildi.

Shuningdek, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni, ya'ni yangi tashkil qilinayotgan kichik korxonalarni imtiyozli kredit resurslari orqali qo‘llab-quvvatlashga e'tibor qaratildi.

Mamlakatimizda 2006 yilda qabul qilingan mahalliylashtirish dasturida xorijdan milliard-milliard dollar evaziga mahsulotlar kirib kelishining oldini olish, xomashyodan tayyor mahsulot ishlab chiqarishni tashkil qilish ko‘zda tutilgan edi. Mustaqillikning dast­labki yillarida O‘zbekistonda import o‘rnini bosuvchi korxonalar tashkil etilgan bo‘lsa, hozirgi paytda ular oldiga ishlab chiqarayotgan mahsulotlarni xorijga eksport qilish vazifasi qo‘yilmoqda.

Shuningdek, mamlakatimizda soliq stavkalarini pasaytirib borish va aholining real daromadlarini oshirish, soliq stavkalarini unifikatsiyalash (birlashtirish) va soliq solish bazasini takomillashtirish masalalariga ham alohida e'tibor qaratib kelinmoqda.

Bugungi kunda dunyoning eng rivojlangan davlatlari bank-moliya tizimida inqiroz hamon davom etmoqda. Mamlakatimizda esa buning oldini olish maqsadida, moliya bozoriga qisqa muddatli spekulyativ kapital kirishiga yo‘l qo‘yilmasdan, xorijdan to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar jalb qilish borasida bir qator ishlar olib borilmoqda.

Bu esa quyidagi chora-tadbirlarda namoyon bo‘lmoqda. Ustuvor sohalarini moliyalashtirishda davlat kafolatiga olingan kreditlar faqat uzoq muddatlilik sharti bilan, ya'ni 20 yildan 40 yilgacha hamda imtiyozli stavkalarda, xususan, 0,5 foizdan 2 foizgacha bo‘lgan miqdorlarda jalb qilindi.

Banklar kredit siyosatini belgilashda ipoteka kreditlari berish tartibiga alohida e'tibor qaratildi. Chunki, 2008 yilda boshlangan iqtisodiy inqiroz aynan ipoteka kreditlari tufayli kelib chiqqan edi. Qolaversa, O‘zbekistonda shu davrda tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi tashkil qilinib, juda katta mablag‘ to‘plandi. Ayniqsa, xorijiy valyutada. Bu mablag‘ strategik ahamiyatga molik bo‘lgan loyihalarni banklar bilan birgalikda moliyalashtirishga sarflandi va respublikamizdagi yetakchi banklarning kapitallashuv darajasini keskin oshirdi. Ushbu choralarni amalga oshirish natijasida biz nimalarga erishdik?

Birinchidan, mo‘'tadil qattiq pul-kredit siyosati olib borilishi tufayli 2003 yildan buyon, ya'ni 12 yildan beri inflyatsiya darajasi 7-8 foizdan oshmayapti.

Ichki va tashqi qarz olishda konservativ siyosat amalga oshirildi. Shuni aytish o‘rinliki, bugungi kunda Gretsiya, Ispaniya singari davlatlarning tashqi qarzi juda oshib ketgan. Mamlakatimizda esa tashqi qarz hajmi yalpi ichki mahsulotga nisbatan 15 foizdan oshmaydi.

Istiqlol yillarida yalpi ichki mahsulot 5,5 barobardan ko‘proq oshdi. Xarid qilish qobiliyati bo‘yicha yalpi ichki mahsulot hajmi aholi jon boshiga 4 marta o‘sdi va hozirgi kunda bu ko‘rsatkich 6,5 ming AQSH dollaridan ziyodni tashkil qilmoqda. Ke­yingi yillarda 8 foizdan ziyod barqaror yuqori iqtisodiy sur'atlar saqlab qolindi. Shuningdek, 1990-2014 yillarda sanoat mahsuloti ishlab chiqarish hajmi 4 martadan ziyod ko‘paydi. Oxirgi 10 yilda sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishning o‘rtacha yillik o‘sish sur'atlari yalpi ichki mahsulot o‘sish sur'atlaridan yuqori bo‘lib, 9 foizni tashkil qildi.

Abbos Abdupattaxovich Nabixo‘jayev - iqtisod fanlari nomzodi, yetmishdan ortiq ilmiy ishlar muallifi, 42 yildan buyon bevosita iqtisodiy sohada, ya'ni 20 yil Toshkent Iqtisodiyot universitetida o‘qituvchi, 22 yildan buyon esa O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligida mas'ul vazifalarda faoliyat yuritib kelmoqda.